Geely kompaniyasi o‘zining so‘nggi avlod Aegis batareyalari haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, litiy temir fosfat tarkibli batareyalar o‘zida eng ko‘p ishlash vaqti, tezkor quvvatlash va maksimal xavfsizlikni jam qilgan.
Batareyalar Geely Short Blade deb nomlanadi. Uning uzunligi 580 millimetrga teng. Bu odatiy akkumulyator batareyalaridan 40 foizga qisqaroq degani.
Akkumulyator sinovlar vaqtida 3500 sikllik quvvatlashga bardosh bera olgan. Geely bu orqali elektromobillarda bemalol 1 mln km masofa bosib o‘tish mumkinligiga ishontirmoqda. Agar bunday batareyali elektromobilda yiliga o‘rtacha 20 ming km masofa bosib o‘tilsa, batareya 50 yil xizmat qiladi.
Yangi avlod batareyasining yana bir ustunligi sifatida uning o‘ta tezkor quvvatlash funksiyasini qo‘llab-quvvatlashi hamda past haroratda ham stabil ishlay olishi ko‘rsatilmoqda.
Geely akkumulyatorlari 10 foizdan 80 foizgacha 17 daqiqa 4 soniyada quvvatlanadi. Bu standart akkumulyatorlardan 1,5 baravar (26 daqiqa atrofida) tez quvvat olishni bildiradi.
Elektromobillarda odatda sovuq kunlarda batareya quvvati tushib ketadi. Geely akkumulyatorlari esa -30°C haroratda 90,54 foiz quvvatini saqlab qolgan.
Akkumulyator turli ekstremal sharoitlarda sinovdan o‘tkazildi: korroziyaga chidamliligini tekshirish uchun dengizga uloqtirildi, o‘ta sovuq xonada ushlab turildi, 26 tonnalik yuk bilan bosib ko‘rildi va olov bilan yondirildi ham.
Yangi batareya avgust oyida sotuvga chiqishi kutilayotgan Geely Galaxy E5 krossoveri bilan birga bozorda debyut qiladi.