Toshkentda “Orzu” xayriya ko‘rgazmasi davom etmoqda

O‘zbekiston 14:56 / 29.06.2024 3984

Toshkent shahridagi Fotosuratlar uyida “Orzu” xayriya ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Ko‘rgazmaga qo‘yilgan suratlar ko‘zi ojiz bolalar tasavvur olami hamda sun’iy idrok uyg‘unlashuvi asosida ishlangan bo‘lib, bu turdagi kartinalar namoyishi O‘zbekistonda ilk marta tashkil etildi.

Ko‘rgazmaga 16 nafar bolaning tasavvur olami asosida yaratilgan 20 dona surat qo‘yilgan. Kartinalar bugun, 29 iyun kuni soat 19:00 da o‘tkaziladigan auksionda sotiladi. 

Yoshlar ishlari agentligi mas’ul xodimi Mahliyo Shukurova

Yoshlar ishlari agentligi mas’ul xodimi Mahliyo Shukurova suratlarning boshlang‘ich narxlari 8 million so‘mdan boshlanishini qayd etdi. Auksionda sotilgan ijodiy ishlardan tushgan mablag‘lar ko‘zi ojiz bolalarning ko‘rish qobiliyatini tiklash uchun mo‘ljallangan operatsiyalarga yo‘naltiriladi.

Tadbir tashkilotchilarining ta’kidlashicha, loyihani amalga oshirishning dastlabki bosqichida hududlardan ko‘rishda nuqsoni bor turli yoshdagi bolalar tanlab olingan. Ular o‘zlarining xohishi va ota-onalarining roziligi asosida tanlangan. Bolalar bilan psixologlar, shifokorlar hamda jurnalistlar ishtirokida suhbat o‘tkazilib, respondentlarning dunyoqarashi, xayoloti, orzulari o‘rganilgan.

“We digital” marketing agentligi mutaxassisi Hikmatillo Ubaydullayev

Mutaxassislar jamoasi bolalar va o‘smirlarning tasavvur olami borasidagi fakt va elementlarni jamlab, matn holiga keltirishdi. To‘plangan ma’lumotlar sun’iy idrokka kiritildi va u bolalarning botiniy dunyosi aksini virtual tasvirlarga aylantirib berdi. Shundan so‘ng sun’iy idrok yaratgan suratlar rassomlar tomonidan rangtasvir ko‘rinishiga keltirildi”, — deydi asosiy g‘oya mualliflaridan biri Hikmatillo Ubaydullayev.

Suratlarni ishlashda ChatGPT, Dall-E, Midjourney, Leonardo AI kabi sun’iy idrok imkoniyatlaridan foydalanilgan.

Sun’iy idrok kuchi va inson ijodkorligi simbiozi asosida tashkil etiladigan ko‘rgazmalarni davomli qilish niyatimiz. Loyihaning keyingi bosqichlarini xalqaro miqyosda ham o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, ko‘zi ojiz bolalar tasavvur olamini 3D texnologiyalar va VR(virtual reallik) imkoniyatlaridan foydalangan holda insonlarga tanishtirish niyatimiz bor”, – deydi Hikmatillo Ubaydullayev.

Ko‘rgazma 30 iyun 17:00 gacha davom etadi.

Ma’lumot uchun, Payme, Click va Payze to‘lov xizmatlari orqali ham loyiha uchun mablag‘ xayriya qilish imkoniyati yo‘lga qo‘yilgan.

Ko‘proq yangiliklar: