Metroning yopiq vestibyullari hali ham ochilmadi – mas’ullar may oyigacha ular ochilishini va’da qilgandi

O‘zbekiston 14:56 / 02.07.2024 5213

Toshkent metrosining “Milliy bog‘”, “G‘afur G‘ulom”, “O‘zbekiston”, “Yunus Rajabiy” va “Mashinasozlar” bekatlaridagi ikkinchi kirish-chiqish joylari hamon ochilgani yo‘q. Ular betonlar va panjaralar bilan to‘sib qo‘yilgan. Kun.uz bu haqda ancha avvalroq ham yozgandi.

2024 yilning fevralida yerosti metro bekatlarida o‘rnatilgan eskalatorlarning xizmat muddatini o‘tab bo‘lganlarini bosqichma-bosqich ravishda yangilariga almashtirish rejalashtirilgani ma’lum qilingandi.

Birinchi bosqichda “Xalqlar do‘stligi” metro bekatining ikkinchi vestibyuli, Tashkent city majmuasiga olib chiquvchi tomoni 10 fevraldan 20 martga qadar yopilgandi. Uning eskalatorlari yangisiga almashtirilgach chiqish joyi 20 martdan ishga tushishi belgilangan, ammo bu bekat hanuzgacha ochilgani yo‘q. U ham to‘siqlar bilan yopib qo‘yilgan.

2023 yil oktyabrida Toshkent metropoliteni qoshida ochilgan “Toshmetrotrans” MChJ loyiha instituti tomonidan barcha yopiq vestibyullarni ishga tushirish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilib, davlat ekspertizasiga topshirilgani ma’lum qilingandi. O‘shanda mas’ullar ekspertiza xulosasi olinganidan keyin, bosqichma-bosqich ta’mirlash ishlari bilan barcha yopiq vestibyullar 2024 yilning may oyigacha ochib qo‘yilishi va’da qilgandi. Biroq bugun, 2 iyul vestibyullarning hech biri ochilgani yo‘q.

Kun.uz bu bo‘yicha Toshkent metropoliteni matbuot xizmatiga bir necha marotaba so‘rov yubordi. Ammo axborot xizmati so‘rovlarga javob bermadi.

Ko‘proq yangiliklar: