Spotify musiqa striming servisi shu hafta boshida Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini faol qo‘llab-quvvatlagani uchun sanksiyalar kiritgan bir qancha rossiyalik ijrochilarning sahifalarini o‘chirib tashladi. Bu haqda 27 iyun kuni Rossiyaning «Rodnoy zvuk» Telegram-kanali xabar berdi. «Biz ushbu servis Yevropa Ittifoqi va AQSh sanksiyalariga duchor bo‘lgan artistlar akkauntlarini o‘chirib tashlaganini payqadik: ularning kartochkalaridagi barcha qo‘shiqlar yo‘qolgan, ba’zi akkauntlar esa hatto qidiruvda ham chiqmayapti», — deyiladi xabarda.
«Jabrlanuvchilar» orasida Polina Gagarina, Grigoriy Leps, Oleg Gazmanov, Shaman, Yuliya Chicherina, «Lyube» guruhi va «ehtimol boshqalar» bor», deyiladi kanal xabarida. Shu bilan birga, «ularning musiqalari» hali ham YouTube va Apple Music’da mavjud, deya qayd etadi «Rodnoy zvuk».
Bir kun oldin u shuningdek, Spotify’da bir qator rossiyalik ijrochilar - «asosan reperlar»ning sahifalari hakerlik hujumiga uchragani haqida xabar bergan edi. «Artistlarning surati buzib kiruvchilar Telegram-kanaliga havola qilib o‘zgartirildi, u yerda buzilgan akkaunt sotilyapti», deb yozgan «Rodnoy zvuk» keyinroq «sanksiya ostidagi artistlar» qo‘shiqlaridan farqli o‘laroq, reperlarning barcha relizlari joyida qolganiga aniqlik kiritib.
Spotify 2022 yil aprel oyida Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatdi
Musiqiy treklar, audiokitoblar va podkastlarni o‘z ichiga olgan dunyodagi eng yirik striming servisi Spotify 2006 yilda Stokholmda tashkil etilgan. Uning xizmatlaridan oyiga 600 milliondan ortiq kishi foydalanadi, ularning uchdan bir qismi - pulli obuna bo‘yicha.
Rossiyada servis rasman 2020 yil iyul oyida ishga tushirilgan. 2022 yilning aprel oyidan boshlab Spotify Rossiya harbiylarining Ukrainaga hujumi sababli mamlakatdagi faoliyatini to‘xtatdi. Keyinchalik kompaniya Rossiyadagi vakolatxonasini rasman yopdi va yuridik shaxsni tugatdi.
14-sanksiya paketi 24 iyundan kuchga kirdi
24 iyun kuni Yevropa Ittifoqi kengashi Ukrainaga qarshi davom etayotgan harbiy tajovuz uchun Rossiyaga qarshi joriy qilingan 14-sanksiya paketini ma’qulladi. Rossiyaning suyultirilgan gazini (STG) Yevropa portlari orqali reeksport qilishni taqiqlash, shuningdek, Rossiya floti tankerlariga qarshi asosiy taqiq bandlariga qo‘shimcha ravishda, Yevropa Ittifoqi 61 yuridik shaxs va 55 fuqaroga nisbatan sanksiya kiritdi.
Yangi sanksiyalar ro‘yxatiga, jumladan, biznesmenlar Igor Altushkin, Roman Trotsenko va Taymuraz Bolloyev, aktyor Ivan Oxlobistin, bloger Vyacheslav Manucharov va keyinchalik Spotify tomonidan akkauntlari o‘chirib tashlangan barcha «musiqiy ijrochilar» kirdi.