Samarqandda sodir bo‘lgan yong‘inda beshta xonadon jiddiy zararlandi

Jamiyat 10:26 / 02.07.2024 4339

Samarqand shahridagi mahallalardan birida yuz bergan yong‘inda beshta xonadon zarar ko‘rgan. Bu haqda jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayev o‘zining Feysbukdagi sahifasida xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, hodisa 2024 yil 27 iyun kuni Samarqand shahridagi Xalqobod mahallasida sodir bo‘lgan. Jizzax ko‘chasi 2-yo‘lak 11-uydan boshlangan yong‘in qo‘shni xonadonlarga ham o‘tib ketgan.

Oqibatda o‘t chiqqan xonadon va undagi barcha narsa hamda buyumlar batamom yonib ketgan. Oila a’zolari hatto o‘z hujjatlarini ham olishga ulgurmagan. Unga tutash bo‘lgan xonadonlarda ham bino tomlari va uy shiftlari yongan.

Xabarda aytilishicha, yong‘in sodir bo‘lganda uni o‘chirishda mahalla ahli yordam bergan. Olov o‘chirilgandan so‘ng yong‘in qoldiqlarini tozalashgan. Shuningdek, mahalladoshlar yong‘indan aziyat chekkan xonadonlarga yordam berishga va’da bergan.

Toshpo‘lat Rahmatullayev yong‘indan zarar ko‘rgan xonadonlarga mahalla ahli ko‘rsatayotgan yordam yetarli bo‘lmasligini aytib, odamlarni savob ish qilishga va jabrlanuvchilarga ko‘mak berishga chaqirgan.

Hodisa haqida mutasaddi tashkilotlar tomonidan hech qayerda rasmiy ma’lumot berilmadi.

Avvalroq, Samarqand shahridagi Xoja Doniyor mahallasida yong‘in yuz bergan va unda 13 ta xonadon zarar ko‘rgan edi. O‘shanda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov yong‘inda zarar ko‘rgan xonadonlarni borib ko‘rgan va ularga yordam berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: