“Noqonuniy ulanishlarning oldini olish emas, oqibati bilan kurashilyapti” – prezident energiya iste’molidagi o‘g‘irliklarga to‘xtaldi

O‘zbekiston 08:28 / 02.07.2024 7594

Shavkat Mirziyoyev 1 iyul kuni tarmoq va hududlarda energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha hisobot bilan tanishdi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yil boshida hududlarda elektr energiyasi va tabiiy gazni tejash bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar shakllantirilgan. U, ishlab chiqarishga xalal bermagan holda, energiya iste’molini samarali tashkil etish orqali muayyan hajmlarni tejashga qaratilgan.

Yig‘ilishda shu boradagi ishlarning bajarilish holati ko‘rib chiqilib, energiya iste’molida o‘g‘irliklar ko‘pligi ko‘rsatib o‘tilgan. Qayd etilishicha, bu yil 15 mingta holatda tabiiy gaz va 28 mingta holatda elektrdan o‘g‘irlik aniqlangan. Buning sababi sifatida hozirgi tizimda noqonuniy ulanishlarning oldini olish emas, oqibati bilan kurashilayotganligini ta’kidlangan. 

Shavkat Mirziyoyev bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, energiya sarfini qat’iy nazorat qilish, mas’ullarning javobgarligini oshirish zarurligini qayd etgan. Shuningdek, davlat rahbari sohadagi investitsiyaviy loyihalarni, chet ellik sheriklar bilan erishilgan kelishuvlarni yuqori darajada amalga oshirish kerakligini ta’kidlagan.

Yig‘ilishda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha ham axborot berilgan. Qayd etilishicha, 850 kilometr magistral tarmoq va 9 ta podstansiyani ta’mirlash bo‘yicha ishlar boshlangan. Bunga qo‘shimcha 595 kilometr elektr tarmog‘i qurilib, qator yangi podstansiyalar ishga tushiriladi. Issiqlik stansiyalari barqaror ishlashi uchun zarur yoqilg‘i, butlovchi va ehtiyot qismlar zaxiralari shakllantirilmoqda.

Yig‘ilishda mutasaddilarga energiya ishlab chiqarishni ko‘paytirish, infratuzilmani modernizatsiya qilib, energiya yetkazib berish uzluksizligini ta’minlash yuzasidan vazifalar qo‘yilgan. 

Ko‘proq yangiliklar: