Moskva yaqinidagi Balashixa shahrida 29 iyun, shanbaga o‘tar kechasi Keramicheskaya ko‘chasidagi ikki qavatli yotoqxona yonib ketdi. Rasmiylarning ma’lum qilishicha, bir necha soat davom etgan yong‘in oqibatida besh kishi halok bo‘lgan.
«Keramik mikrorayonida bugun tunda ikki qavatli turar joy binosida yong‘in sodir bo‘ldi, ayni damda yong‘in to‘liq o‘chirildi», — deb yozdi shahar okrugi rahbari Sergey Yurov Telegram-kanalida. Unga ko‘ra, aholi evakuatsiya qilingan, jabrlanganlarga yordam ko‘rsatilmoqda.
Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligining «Interfaks»ga tayanib xabar berishicha, yong‘in oqibatida besh kishi qurbon bo‘lgan. Yong‘in maydoni 40 kvadrat metrni tashkil etgan. Yong‘inni o‘chirishga 63 nafar qutqaruvchi va 23 dona texnika jalb qilingan.
Yong‘inga elektr simlaridagi nosozlik sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin
Favqulodda vaziyatlar xizmati agentlikka sodir bo‘lgan voqeaning bir nechta versiyalari ko‘rib chiqilayotganini, «asosiylari orasida simlar va elektr jihozlarining nosozligi, shuningdek, fuqarolardan birining olov bilan ehtiyotsiz munosabatda bo‘lgani» borligini aytdi.
Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasining Moskva viloyati boshqarmasi ehtiyotsizlik oqibatida o‘limga sabab bo‘lish (Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 109-moddasi) moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.