Parij-2024 Olimpiadasi medallari uchun o‘zbekistonlik sportchilarga mukofot puli miqdori e’lon qilindi

Sport 18:15 / 02.07.2024 32573

Poytaxtimizdagi Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida O‘zbekiston sport delegatsiyasini Parij-2024 XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlariga tantanali kuzatish marosimi tashkil etildi. 

Marosimda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov, Senati raisi Tanzila Norboyeva, vazirlik, miliy olimpiya qo‘mitasi, federatsiya rahbarlari, sportchilar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. 

Boks bo‘yicha jahon chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibi Abdumalik Halokov hamda qilichbozlik bo‘yicha Osiyo o‘yinlari g‘olibi, «Shuhrat» medali sohibi Zaynab Dayibekova Parij-2024 Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegatsiyasining bayroqdorlari bo‘lishi rasman e’lon qilindi. 

Tadbirda so‘zga chiqqan Abdulla Aripov o‘z nutqida Olimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlariga davlat tomonidan beriladigan mukofot pullari haqida aytib o‘tdi. Unga ko‘ra:

  • Olimpiada chempionlari 200 ming dollar;
  • kumush medal sohiblari 100 ming dollar;
  • bronza medal sovrindorlari esa 50 ming dollar pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston sport delegatsiyasi Tokioda o‘tgan so‘nggi Yozgi Olimpiadada 3ta oltin va 2ta bronza medal bilan umumjamoa hisobida 32-o‘rinni egallagandi. 

Eslatib o‘tamiz, Tokio-2020 Olimpiadasida ham o‘zbekistonlik sportchilarga oltin medal uchun 200 ming, kumush – 100 ming, bronza uchun 50 ming AQSh dollari mukofot puli va’da qilingan va puldan tashqari, chempionlarga «Tahoe» avtomobili hamda 3 xonali hovli sovg‘a qilingandi. Bronza medalini qo‘lga kiritgan sportchilarga esa 50 ming AQSh dollari va «Trailblazer» avtomobili bilan birga kvartira ham sovg‘a qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: