O‘zbekistonda elektron dalillar bilan ishlash tizimi takomillashtiriladi

O‘zbekiston 10:10 / 02.07.2024 1604

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida elektron dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda milliy protsessual qonunchilik hujjatlarida elektron dalillar tushunchasi, ulardan foydalanish tartibi aniq belgilanmagan. Raqamli dalillarga qanday ma’lumotlarni kiritish bo‘yicha ham normalar mavjud emas. G‘araz niyatli shaxslar tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda jinoyat sodir etish holatlari esa keskin oshib bormoqda.

Ayniqsa, kibermakonda sodir etilayotgan mulkiy turdagi jinoyatlarning ijtimoiy xavflilik darajasi yuqori bo‘lmoqda. Bunday jinoyatlardan jabrlanganlar soni va zarar ko‘lami oshib boryapti. Dunyoning istalgan hududida turib, mol-mulkni talon-toroj qilish imkoniyatining mavjudligi ham mazkur jinoyatlarni aniqlash va fosh etishning murakkabligi bilan izohlanadi.

Keyingi paytlarda jinoyatchilar aholining bankdagi pullarini talon-toroj qilishda yangi usullardan foydalanmoqda. Xususan, dasturiy apparat qurilmalari yordamida qonunga xilof tarzda bank kartasi yoki boshqa to‘lov kartalarining nusxasini yasash, soxtalashtirish orqali o‘zganing bank hisobidagi yoxud elektron to‘lov hamyonidagi pullari talon-toroj qilinmoqda.

Aksariyat rivojlangan davlatlarda bankomatlar va to‘lov terminallariga o‘rnatiladigan bank kartalarining ma’lumotlarini o‘g‘irlovchi yoki dublikatini yasovchi qurilmalarni ishlab chiqarish, tayyorlash, olib kirish, saqlash, o‘tkazish va foydalanish uchun qattiq jinoiy jazolar belgilash orqali ijobiy natijaga erishilgan.

Shundan kelib chiqib, ushbu qonun loyihasi bilan ayrim qonunlarga elektron dalil tushunchasi va ularni aniqlash, to‘plash, taqdim qilish, tekshirish, baho berish, qayd etish, saqlash tartiblari va bu jarayon ishtirokchilarining huquq va majburiyatlariga oid o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

Ko‘proq yangiliklar: