Shunday bo‘lishi aniq edi. Chunki, elektr energiyasiga may oyidan boshlab limit joriy qilingan, oldindan to‘lov 2 oyga amal qilishi belgilangan, shu sababli odamlarning ko‘pchiligi may oyini eski narxda, limitlarsiz o‘tkazib olgandi. Iyundan boshlab esa «cho‘ntaklarga zarba» boshlandi.
Hozir ko‘pchilik limitni umuman bekor qilishni talab qilmoqda. Oldinga o‘tib fikr bildirsam, ijtimoiy me’yorni bekor qilmaslik kerak, lekin picha oshirish kerak, deb o‘ylayman. Quyidaa shu va boshqa xususiyatlar haqida.
Xo‘sh, nega 1 iyulda hali ishlatilmagan kilovatt-soatlar qo‘shilib qolmoqda?
Buni osongina tushuntirish mumkin. Bu qandaydir taxminan paydo bo‘lgan yoki elektr ta’minoti korxonasidagilar ishlatilmagan tok uchun odamlarning bo‘yniga osmondan olib yozib qo‘yayotgan sonlar emas. Hammasi faktik hisob-kitob asosida. Faqat bu avvalgi oyning so‘nggi kuni — 30 iyun sanasida iste’mol qilingan elektr energiyasi miqdori.
Kompyuter sutkani to‘liq yakunlamasdan uni hisoblab ololmaydi. Sutka yakunlanib, soat 00:00 bo‘lganda esa sana 1 iyulga o‘zgaradi va shu kunga yozib qo‘yiladi.
Albatta, har oyning dastlabki sanalarida «Hududiy elektr tarmoqlari» ma’lumotlarni qayta ishlash markazida profilaktika ishlarini olib boradi va hisoblangan elektr energiyasi sarfi korrektirovka qilinadi.
Xo‘p, bunisi tushunarli. Narxlar 1 iyuldan barcha uchun barobar qimmatlashdi. Limitlar to‘liq joriy etildi. Endi odamlarni «chaqa» boshladi. Ular tez-tez to‘lov qilishga majbur bo‘lishmoqda. Elektr energiyasi nazorati esa avtomatlashgan: oldindan to‘lov bo‘lmasa — tok uzib qo‘yiladi.
Bu holda elektr energiyasi, nafaqat elektr, gaz, suv va hokazolar hisobini kuzatishning soddaroq va osonroq yo‘lini aholiga taqdim etish kerak endi tezroq.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 sentabrdagi «Kommunal xizmatlarning yagona billing tizimini tashkil etish to‘g‘risida»gi 726-sonli qarori bilan bir qator vazirlik va idoralarga 2018 yil 1 avgustgacha yagona billing tizimini ishlab chiqish, 2019 yilning 1 yanvarigacha elektr va gaz ta’minoti korxonalarining axborot tizimlari va bazalarini ulash, 2021 yil 1 yanvargacha ichimlik suv ta’minoti, kanalizatsiya va issiqlik ta’minoti bazasini ulash topshirig‘i berilgan edi. Qog‘ozda qolib ketdi.
Aslida, bunday tizimni yaratishning mutlaqo qiyin joyi yo‘q. O‘g‘irlab, yovuz niyatlarda ishlatish mumkin bo‘lgan ma’lumotlar ham emas.
Hozir elektr energiyasida ham, gaz ta’minotida ham, hattoki suvda ham ta’minotchi korxonalarning rasmiy saytiga kompyuterda kirib, shaxsiy kabinetda aniq ma’lumotlarni olishim, sarf-xarajatlarni kuzatishim mumkin. Mobil qurilmalar orqali kirish va varaqlash noqulay. Qolaversa, vaqt ketadi.
Zamonaviy gadjetdan foydalanmaydigan insonlarning ko‘pchiligi bu narsalarni tushunmaydi. Sveti yo gazi o‘chib uzilib qolsa, «ha-a, puli tugabdi-da», deb to‘lab yuraveradi. Oyiga, sutkasiga qancha sarflayotganidan bexabar.
Hozir hammaning qo‘lida smartfon. Qani endi shunday bir universal mobil ilova yaratilsa, hisoblagichning yoki abonent raqami kiritilsa bas — suv, svet va gaz bo‘yicha oldindan to‘lovlar, qarzdorlik va arxiv ma’lumotlari yaqqol ko‘rinib tursa. O‘sha ilova orqali to‘lov qilish imkoniyati yaratilsa.
Bu, birinchidan, kuniga qancha sarf bo‘layotganini kuzatib turish, kerak bo‘lsa energiya resurslari va ichimlik suvni iqtisod qilishga odamlarda rag‘bat uyg‘otadi.
Ikkinchidan, turli tushunmovchiliklarning ham oldini oladi. Hozir aksariyat odamlar tushunmaganidan e’tiroz bildirishmoqda.
Endi limit masalasida bir-ikki og‘iz shaxsiy fikrim.
O‘zi 2022 yil 31 mayda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlarini o‘zgartirish to‘g‘risida»gi qarori loyihasida ijtimoiy me’yor (ya’ni, limit) elektr energiyasi uchun oyiga 250 kWh edi. Oshirilgan to‘lov uchun boshqa chegara yo‘q edi. Tabiiy gaz uchun esa isitish mavsumida oyiga 700 metr kub, boshqa mavsumlarda 200 metr kub metr limit belgilangan edi.
Bu qaror qabul qilinmadi va alal-oqibatda svet uchun norma 200 kWh’ga, gaz uchun 100/500 metr kubga tushirildi.
Gazni mayli gapirmaylik, chunki u hamma joyda ham yo‘q. Lekin 200 kWh limit o‘ta nochor qatlam uyoqda tursin, o‘rtahollar uchun ham og‘irlik qilmoqda. Oilalar yozning issiq kunlarida konditsionerdan foydalanishadi, chunki har bir xonadonda yo yosh bolalar yo qariyalar bor. Fikrimcha, ijtimoiy biroz oshirilishi kerak.
Hozir yoz. Qishda tabiiy gaz ta’minoti yo‘q joylarda ko‘pchilik elektr isitgichlar yoki yoz rejimiga o‘tkazilgan konditsionerlar bilan uy isitishadi. Ana shunday hududlarga ijtimoiy me’yorni yanada balandroq belgilash kerak bo‘ladi.
O‘zi umuman, svet narxi keskin oshirilganidan so‘ng uning ta’minotida uzilish bo‘lmasligi kerak. Ha, buni bir deganda amalga oshirib bo‘lmasligini ham tushunaman. Lekin shunday kunlarga yetib kelamiz, deb umid qilaman. Muhimi, yig‘ilayotgan mablag‘lar to‘g‘ri yo‘lda sarflansa, elektr energiyasi va gaz ta’minoti uzluksiz va keng qamrovli bo‘lsa bas.
Shuhrat Shokirjonov, jurnalist