«Maktablarda o‘rnatilgan panellarning quvvati bor yo‘g‘i 2-3 ta kompyuter va 5-6 ta yoritish chiroqlariga yetadi» - Bobur Bekmurodov

Jamiyat 20:18 / 03.07.2024 3183

28 iyun kuni Oliy Majlis Senati va «Yuksalish» harakati tashabbusi bilan «Muqobil energiya resurslarini rivojlantirish, xususan aholi, tadbirkorlik subektlari va ijtimoiy obektlarda quyosh stansiyalarini o‘rnatish» mavzusidagi jamoatchilik eshituvi tashkil etildi.

Unda senat a’zolari, mahalliy kengashlar deputatlari, vazirlik va idoralar, jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

«Bugungi kunda energiya tejamkorligini oshirish, ekologik toza, noan’anaviy va qayta tiklanuvchan energiya manbalaridan foydalanish ko‘lamini yanada kengaytirish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Shu bois, mamlakatimizda ham aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanishi masalasi dolzarb hisoblanib, bu borada so‘nggi yillarda qator me’yoriy hujjatlar, jumladan, «Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida»gi hamda «Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunlar takomillashtirildi, shuningdek, O‘zbekiston prezidenti va hukumatning bir qator qarorlari qabul qilindi», deyiladi «Yuksalish» harakati matbuot xizmati xabarida.

Eshituvda «yashil» energetikani rivojlantirish, xususan, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy qilish, shu jumladan, aholi, tadbirkorlar va ijtimoiy soha obektlarida quyosh panellarini o‘rnatish orqali energiya tejamkorligini ta’minlash borasidagi amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha Energetika vazirligi vakillari hisoboti tinglandi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida hozirgi kunda respublika bo‘ylab umumiy quvvati 1800 MVt.dan yuqori bo‘lgan 9 ta quyosh fotoelektr stansiyalari va 1 ta 200 MVt shamol elektr stansiyasi ishlab turgani va gidro elektr stansiyalarida ishlab chiqarilayotgan quvvatlarni qo‘shib hisoblaganda yashil energiyadagi ulush qariyb 25 foizdan oshgani ta’kiddlandi.

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida ushbu stansiyalarda 1 532 mln KVt soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Yil yakuniga qadar shamol va elektr stansiyalarining umumiy quvvatini 4 200 MVt.ga yetkazish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston prezidentining 2023 yil 16 fevraldagi PQ-57-sonli qaroriga ko‘ra tashkil qilingan «Yashil energiya» kompaniyasi tomonidan har bir hududga ikki nafardan vakil biriktirilib, manzilli ro‘yxat shakllantirilgan.

Unga ko‘ra, Yashil energiya kompaniyasi tomonidan respublika bo‘yicha 895 ta ijtimoiy soha obektlari va davlat idoralariga jami 40 MVt quvvatda quyosh panellari o‘rnatilgan.

Shu bilan birga, sohadagi muammo va kamchiliklarga to‘xtalib o‘tildi.

«Xususan, «Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan jamoatchilik monitoringlarida muqobil energiya resurslaridan foydalanish maqsadida ijtimoiy obektlarga quyosh panellari o‘rnatilishi jarayonlarida bir qator xato va kamchiliklarni kuzatdik. Masalan maktab, mahalla va tibbiyot muassasalarida o‘rnatilgan panellarning quvvati bor yo‘g‘i 2-3 ta kompyuter va 5-6 ta yoritish chiroqlariga yetadi, xolos. O‘rnatilgan quyosh panellariga xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassislar yetishmaydi», – dedi «Yuksalish» harakati raisi Bobur Bekmurodov.

Mutasaddi tashkilot vakillari bunga javoban bugungi kunda quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha yagona texnik talab va standartlar ishlab chiqilgani hamda ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ma’lum qildi.

Eshituv yakuni bo‘yicha muqobil energiya resurslarini rivojlantirish bo‘yicha kelgusida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga tavsiyalar berildi.

Ko‘proq yangiliklar: