Ijtimoiy tarmoqlarda yoshlar o‘rtasida “One Chip Challenge” chipsini iste’mol qilish bo‘yicha chellenj boshlangani, bu esa salomatlik bilan bog‘liq bir qancha ko‘ngilsiz holatlarga olib kelayotgani to‘g‘risida ma’lumotlar tarqaldi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi holatga munosabat bildirdi.
“Fuqarolarimizdan “Ushbu mahsulot O‘zbekistonga ham olib kelinganmi?”, “Mahsulotga Sanepidqo‘mita tomonidan sanitariya-epidemiologik xulosa berilganmi?” degan savollar kelib tushmoqda.
Sanepidqo‘mita tomonidan “One Chip Challenge” mahsuloti uchun sanitariya-epidemiologik xulosa berilmaganligini, shu bilan birga ushbu mahsulotga xulosa olish bo‘yicha tadbirkorlar tomonidan murojaat ham bo‘lmaganligini ma’lum qilamiz”, deyiladi munosabatda.
Sanepidqo‘mita fuqarolardan xavfsizligi tekshirilmagan oziq-ovqat mahsulotlarini xarid va iste’mol qilmaslikni so‘ragan.