Yevropa chempionati pley-off bosqichi 2-kunining birinchi o‘yinida Angliya chorakfinal yo‘llanmasi uchun bahsda Slovakiyaga sensatsion tarzda yutqazishiga bir bahya qoldi.
Gelzenkirxendagi uchrashuvning 25-daqiqasida Ivan Shrans Pikford darvozasini ishg‘ol etib, hisobni ochdi – 1:0.
Tanaffusga qadar inglizlar deyarli vaziyat yarata olmagan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limning boshida Foden hisobni tenglashtirdi, ammo VAR tekshiruvidan so‘ng ofsayd tufayli gol inobatga olinmadi.
Turnirning amaldagi vitse-chempioni o‘yin yakuniga qadar har qancha urinmasin, Dubravka qo‘riqlayotgan Slovakiya darvozasiga gol ura olishmadi. Faqatgina o‘yin yakuniga bir daqiqa qolganida – 90+5-daqiqada Jud Bellinghem akrobatik zarbasi bilan hisobni tenglashtirib, Angliyani sharmandalikdan qutqarib qoldi – 1:1.
Asosiy vaqtda g‘olib nomi aniqlanmagach, jamoalar qo‘shimcha bo‘limlarga o‘tishdi va 91-daqiqadayoq Harri Keyn Angliyani hisobda oldinga olib chiqdi – 2:1.
Shu tariqa, Angliya sensatsiya ro‘y berishiga yo‘l qo‘ymadi va Slovakiyani turnirdan chiqarib yuborib, chorakfinalga yo‘llanma oldi. Inglizlar 1/4 finalda Shveytsariyaga qarshi maydonga tushadi. O‘yin 6 iyul kuni bo‘lib o‘tadi.
Yevro-2024. 1/8 final.
30 iyun (yakshanba)
Angliya – Slovakiya – 2:1
Gollar: 0:1 – 25 Shrans, 1:1 – 90+5 Bellinghem, 2:1 – 91 Keyn.
Angliya – Pikford, Uoker, Stounz, Gexi, Tripper (Palmer, 66), Rays, Foden, Bellinghem, Maynu (Eze, 84), Saka, Keyn.
Slovakiya – Dubravka, Pekarik, Shkrinyar, Vavro, Gansko, Kutska (Bero, 81), Lobotka, Duda (Benesh, 81), Garaslin (Suslov, 61), Shrans, Strelets (Bojyenik, 62).
Ogohlantirishlar: Gexi (3), Maynu (7), Kutska (13), Bellinghem (17), Shkrinyar (45+1), Pekarik (77).