30 yoshni qarshi olgan so‘m, Zominda yakunlangan xalqaro maqom san’ati anjumani, 9 million tonna xirmon uygan g‘allakorlar, Buxoroda nikoh to‘yi o‘tkazilgan o‘smirlar — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Milliy valutamiz so‘m — 30 yoshda
Bugun milliy valutamiz so‘m rasman muomalaga kiritilganiga 30 yil bo‘ldi.
Mustaqilikka erishganimizdan so‘ng 1994 yilning 1 iyulida oraliq valuta sifatida muomalada bo‘lgan so‘m-kuponga 1000ga 1 nisbatda muomalaga kiritilgan ilk banknotlarimizning birortasi bugungi kungacha yetib kela olmadi.
Qiziq ma’lumot, so‘m muomalaga kiritilgan kuni 1 AQSh dollarining rasmiy kursi roppa-rosa 7 so‘m qilib belgilangan.
O‘shanda 1, 3, 5, 10, 25, 50 va 100 so‘mlik qog‘oz pullar, 1, 3, 5, 20, 50 tiyinlik tangalar muomalaga kiritilgan edi.
1 va 3 so‘mlik kichik pullardan tashqari, 5 so‘mdan 100 so‘mgacha bo‘lgan banknotlarning o‘lchami bir xil edi — hozirgi 2000 so‘mlik banknot o‘lchamida.
So‘m bu orada ko‘p tebranish va inflatsiyalarni, dizayn o‘zgarishlarini boshidan kechirdi.
1997–2001 yillarda kattaroq o‘lchamdagi 200, 500 va 1000 so‘mlik pullar muomalaga kiritildi. Bu kirill alifbosida chiqarilgan so‘nggi pullar edi.
2013 yilda lotin imlosida 5000 so‘mlik pul muomalaga kiritildi. Shu seriyadagi 10 ming va 50 ming so‘mlik pullar 2017 yilda, 2019 yilda esa 100 ming so‘mlik pullar bosib chiqarildi.
2021 yilning iyunidan boshlab so‘m dizayni o‘zgartirildi. O‘lchamlari ixchamlashtirildi. Banknotlar «Buyuk Ipak yo‘li shaharlari» seriyasida chop etildi. Banknotlarda qadimiy karvon yo‘llari xaritasi, xonatlas tasviri, qadimiy manzilgohlar va osori atiqalar tasviri tushirildi. Albatta, banknotlarning himoyasi ham kuchaytirildi.
Ayni paytda 2 ming, 5 ming, 10 ming, 20 ming, 50 ming, 100 ming va 200 ming so‘mlik banknotlar muomalada bo‘lib turibdi. Undan tashqari, 50, 100, 200, 500 va 1000 so‘mlik tangalar ham muomalada.
9 million tonnalik xirmon
O‘zbekistonda ilk marta 9 mln tonna g‘alla yetishtirildi. 4,5 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklari gektariga 100 sentnerdan yuqori hosil olgan.
Bu yilgi mavsumda suvli maydonlarga ekilgan g‘allazorlardan 2 mln 550 ming tonnadan ortiq yoki har gektar hisobiga 2,5 tonna bug‘doy jamg‘arilib, davlat xaridi to‘liq amalga oshirilgan va birjalarda sotish uchun omborlarda zaxira qilingan.
Joriy yil hosili uchun biologik eskirgan navlar o‘rniga yangi serhosil va ob-havoning noqulay sharoitlariga chidamli kuzgi bug‘doy navlarining maydoni 585 ming gektarga kengaytirilgan.
O‘tgan yili O‘zbekiston g‘allakorlari 8,1 mln tonnadan ziyod don yetishtirgandi. Suvli maydonlarda o‘rtacha hosildorlik 70,5 sentnerni tashkil etgan edi.
Zominda xalqaro maqom san’ati anjumani g‘oliblari aniqlandi
Jizzax viloyatining Zomin tumanida YuNeSKO va AYSeSKO shafeligi ostida o‘tkazilgan «II Xalqaro maqom san’ati anjumani» yakunlandi.
16 davlatdan maqomchilar qatnashgan anjumanda bosh sovrinni Eronning «Fors» ansambli solisti Ali Asqar Arabshohiy qo‘lga kiritdi. U 15 ming AQSh dollari bilan taqdirlandi.
Xalqaro hay’at tomonidan ko‘rik-tanlov ishtirokchilarining chiqishlari uchta nominatsiya bo‘yicha — «Eng yaxshi maqom ansambli», «Eng yaxshi yakkaxon cholg‘u ijrochisi» «Eng yaxshi yakkaxon xonanda» bo‘yicha baholangan.
G‘oliblar pul mukofotlari (bosh sovrin — 15 ming dollar, 1-o‘rin 10 ming dollar, 2-o‘rin 7 ming dollar hamda 3-o‘rin 5 ming dollar) diplom va haykalcha bilan taqdirlangan.
Buxoroda tineyjyerlarning nikoh to‘yi bo‘lib o‘tdi
29 iyun kuni Buxoroda 2008 yilda tug‘ilgan yigit va 2007 yilda tug‘ilgan qizning to‘yi bo‘lib o‘tgani aytilyapti. Kun.uz'dagi ma’lumotga ko‘ra yigit Shofirkon, qiz esa Qorako‘l tumanidan. To‘y bazmi shahardagi “Fathobod” marosimlar uyida o‘tkazilgan.
Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaning ma’lum qilishicha, holat yuzasidan uning idorasi va ichki ishlar organlari tomonidan o‘rganish ishlari boshlangan. Bu borada qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
Oila kodeksining 15-moddasida nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun 18 yosh etib belgilangan. Uzrli sabablar bo‘lganida, alohida hollarda nikohga kirishni xohlovchilarning iltimosiga ko‘ra tuman, shahar hokimi nikoh yoshini ko‘pi bilan 1 yilga kamaytirishi mumkin.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-3-moddasi 2-qismiga ko‘ra, ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan nikoh yoshiga yetmagan shaxsni erga berish yoxud uylantirish bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xorazmda 2,2 mlrd so‘mlik elektr energiyasi o‘g‘irlandi
Urganch tumanidagi MChJlardan birining rahbari xo‘jalik yer maydonlarini sug‘orish uchun suv nasoslarini tarmoqqa yashirincha ulab foydalanib kelayotgani fosh etildi. U jami 2,2 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.
Qayd etilishicha, hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.