Bayden debatdagi mag‘lubiyatiga izoh berdi

Jahon 19:38 / 03.07.2024 19686
Foto: Reuters

AQSh prezidenti Jo Bayden jurnalistlarga Donald Tramp bilan debat oldidan bir necha bor uzoq masofali parvozlarni amalga oshirishi uning unchalik aqlli bo‘lmagan harakati bo‘lgani, shu tufayli uning chiqishi yaxshi muvaffaqiyatli bo‘lmaganini aytdi.

«Gap shundaki, men u qadar aql-hushim joyida emasdi. Men debatlarlar oldin dunyo bo‘ylab sayohatga chiqdim va 100 ga yaqin soat belbog‘larini kesib o‘tdim. Men o‘z yordamchilarimning gapiga quloq tutmadim, qaytib kelganimdan so‘ng sahnada uxlab qolay dedim», — degan u seshanba kuni kechqurun Virjiniyada mablag‘ yig‘ish tadbiri vaqtida o‘z safari to‘g‘risida gapirarkan.

«Bu o‘zimni oqlash emas, balki tushuntirish berishdir», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Bayden 15 iyun kuni, respublikachilar nomzodi bilan debatdan ikki haftaga yaqin vaqt oldin so‘nggi safaridan qaytgandi.

U shuningdek o‘z chiqishi uchun uzr so‘ragan va noyabrda o‘tkaziladigan saylovlarda g‘olib bo‘lish uning uchun o‘ta muhim ekanini aytgan, deb xabar qiladi ABC News.

Bu vaqtda Demokratik partiyada va uni qo‘llovchi liberal OAVda 81 yoshli prezidentning salomatligi va kognitiv qobiliyatlari bo‘yicha xavotir kuchaymoqda.

Biroz avvalroq Texas shtatidan bo‘lgan demokrat kongressmen Lloyd Doggett oshkora tarzda Baydenni debatdagi muvaffaqiyatsiz chiqishdan keyin iste’foga chaqirgandi.

«Umid qilamanki, u iste’foga chiqishdek og‘riqli va qiyin qarorni qabul qiladi», — degan Doggett.

Seshanba kungi bayonotida Lloyd Doggett debatlar undagi Bayden saylov kampaniyasini davom ettirmasligi kerakligi haqidagi fikrlarni mustahkamlagan.

«Saylovchilarni tinchlantirish o‘rniga, prezident o‘zining ko‘plab yutuqlarini samarali himoya qila olmadi va Trampning ko‘plab yolg‘onlarini fosh etolmadi», — degan u.

Texasdagi Ostin shahridagi saylovchilar manfaatlarini ifoda etuvchi, ilk bor 1995 yilda qasamyod qilgan Doggettning o‘zi 77 yoshda bo‘lib, u Kongressga yana nomzodini qo‘ygan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Baydenning sog‘ligi yomonlashuvi bilan bog‘liq xavotirlar tufayli Trampga yutqazishi uchun sabablar ko‘payib ketgan.

«Unda yetakchilarning yangi avlodini ilhomlantirish imkoniyati bor, ulardan ochiq demokratik jarayon orqali mamlakatimizni birlashtirish uchun nomzodni tanlash mumkin, — degan Doggett. — Mening bu jiddiy mulohazalarni ommaga olib chiqish qarorim yengiltaklik emas va hech qanaqasiga prezident Bayden qilgan barcha ishlarga hurmatimni kamaytirib qo‘ymaydi».

Joriy haftada ayrim ko‘zga ko‘ringan demokrat kongressmenlar Baydenning kognitiv qobiliyatida yoshga bog‘liq o‘zgarishlar va uning poygani davom ettirish imkoniyati bo‘yicha xavotirlarini bildirishgandi, ammo hozircha ulardan hech biri uni o‘z nomzodini qaytarib olishga chaqirmadi.

Tig‘iz taqvim

Debatgacha bo‘lgan 23 kun davomida Bayden o‘zining nisbatan yoshroq yordamchilarini ham holdan toydirgan yuqori sur’atni saqlab qoldi: u xorijlik yetakchilar bilan ko‘rishish maqsadida ikki bor Atlantika okeanini kesib o‘tdi, keyin esa Italiyadan Kaliforniyaga uchib, saylov kampaniyasi uchun xayriya mablag‘lari yig‘ish tadbirida ishtirok etdi, keyingi kuni Vashingtonga qaytdi.

Oq uy vakillari oldinroq u debat kunida shamollab qolgani haqida xabar berishgandi.

Seshanba kungi chiqishida prezident betob bo‘lgani haqida eslatib o‘tmadi. Oq uy matbuot kotibi avvalroq debat kuni u shamollashga qarshi hech qanday dori qabul qilmaganini aytgandi.

Tramp bilan debatga tayyorlanarkan, davlat rahbari olti kunni Kemp-Devidda, Vashingtondan 100 km masofadagi prezident qarorgohida o‘tkazdi.

Seshanba kuni The New York Times gazetasi Baydenning ish taqvimi bilan tanish bo‘lgan anonim manbasiga havola qilgan holda debatlarga tayyorlangan kunlarda uning ish kuni soat 11:00 da boshlangani va har kuni uxlash uchun vaqt ajratilgani haqida xabar bergan.

Birinchi ledi Jill Bayden o‘z turmush o‘rtog‘i saylovoldi kampaniyasini davom ettirishga qodirligi va shunday qilishi kerakligini aytmoqda

Gazeta shuningdek, u safarlardan shu qadar toliqqani, shu tufayli Delaverdagi uyida to‘liq dam olishi uchun debatlarga tayyorgarlik jarayoni ikki kunga qisqartirilgani haqida yozgan.

Uning matbuot kotibi Endryu Beyts esa prezident Kemp-Deviddaligida ertalabki mashg‘ulotlardan keyinoq, soat 11:00 dan ancha oldinroq ishlashni boshlaganini aytgan.

«Murakkab vaziyat»

Baydenning yoshi — saylovlar arafasidagi eng asosiy muammolardan biri sifatida muhokama qilinmoqda: so‘rovlarga ko‘ra, saylovchilar, u samarali ishlash uchun juda qarilik qiladi deb hisoblashmoqda.

Ammo hozircha demokratlar partiya konferensiyasida aynan uni prezidentlik lavozimi uchun nomzod sifatida ko‘rsatishi kutilmoqda. Uning o‘zi yo‘ldan qaytmasligi va saylovlarda g‘alaba qozonishiga va’da qilmoqda.

Boshqa yetakchi demokratlarning ham Baydenning g‘olib chiqish qobiliyati borasida xavotirlari bor, ammo poygadan chiqish qarorini faqat uning o‘zi qabul qilishi mumkinligi, uning xarakteridan kelib chiqilsa, buning ehtimoli deyarli yo‘qligini qayd etishmoqda.

«Jo Bayden o‘zi to‘g‘ri deb biladigan ishni qilishi kerak bo‘ladi», — degan seshanba kuni MSNBC uchun bergan intervyusida Vakillar palatasining sobiq spikeri Nensi Pelosi.

Baydenning muhim tarafdorlaridan biri, Janubiy Karolinadan bo‘lgan kongressmen Jim Klaybern agar Bayden iste’foga ketadigan bo‘lsa, vitse-prezident Kamala Harris partiyadan nomzod bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan, ammo ular bundan keyin ham duet sifatida ishlashda davom etishini xohlashini qo‘shimcha qilgan.

Merilendlik demokrat, kongressmen Jyeymi Raskin dam olish kunlarida MSNBC telekanalidagi chiqishida debatlardan keyin «murakkab vaziyat» yuzaga kelganini ta’kidlagan.

«Partiyamizning barcha darajalarida juda samimiy, jiddiy va batafsil muloqotlar o‘tkazilmoqda, — deya tan olgan u. — Prezident Bayden qanday qarorga kelishidan qat’i nazar, partiyamiz hamjihatligicha qoladi va bizning kampaniyaning olib borilishi haqidagi muhokamalarimiz markazida u turishi kerak».

Adashuv va xatolar

81 yoshlilarga xos tarzda Bayden ham ko‘p marta nomlarni unutib qo‘ygan va faktlarni adashtirib yuborgan

Demokratiya partiyaga xayrixoh bo‘lgan New York Times gazetasi prezidentning salomatligiga bag‘ishlangan keng qamrovli maqolasida so‘nggi oylar va haftalarda Bayden tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan xatolar ortgani o‘zining atrofidagilarda ham tashvish uyg‘otayotgani qayd etilgan.

Garchi «ko‘p hollarda» teranlik va ishchanlikni saqlab qolayotgan bo‘lsa ham, uning yoshidagi ko‘plab odamlar qatori 81 yoshli Bayden ham noo‘rin gapirib qo‘ygan, nomlarni yoki faktlarni chalkashtirib yuborgan vaziyatlar bo‘lmoqda, deya yozadi gazeta. Ammo so‘nggi vaqtlarda u bilan bir xonada o‘tiradigan kishilar bunday qo‘pol xatoliklar ko‘paygani va yanada xavotirli tus olganini qayd etishmoqda.

Bayden parishonxotir bo‘lib qolgan oxirgi epizodlar maslahatchilarni ham, ittifoqchilarni ham xavotirga soldi, deya davom etadi gazeta.

6 iyun kuni Ikkinchi jahon urushi davridagi ittifoqchilar desant tushirganining 80 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan marosim vaqtida ham Bayden o‘zini yaxshi his qilmagandi. Keyingi kun, prezident Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuv vaqtida u Ukrainaga yangi harbiy yordam transhining maqsadini noto‘g‘ri tushuntirib, bu mablag‘lar mamlakat elektr tarmoqlarini tiklash uchun mo‘ljallanganini aytgandi.

New York Times suhbatdoshlari esa Bayden «ko‘p hollarda» aqli raso va yaxshi suhbatdosh bo‘lib qolishiga e’tibor qaratgan

10 iyun kuni u Qo‘shma Shtatlarda qullik bekor qilinganining yilligini nishonlash marosimi vaqtida bir nuqtada qotib qolgandek ko‘ringandi. 18 iyun kuni immigratsiya masalalariga bag‘ishlangan tadbirda u juda past ovozda so‘zlab, o‘zining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha kotibining ismini eslashga urinib, katta pauza qilganida yonidagilarni xavotirga solgandi: keyinroq atrofdagilar o‘sha vaqtda «larzaga tushgani»ni aytishdi. Bayden o‘shanda o‘ziga kelib, kotibning nomini eslay olgan, deya yozadi NYT.

Baydenning Italiyadagi «yettilik» sammitiga tashrifidan keyin unda ishtirok etgan yevropalik yuqori martabali mulozim prezidentning jismoniy holati o‘tgan yil kuzidan buyon ancha yomonlashganini va yevropaliklar ko‘rgan narsalaridan hayratda qolishganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika prezidenti vaqti-vaqti bilan «hushi joyida emasdek» ko‘ringan va uni sayr vaqtida suhbatga tortish qiyin bo‘lgan.

Shu bilan birga, nashr Bayden doim ham bunday holatda bo‘lmasligiga e’tibor qaratgan.

Debatdagi fiaskodan keyingi kunlarda yordamchilar va u bilan uchrashgan kishilar, jumladan xorijlik rasmiylar uning holati yaxshiligini aytib, u milliy xavfsizlik bo‘yicha muhim masalalarni muhokama qilishda qiyin munozaralarda ishtirok etganiga misollar keltirishgan.

Oq uydagilar ham prezident ajoyib formada ekanini va uning debatdagi muvaffaqiyatsiz chiqishi normadagidan vaqtincha chetga chiqish bo‘lganini aytishgan.

Oq uy shifokori, Kevin K. O’Konnor fevral oyidayoq kichik muammolarga qaramay, prezident «ish uchun yaroqli» ekanini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, testlar «Parkinson kasalligiga mos keladigan biror belgi»ni aniqlamagan.

Oq uydagilar prezident yaxshi formada ekani va demensiyaga qarshi dorilarga hojat yo‘qligini bildirgan

New York Times savollariga javob berarkan, Oq uy matbuot kotibi Beyts doktor O’Konnor Baydenda Parkinson kasalligi bor-yo‘qligini aniqlash uchun takroriy tekshiruvlar o‘tkazishga sabab topmaganini, unda kasallik alomatlari yo‘qligi va u davolanish uchun hech qanday dori qabul qilmaganini aytgan.

Prezidentning yordamchilari NYT uchun intervyuda hamon uning aqli raso ekani, diqqatini jamlay olishi va tushunarli gapirishi, debatdagi Bayden esa — ular har kuni muloqot qiladigan Bayden bo‘lmaganini bildirishgan.

Bayden endi avvalgidek emas

Ammo, umuman olganda, Bayden bugungi kunga kelib uch yarim yil muqaddam lavozimga kirishganidagi kabi holatda emas, deya yozadi gazeta, Oq uy u ba’zida joylar, odamlar va sanalarni chalkashtirib yuboradigan chiqishlarning stenogrammasiga tuzatishlar kiritishiga to‘g‘ri kelishini eslatgan holda. So‘nggi marta debatdan keyin, Bayden xayriya kechasida urush faxriylari to‘g‘risida gapira turib Fransiya va Italiyani adashtirib yuborganida ham shunday qilingandi.

Undan biroz avvalroq, Ukrainaga harbiy yordam to‘g‘risida gapirayotganida, u «Iroqqa mablag‘ ajratish» to‘g‘risida aytgandi — bu esa ilk holat emas va buni uning chiqishlari va Oq uy saytidagi stenogrammalarni solishtirish orqali ham ko‘rish mumkin.

Debatlardan keyin Baydenning atrofidagilarda prezidentning salomatligi yomonlashishi tezlashayotgani borasida xavotirlar kuchaydi. «So‘nggi ikki yilda uning holati yomonlashganini tushunish uchun Oval kabinetda Jo Bayden bilan birga o‘tirish shart emas. Farq yaqqol ko‘zga tashlanadi», — degan prezidentlik siyosati tarixchisi Duglas Brinkli NYT uchun intervyuda.

Trampga qarshi muvaffaqiyatsiz debatdan keyin Bayden uning o‘sha oqshomdagi chiqishi — baxtsiz tasodif bo‘lganini isbotlashga harakat qildi. Keyingi kuni u saylovoldi mitingida jo‘shqin nutq so‘zladi va xayriya mablag‘lari yig‘ish bo‘yicha qator tadbirlarda qatnashdi va bu uchrashuvlarda asabiy donorlarini tinchlantirishga urindi.

«U otashin nutq so‘zladi, qoqilmadi, g‘udranmadi va parishonxotir ko‘rinmadi, — degan Demokratik partiyaning Nyu Yorkdagi bo‘limi sobiq raisi, shanba kuni Ist-Hemptonda o‘tkazilgan fandrayzingda qatnashgan Judit Houp. — U o‘ziga o‘xshar, avvalgidek Jo amaki edi».

78 yoshli Tramp ham vaqt o‘tgan sayin yosharmayapti, deya qayd etadi NYT. U ko‘pincha nomlarni va tafsilotlarni chalkashtirib yuboradi va bir-biriga bog‘lanmagan gaplarni aytadi. Uning ish grafigi Baydennikidan erkinroq, u sport bilan shug‘ullanmaydi va yaqinda bo‘lib o‘tgan sud jarayonida mudrab o‘tirgandi — lekin u buni ataylab qilgan bo‘lishi ham mumkin. Uning saylovoldi shtabi uning salomatligi haqida qisqacha ma’lumot bergan — atigi uch abzatsda.

Shunga qaramay, Baydenning salomatligi saylovchilarni Trampnikidan ko‘ra ko‘proq xavotirga solmoqda, ayniqsa debatlarda respublikachilar nomzodi kutilmaganda o‘zini ancha xotirjam tutib, izchillik bilan gapirganidan keyin.

Baydenning Tramp bilan dastlabki debatlari 28 iyun kuni bo‘lib o‘tgandi. Ikki nomzodning munozaralari chog‘ida Oq uyning amaldagi rahbari parishonxotir ko‘ringan, gaplarida tutilib qolib, aksariyat hollarda tushunarsiz gapirgandi.

Demokratik partiya saflarida Baydenning elektoral istiqbollari borasidagi xavotir shu qadar kuchliki, New York Times gazetasining debatdan keyingi kundagi sonida chiqarilgan muharrir maqolasida ham ochiqchasiga prezident  saylov poygasini tark etishga chaqirilgandi.

CNN ma’lumotlariga ko‘ra, debat yakunlari bo‘yicha amerikalik teletomoshabinlarning 67 foizi g‘alabani Trampga tortiq etishgan. Baydenning muvaffaqiyatsizligi AQSh demokratik partiyasi ichida «sarosima» keltirib chiqargan, hattoki uning prezidentlik kampaniyasi homiylarida Bayden Trampga qarshi turib bera oladimi, degan ikkilanish paydo bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: