Vikipediya onlayn ensiklopediyasidagi o‘zbekcha maqolalar soni 300 mingdan oshdi. Bu haqda Yoshlar ishlari agentligining “WikiStipendiya” loyihasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bu natijaga erishishda may-iyun oylarida o‘tkazilgan “WikiStipendiya” jamoaviy marafonining 1-turi katta o‘rin tutgan.
Marafonga qadar o‘zbekcha Vikipediyadagi maqolalar soni 260 mingga yaqin edi, tur davomida ishtirokchilarning faolligi bilan maqolalar soni 300 mingdan oshdi, deyiladi xabarda.
Bu natija orqali o‘zbekcha Vikipediya dunyo vikireytingida dastlab vallliycha, keyin esa bulg‘orcha Vikipediyani ortda qoldirib, 42-o‘rindan 40-o‘ringa ko‘tarildi.
Ma’lumot uchun, “WikiStipendiya” – ko‘p tilli, erkin internet ensiklopediya bo‘lmish Vikipediyada o‘zbek tilida yozilgan maqolalarni ko‘paytirishni maqsad qilgan tashabbus. Loyiha Yoshlar ishlari agentligi va tarmoqning o‘zbekistonlik administratorlari tashabbusi bilan o‘tkazilmoqda.