Ukrainada urushning 857-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Belarus hukumati Ukraina bilan chegarada «keskinlik o‘sgani» haqida xabar berdi. Ukraina mamlakat qurolli kuchlari Belarus uchun tahdid solmayotgani, aksincha, tahdid Minsk tomondan bo‘layotganini ma’lum qilgan.
- Kursk oblastida ukrainlar droni turar joyga hujum qilgan, deb xabar qildi gubernator vazifasini bajaruvchi. Besh kishi halok bo‘lgan.
- Yevroittifoq Rossiyaga qarshi kiritilgan qator cheklovlarni Belarusga ham tatbiq etdi — sanksiyalarni aylanib o‘tishga xalal berish uchun.
- Asirlar almashuvi doirasida qrim-tatar xalqi majlisi raisi o‘rinbosari Narimon Jalol Ukrainaga qaytdi, u anneksiya qilingan Qrimda 17 yoshli muddatni o‘tayotgandi.
- Rossiya mudofaa vazirligi Donetsk oblastida Toretsk shahri yaqinidagi Shumi posyolkasi egallangani haqida xabar berdi.
- Xalqaro valuta fondi Ukrainaga 2,2 milliard dollar ajratdi.
Dnipro o‘qqa tutilishi
Rossiya qo‘shini 28 iyun kuni kechqurun Dnipro bo‘ylab raketa zarbasi yo‘lladi, deb xabar qilgan 28 iyun kuni kechqurun Dnipropetrovsk oblasti rahbari Sergey Lisak. O‘qqa tutish natijasida to‘qqiz qavatli uy shikastlangan — uning bir necha qavatidagi uylar vayron bo‘lgan. Ukraina hukumati xabar qilishicha, 29 iyun kuni holatiga ko‘ra bir kishi halok bo‘lib, 12 kishi jarohatlangan (ulardan bir nafari yosh bola), besh kishi bedarak ketgan deb hisoblanmoqda. Xarobalar ostidan ikki kishi chiqarib olingan.
Ko‘p qavatli uydagi kvartiralardan biri to‘liq vayron bo‘lgan — unda yashovchilar bu vaqtda boshqa joyda bo‘lgani uchun omon qolishgan. Oleksandr va Olga kiyim sotib olish uchun savdo markaziga borishgan va signalizatsiya ishlab ketgani uchun uyga qaytishgan. «Xotinim savdo markazida sotib olgan kiyimlar… Bori shu, boshqa hech narsa yo‘q», — degan jurnalistlarga Oleksandr va tunni Olganing qarindoshlarinikida o‘tkazishga to‘g‘ri kelishini aytgan.
Zaporijjya oblasti bo‘ylab raketa zarbasi
29 iyun kuni Rossiya armiyasi Ukrainaning Zaporijjya oblasti Volnyansk shahriga hujum qildi. Oblast harbiy ma’muriyati rahbari Ivan Fedorov shahar o‘qqa tutilishi oqibatida yetti kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan, qurbonlardan uch nafari bolalar. Ukraina ichki ishlar vazirligi 30 iyun kuni 38 kishi yaralangani haqida xabar qilgan. Jarohatlanganlardan 12 nafari shifoxonaga yotqizilgan. «Tibbiyot xodimlari olti nafar [jabrlanuvchining] holatini og‘ir deb baholashmoqda. Yotqizilganlarda oskolka jarohatlari, kontuziya, sinish, travmatik amputatsiya qayd etilgan, — deya yozgan Fedorov o‘z telegram-kanalida. — Yaralanganlar orasida homilador ayol va to‘qqiz bola bor». 30 iyun kuni Zaporijjya oblastida motam kuni e’lon qilindi.
Ukraina qurolli kuchlarining Vovchansk atrofidagi FPV-dronlari pilotlari
Rossiya va Ukraina o‘rtasida asirlar almashuvi
Ukrainaga anneksiya qilingan Qrim, o‘zini o‘zi e’lon qilgan «DXR» hamda Belarusda qamalgan o‘nlab fuqarolar qaytishdi. Prezident Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, bu odamlar Vatikan vositachiligida asirlikdan ozod etilgan. Vatanga qaytganlar orasida qrim-tatar xalqi majlisi raisi o‘rinbosari Narimon Jalol ham bor. 2022 yil sentabrida anneksiya qilingan Qrim sudi uni gaz quvuriga diversiya uyushtirishda ayblab, 17 yil muddatga qamagandi.
Ukraina grek-katolik cherkovi ruhoniylari Bogdan Galeta va Ivana Levitskiyni ham qaytargan. Ular bosqinning ilk davrida rossiyaliklar tomonidan okkupatsiya qilingan hududlarda qolishgan, 2022 yil noyabrida ularni Berdyanskda qo‘lga olishgan va noqonuniy qurol saqlashda ayblashgandi.
Donetsk atrofidagi ukrain harbiylari
RF qurolli kuchlari Donetsk oblastida Avdiyivka tomondan (bu shahar Donetskdan 15 kilometr g‘arbda joylashgan) yurish qilishda davom etmoqda. 20 iyun kuni Rossiya qo‘shini Baxmut yaqinidagi Chasiv Yar shahridagi garnizonni hamda undan janubdagi Toretsk shahri ta’minoti olib boriladigan trassadan yetti kilometr masofada edi. Katta ehtimol bilan, ROssiya qo‘mondonligining asosiy maqsadi ushbu hududni qurshovga olish hisoblanadi.
Bundan tashqari, RF qurolli kuchlari Avdiyivkadan g‘arbdagi yana bir necha qishloqni egallagan: Sokol, Yasnobrodovka, Novopokrovske va Novoaleksandrovka. Avdiyivkadan janubroqda Rossiyaning Kuraxovo shahri tomon yurishi davom etmoqda — bu Ukraina qurolli kuchlarining Donetsk oblasti janubidagi fronti uchun logistik markazi hisoblanadi.
Donetsk o‘qqa tutilishi oqibatlari