Afrikadagi katta “meros”ga ishongan ayol 90 ming dollarga chuv tushdi

Jamiyat 20:55 / 01.07.2024 24492

Toshkent shahrida yashovchi fuqaro xalqaro firibgarlarga aldanib, katta miqdordagi mablag‘idan ayrildi. Bu haqda Kun.uz’ga IIV Kiberxavfsizlik markazi xodimi Umidjon Hamroqulov ma’lum qildi.

Holat bundan ikki oy oldin sodir bo‘lgan. Nigeriyalik firibgarlar ijtimoiy tarmoq orqali ayolga murojaat qilib, katta kompaniya egasi vafot etgani, u o‘sha milliarderning uzoq qarindoshi bo‘lishi e’timoli borligini bildirishgan. “Qon analizingizni bizga jo‘natasiz va biz buni tekshirib ko‘ramiz. Agar qarindoshlik ehtimoli to‘g‘ri bo‘lsa, kompaniya rahbaridan qolgan 3 mlrd dollarlik meros sizga o‘tadi”, deya “qarmoq” tashlagan firibgarlar.

Ayol esa bu yolg‘onga ishongan hamda qon analizini jo‘natgan. Buni tekshirish uchun esa firibgarlarga ming dollar pul ko‘chirib bergan. Biroz vaqtdan so‘ng u haqiqatan ham o‘sha milliarderning qarindoshi bo‘lib chiqqani, minglab odamlarning qon analizlari tekshirilib ko‘rilganida aynan uniki mos kelgani haqida “xushxabar” olgan.

Shu tariqa “meros”ni rasmiylashtirish ishlari boshlangan. Firibgarlar ayolni avvaliga katta miqdordagi pulni o‘tkazishimiz uchun bankdan hisobraqam ochishingiz va unda 20 ming dollar pul bo‘lishi kerak, deya aldashgan.

So‘ngra bosqichma-bosqich “chuv tushirish” jarayoni boshlangan: ayol firibgarlarning ayrim hujjatlarni rasmiylashtirish, advokatlik xizmati va boshqa turli bahonalariga ishonib, bir necha bosqichda ularga 90 ming dollar o‘tkazib bergan. Fuqaroning buncha miqdordagi puli bo‘lmagan. Shu sababli, u o‘z yashab turgan uyini sotib yuborgan hamda bor pulini shu “meros ishi”ga “tikkan”.

Meros summasi 3 mlrd dollar, deb aytilgan. Shu sababli, fuqaro 90 ming dollar chiqim bo‘lsa ham katta miqdordagi pulga ega bo‘laman, deb o‘ylagan. Bu ish bo‘yicha anchadan beri tergov harakatlarini olib boryapmiz. Mazkur pullar birinchi bosqichda Turkiya davlatiga o‘tkazilgani aniqlandi. Turkiyaga so‘rov jo‘natib, aniqlab ko‘rsak, pullar u yerdan Yevropa davlatlariga o‘tib ketgan ekan. Shu tariqa hozirda ushbu pul 5-6 ta davlatda aylanib yuribdi. Bunaqa ssenariylarning oxirida pullar oddiy odamlarning nomlariga ochilgan bank hisobraqamlariga, ya’ni egallab olingan shaxsiy ma’lumotlar asosida ochilgan onlayn hisoblarga tushgan bo‘ladi. Bundan esa ularning o‘zlarining ham xabari bo‘lmaydi”, deydi IIV Kiberxavfsizlik markazi xodimi Umidjon Hamroqulov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda 

Umidjon Hamroqulovning qo‘shimcha qilishicha, bu kabi jinoyatlar uyushgan jinoiy guruh tomonidan sodir etiladi. Ularni ochish juda ham qiyin hisoblanadi. Dunyo tajribasida ayni shu turdagi jinoyatlarning 60-70 foizi ochilmay qoladi.

Oldinroq Navoiy shahrida ishlovchi shifokor ayol chet el firibgarlarining 4 mln dollar naqd pul jo‘natishi, uning 40 foizini o‘ziga olib qolib, qolganini ehtiyojmandlarga tarqatishi kerakligi haqidagi yolg‘oniga ishonib, 7,5 ming dollaridan ayrilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: