1944 yil bahorda front chizig‘i SSSR chegarasidan chiqib, Sharqiy Yevropada joylashgan davlatlar hududiga ko‘chadi. O‘shanda Polsha, Vengriya, Chexoslovakiya, Bolgariya, Yugoslaviya va Albaniya kabi davlatlar aholisi nemislarni quvib borayotgan sovet harbiylarini xursand bo‘lib kutib oladi. Biroq o‘sha paytda ular keyinchalik sovetlar boshlariga qanday kunlarni solishini bilmasdi.
1945 yil 8 may kuni fashistlar Germaniyasi vakillari “Fashistlar Germaniyasining so‘zsiz kapitulyatsiyasi haqidagi Akt”ni imzolashadi va shu bilan Yevropada urush tugaydi.
Shundan so‘ng urushgacha dunyo siyosat maydonida uncha katta ta’sirga ega bo‘lmagan SSSRning obro‘si oshib ketadi. Urushning asosiy g‘olibi sifatida bu davlat o‘zi ozod qilgan mamlakatlarni qo‘l ostida saqlab qolishga qaror qiladi.
Sovetlar Sharqiy Yevropa davlatlarini o‘z ta’sir doiralarida ushlab qolishlarini ilk bor Podstam konferensiyasida ma’lum qilishadi.
Shunda AQSh, Britaniya va Fransiya rahbarlari Stalindan hech bo‘lmaganda Polshani o‘z holiga qo‘yishni va quvg‘inlikda yurgan polyak hukumatining Varshavaga qaytishiga ruxsat berishini so‘rashadi. Biroq rad javobini olishadi.
Ko‘p o‘tmay Polsha, Vengriya, Chexoslovakiya, Bolgariya, Ruminiya, Yugoslaviya, Albaniya va Germaniyaning yarmida zo‘ravonlik bilan kommunistik tuzum o‘rnatilib “sovetcha” boshqaruv usuli joriy etiladi.
Bu davlatlarda ham Moskvaning yordamida bilan ming yillar davomida shakllangan xususiy mulkchilikka asoslangan tizimni mahv etib, yer-suvlar va mol-mulklarni tortib olishadi.
Yuqoridagi davlatlar orasida ayrimlari kommunistik tuzumga qarshi bosh ko‘tarib ko‘radi. Biroq bunday harakatlar Moskva tomonidan ayovsiz bostiriladi.
Jumladan, 1953 yil 3 may kuni Bolgariyadagi tamakini qayta ishlash korxonasida, o‘sha yili 31 may 2 iyun oralig‘ida Chexoslovakiyadagi bir nechta korxonalarda, 15-18 iyun kunlarida GDRda ishchilar maoshlar kamligi, mehnat sharoiti yomonligi sababli kommunistik tuzumga qarshi namoyishlar o‘tkazishadi. Bu namoyishlarning barchasi ayovsiz tarzda bostiriladi.
SSSRga qarshi ko‘tarilgan isyonlarning uchtasi yirik ko‘lamli bo‘lgan va ularda ancha odam halok bo‘lgan, boshqalari tan jarohatlari olgan. Bular:
- 1956 yil yozda Polshaning Poznan shahrida sodir bo‘lgan antisovet g‘alayonlari;
- 1956 yilda Vengriya poytaxti Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan namoyishlar;
- 1978 yilda Chexoslovakiyada kommunistik tuzumga qarshi qo‘zg‘olon.
Har uchala hodisada ham jarayonga sovet armiyasi aralashib, qo‘zg‘olonchilar, namoyishchilar ayovsiz otib tashlanadi.
Poznandagi isyon sovetlarga qarshi keng ko‘lamda sodir bo‘lgan ilk qarshilik harakati bo‘lgani uchun alohida o‘rin tutadi. O‘sha paytda bu isyonni bostirishda Polsha mudofaa vaziri marshal Konstantin Rokossovskiy muhim rol o‘ynagan.
Rokossovskiy kim edi?
Konstantin Rokossovskiyning millati polyak bo‘lib, uning tug‘ilgan joyi biroz bahsli. Bir ma’lumotda Rokossovskiy 1889 yilda Pskov oblastida tug‘ilgani aytilsa, boshqasida Varshavada tug‘ilgani yozilgan.
Rokossovskiy tug‘ilgan paytlarda Polsha Chor Rossiyasi tarkibida edi. U 1914 yilda harbiy xizmatga chaqiriladi va Birinchi jahon urushida ishtirok etadi.
1917 yilda Rossiyada oktyabr to‘ntarishi sodir etilgach Rokossovskiy sovetlar tomoniga o‘tadi va qizil armiya safida turib juda ko‘p janglarda qatnashadi. Janglarda ko‘rsatgan natijasiga qarab unvoni ham oshib boraveradi. 1920 yilda u diviziya komandiri o‘rinbosari darajasiga chiqib borgandi.
Rossiyada fuqarolar urushi tugab, SSSR tashkil etilgandan so‘ng 1926 yilda Rokossovskiyni Mo‘g‘ulistonga yuborishadi. U Ulan-Botirdagi mo‘g‘ul diviziyasida yo‘riqchi vazifasida ishlaydi va 1928 yilda SSSRga qaytib keladi. 1929-1936 yillarda armiya brigadalarida komandirlik qiladi.
Partiyadan haydalish va uch yil qamoq
1930-yillar ikkinchi yarmida SSSRda keng ko‘lamda qatag‘onlar boshlanadi. Bu qatag‘onlar barcha sohalarni qamrab oladi va oddiy odamlardan tortib yirik davlat arboblari hamda yuqori lavozimli harbiylarni ham chetlab o‘tmaydi.
Shu jumladan, 1937 yil 27 iyun kuni Rokossovskiy “sinfiy hushyorlikni yo‘qotgani uchun” partiya safidan haydaladi. 22 iyul kuni armiya safidan bo‘shatiladi. 17 avgust kuni hibsga olinadi.
Rokossovskiyni Polsha va Yaponiya razvedkasi bilan hamkorlik qilishda ayblashadi. O‘shanda u soxta ayblovlar bilan qariyb uch yil qamoqda o‘tiradi. 1940 yil mart oyida undan barcha ayblar olib tashlanadi va aprelda ozodlikka chiqadi.
Shundan so‘ng Rokossovskiy qaytadan partiyaga kiradi. Armiyadagi ishini davom ettiradi. O‘sha yili unga general-mayor unvoni beriladi. Turli ma’lumotlarga ko‘ra uni o‘lim jazosidan Stalin olib qolgan. Sovet rahbari nega Rokossovskiyni to‘satdan afv etgani sabablari noma’lum.
Rokossovskiy urush yillarida
Rokossovkiy afv etilgandan so‘ng sovetlarga sadoqat bilan xizmat qilishda davom etadi. Germaniya SSSRga bostirib kirgach, dastlabki kunlarda u dushmanga qarshi mardonavor jang qiladi.
1941 yil iyul oyining boshlarida G‘arbiy frontdagi 4-armiya qo‘mondoni general-mayor Aleksandr Korobkov hibsga olinadi va o‘rniga Rokossovskiy tayinlanadi (Korobkov 22 iyul kuni qo‘shin ustidan nazoratni yo‘qotganlikda ayblanib otib tashlanadi. Stalin o‘lgandan so‘ng oqlanadi).
17 iyul kuni Rokossovkiy 4-armiya joylashgan joyga yetib boradi va Smolensk mudofaasi uchun janglarda qatnashadi. U shu joyda sovet qo‘shinlari qamalga tushib qolishining oldini oladi. Ana shu xizmati uchun 1941 yil 11 sentabrda Stalin Rokossovskiyga general-leytenant unvonini beradi.
Rokossovskiy o‘z armiyasi bilan Moskva va Stalingrad (hozirgi Volgagrad) mudofaalarida, Kurskdagi mashhur tanklar jangida, keyin esa Belorussiya va Polshani ozod qilishda qatnashadi.
1944 yil 29 iyunda u marshal unvonini oladi va 1944 yil noyabrda 2-Belorussiya fronti qo‘mondoni etib tayinlanadi. 1-Belorussiya fronti qo‘mondoni marshal Jukov edi.
Urush so‘ngida Rokossovkskiy Berlinni olish uchun bo‘lib o‘tgan janglarda qatnashadi. 1945 yil 24 iyun kuni Moskvada o‘tkazilgan g‘alaba paradida Stalin Jukovni emas, uni bosh qo‘mondon etib tayinlaydi.
Polsha mudofaa vaziri
1949 yilda Polsha prezidenti Boleslav Berut Stalindan mamlakat mudofaa vazirligini boshqarish uchun Rokossovskiyni Varshavaga jo‘natishni so‘raydi. Shu tariqa Rokossovskiy Polsha mudofaa vaziri etib tayinlanadi. Ko‘p o‘tmay unga Polsha marshali unvoni beriladi.
Bundan tashqari, u bir paytning o‘zida Polsha kommunistik partiyasi siyosiy byurosi a’zosi, Polsha ministrlar soveti raisi o‘rinbosari lavozimlarida ishlaydi.
1956 yil bahorda Polsha rahbari Boleslav Berut vafot etadi va uning o‘rniga Vladislav Gomulka tayinlanadi. Gomulka Stalin va kommunistik tuzumni yoqtirmasdi. Biroq o‘sha paytlarda Polsha hech qanaqasiga sovetlar iskanjasidan ozod bo‘lolmasdi va Gomulka buni yaxshi bilardi.
Ko‘p o‘tmay 1956 yilda Poznanda ishchilar namoyishi bilan boshlangan to‘s-to‘polonlar kommunistik tuzumga qarshi isyonga aylanib ketadi. Rokossovskiy mamlakat mudofaa vaziri sifatida ana shu namoyishlarni ayovsiz tarzda bostirishga boshchilik qiladi.
Gomulka mamlakat rahbari bo‘lgandan so‘ng “Stalinparast” bo‘lgan Rokossovskiy bilan kelisha olmay qoladi. Mamlakat siyosatchilari va rahbariyat ikkiga bo‘linadi. Rokossovskiy ham bo‘lgan “Stalinchilar” va Gomulka boshchiligidagi Stalinga qarshilar bir-birini yoqtirmay qoladi.
Shundan so‘ng Gomulka Rokossovskiyni Moskvaga qaytarib yuborish payiga tushadi. 1956 yil 22 oktyabr kuni Xrushchyov Polsha rahbariyatining so‘rovini qondiradi va marshalning SSSRga qaytishiga rozi bo‘ladi.
SSSRdagi faoliyat va Xrushchyovning qahriga uchrash
Rokossovskiy Moskvaga qaytgach Xrushchyov uni SSSR mudofaa vaziri o‘rinbosari etib tayinlaydi. Bu vazifada bir yil ishlagach marshal Kavkazorti harbiy okrugi qo‘mondoni etib tayinlanadi. 1958 yilda yana Mudofaa vaziri o‘rinbosarligiga qaytariladi va 1962 yilda shu vazifada ishlaydi.
1962 yil to‘satdan uni Mudofaa vaziri o‘rinbosarligidan bo‘shatishadi. Rokossovskiy suvosti kemalari avariyalarini sabablarini o‘rganish davlat komissiyasi rahbari lavozimini saqlab qoladi.
Gap shundaki, 1962 yilda Xrushchyov Rokossovskiydan kompartiyaning 20-s’yezdida so‘zlagan nutqidan kelib chiqib, Stalinning yovuz ishlari haqida maqola yozib berishni so‘raydi.
Rokossovskiy “O‘rtoq Stalin men uchun juda qadrli inson” deydi va maqola yozib berishni rad etadi. Shundan so‘ng uni Mudofaa vazirligi taftishchilari bosh taftishchisi etib tayinlashadi. Bu amalning darajasi juda past bo‘lib, u Rokossovskiy uchun surgunday joy edi.
Ma’lumot uchun, kompartiyaning 20-s’yezdi 1956 yilda bo‘lib o‘tadi va unda Nikita Xrushchev “Shaxsga sig‘inish va uning oqibatlari” haqida ma’ruza qiladi. U ma’ruzasida Stalin davrida qilingan ishlarni keskin qoralaydi. “Xalqlar dohiysi” deb ta’riflanadigan Stalinning o‘zini “qonxo‘r va zolim edi” deb ta’riflaydi.
Rokossovskiy so‘nggi ish joyida 1968 yilgacha ishlaydi. O‘sha yili 3 avgust kuni saraton bilan og‘rib yurgan marshal vafot etadi. Uni dabdaba bilan Kreml devorlari yoniga dafn etishadi.
Marshal vafot etgach SSSRda va Polshada unga yodgorliklar o‘rnatiladi, turli muassasalar, ko‘chalar, kemalar, paroxodlar va boshqa joylarga uning nomi beriladi.
Rokossovskiy sotqinmi?
45 yil sovetlar zulmi ostida yashagan Polsha 1990 yilda sotsialistik lagerdan chiqib ketadi va Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish harakatlarini boshlaydi.
Shundan so‘ng mamlakatda sovetlarga tegishli haykallar olib tashlanadi. Kommunistlar nomiga qo‘yilgan ko‘chalar va boshqa joylar nomlari o‘zgartiriladi.
Sovetlarga sadoqat bilan xizmat qilganlar istalmas shaxs bo‘lib qoladi. Rokossovskiy esa oshkora sotqin deb ataladi.
1939 yil sentabr-oktyabr oylarida Rokossovskiy qamoqda yotgani uchun nemislar va sovetlarning Polshani birgalikda bosib olish yurishlarida qatnashmagandi.
Biroq polyaklar uning 1956 yilda Poznanda sotsialistik tuzumga qarshi ko‘tarilgan isyonni bostirgani va polyak xalqiga ko‘p azoblar bergani, qonxo‘r Stalinga sodiq bo‘lganini kechira olmaydi.
Shu sababli ham bugun Polsha tarix kitoblarida Rokossovskiy polyak xalqini sovet zulmi ostida ushlab turishga yordam bergan dushman shaxs sifatida ta’riflanadi.
Bugun Vikipediyada Rokossovskiy haqidagi ma’lumotlarga qaralsa Rossiyada, Belarusda marshalning ko‘plab haykallari borligi, turli harbiy bilim yurtlariga, ko‘chalarga, maydonlarga va boshqa joylarga uning nomi qo‘yilgani haqida ma’lumotlar bor.
Biroq Rokossovskiyga Polshada haykal o‘rnatilgani yoki ko‘chalarga va boshqa joylarga nomi berilgani haqida ma’lumot topib bo‘lmaydi. Chunki polyaklar SSSR parchalanib ketgandan so‘ng uning nomini barcha joydan o‘chirishgan. Haykallarini olib tashlagan.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.