2 iyul kuni futbol muxlislari Yevro-2024 turnirida chorakfinalning barcha ishtirokchilari nomini bilib olishadi. 1/8 final doirasidagi so‘nggi uchrashuvlar Ruminiya – Niderlandiya hamda Avstriya – Turkiya o‘rtasida o‘tkaziladi. Bu jamoalarning qaysilarida turnirdagi ishtirokini davom ettirish imkoniyati ko‘proq? Quyida shu haqda.
Ruminiya — Niderlandiya: Kuman ustida bulutlar (21:00 / Zo'rTV)
Niderlandiya milliy jamoasidan bu turnirda shundog‘am katta natija kutilmayotgandi, ammo ular bunday kuchli guruhda ham yaxshiroq ishtirok etishi mumkin edi. Kuman shogirdlari Polsha bilan o‘yin oxirida zaxiradan tushgan Veghorstning goli evaziga g‘alabaga erishdi (2:1), fransuzlar bilan natija uchun o‘ynaldi (0:0), Avstriya bilan o‘yinda esa mag‘lubiyatga uchraldi (2:3). Natijada — kvartetda uchinchi o‘rin egallandi. Shu bilan birga, buning evaziga nisbatan qulayroq pley-off yo‘liga tushib olindi.
«To‘qsariqranglilar» hozircha o‘z o‘yinini topib olmadi, shunday ekan, ularga 1/8 finalda Ruminiya raqib bo‘lgani omad kelgani edi. Bu jamoa 24 yildan buyon pley-off bosqichlarida o‘ynamagan va aynan tajriba yetishmasligi pand berishi mumkin. Qolaversa, jamoa bosh murabbiyi Edvard Yordenesku diskvalifikatsiya tufayli asosiy chap qanot himoyachisi Bankudan foydalana olmaydi, bu pozitsiyaga ixtisoslashgan boshqa futbolchi esa yo‘q. Bu chindan ham jiddiy muammo.
Shubhasiz, bu juftlikda Niderlandiya favorit bo‘lib ko‘rinmoqda. Ularda nafaqat pley-offda ishtirok etish tajribasi, balki yuqori saviyali ijrochilar ham bor. Bu o‘yinda Portugaliya — Sloveniya (0:0, penaltilar bo‘yicha 3:0) o‘yinida bo‘lganga o‘xshash ssenariy kuzatilishi mumkin: ruminlar quyi blokda tartib bilan himoyalanib, qarshi hujumlarga tayanadi. Kuman esa raqib mudofaasidan o‘tish uchun kalit qidirishi, Gakpo, Frimpong va Simons kabi futbolchilarning tezkor harakatlariga umid qilishi kerak bo‘ladi.
Agar niderlandlar bu bosqichdan o‘ta olmasa, Ronaldning milliy jamoadagi kelajagi savol ostida qoladi, hozirdanoq uning boshi uzra qora bulutlar aylanmoqda. Yordeneskuda esa hech qanday bosim yo‘q, Ruminiyada u va shogirdlari allaqachon qahramonlarga aylanishgan.
«Chorakfinalga chiqish biz uchun ulkan yutuq bo‘ladi. Buni ifodalash uchun kerakli so‘zlarni topish ham qiyin. Yaxshi natijaga erishish uchun ajoyib, intizomli va yaxshi tashkillashtirilgan o‘yin namoyish etib, o‘z vaziyatlarimizdan foydalanishimiz lozim», — degan Yordenesku.
Avstriya — Turkiya: Montella Rangnik «mashina»sini qanday to‘xtatadi? (00:00 / Zo'rTV)
Avstriya Germaniyaga kuchligina tarkib bilan tashrif buyurgandi va uning guruh bosqichidagi muvaffaqiyati ko‘pchilik uchun katta sensatsiyaga aylanmadi. Ralf Rangnik maydonda faol pressing va mobillikni uyg‘unlashtirgan yangi taktik g‘oyalarni jamoaga singdirdi. Avstriyaliklar «o‘lim guruhi»da birinchi o‘rinni egalladi. Jamoa dastlab guruh favoriti Fransiyaga minimal hisobda yutqazdi (0:1), keyin esa Polsha (3:1) va Niderlandiyani yengdi (3:2). Va buni chiroyli, yuqori tezlik, total pressingga asoslangan va son-sanoqsiz vaziyatlar yaratilgan o‘yinlar bilan amalga oshirishdi.
Turkiya ham guruh bosqichida ikki g‘alabaga erishdi: avvaliga Gurjiston bilan shiddatli bahsda uch ochko olindi (3:1), 3-turda esa 70 daqiqa davomida bir kishi kam bo‘lib o‘ynagan Chexiya taslim etildi (2:1). Vinchenso Montella shogirdlari guruhda ikkinchi o‘rinni olishdi, ammo portugaliyaliklar bilan ochkolar teng kelgan holatda, o‘zaro uchrashuvdagi mag‘lubiyat (0:3) tufayli ikkinchi o‘rinda qoldi.
Turkiyaliklar hujumkor futbol namoyish etish bilan birga mudofaada raqibga ko‘p imkoniyat qoldirmoqda. Bu esa pley-offda pand berishi mumkin.
Montella tarkibda o‘zgarishlar qiladi — Oqoydin va Chalxono‘g‘li sariq kartochkalari soni ko‘payib ketgani tufayli bu o‘yinni o‘tkazib yuboradi. Bular o‘z pozitsiyalaridagi muhim futbolchilardir — mudofaa markazi va «o‘nlik». Katta ehtimol bilan, himoya markazida Demiral— Bardakchi juftligi harakat qiladi, hujumchi ortida esa Guler chiqadi.
Muxlislarni ikki jamoa ham navbatma-navbat hujum qiladigan o‘yin kutmoqda. Montella Avstriya futbolchilarini qanday to‘xtatish va imkon qadar kamroq gol o‘tkazish haqida bosh qotirishi lozim. 2024 yil martida ushbu jamoalar o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushgan va unda Turkiya 1:6 hisobida mag‘lubiyatga uchragandi. Bugun italiyalik mutaxassis o‘sha o‘yindan qanday xulosalar chiqarganiga guvoh bo‘lish mumkin.
«Biz his-tuyg‘ular ustun kelishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak: biz mart oyidagi mag‘lubiyat uchun qasos olish haqida o‘ylay olmaymiz. Turkiya Avstriya nimalarga qodirligini biladi, xotirjamlikni saqlash juda muhim», — degan Montella.
Bugungi o‘yinlar g‘oliblari keyingi bosqichda o‘zaro to‘qnashadi.
Ayni vaqtda pley-offdagi vaziyat: