Yangi tizim: Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazishda qanday o‘zgarishlar bor?

O‘zbekiston 18:53 / 28.06.2024 7669

O‘zbekistonda zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish orqali tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish va ularga malaka toifalari berish borasida mutlaqo yangi shaffof va adolatli tizim yaratilgan.

27 iyun kuni Sog‘liqni saqlash vazirligining “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash jarayonlarini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi buyrug‘i qabul qilindi. 

Ushbu hujjat bilan qanday vazifalarni amalga oshirish belgilangani haqida Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi direktori Sanjar Sharipov batafsil gapirib berdi:

— Buyruqqa asosan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatishning har bir bosqichida murojaatlar ko‘rib chiqilishini to‘g‘ridan to‘g‘ri kuzatib borish tartibi takomillashtirib borilishi belgilandi. Imtihon savollari bazasi sohadagi o‘zgarishlarga ko‘ra, har yili 1 sentabrga qadar muntazam ravishda yangilab boriladi.

Shu bilan birga, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, oliy tibbiy ta’lim muassasalari, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy hamda ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri, Toshkent shahar va viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlariga quyidagi vazifalar yuklatildi:

  • tasarrufidagi davolash-profilaktika muassasalarida faoliyat yuritayotgan shifokor va farmatsevtlarni amaldagi malaka toifasining muddati tugashidan olti oy oldin navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘tishi lozimligi to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qilish;
  • tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi bilan tanishtirilishi hamda attestatsiyadan o‘tish uchun hujjat topshirish boshlangunga qadar ularning malaka oshirishini tashkil etish;
  • tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan o‘tishi uchun hujjatlarini tayyorlashi va o‘z vaqtida topshirishiga zaruriy shart-sharoitlar yaratib berish;
  • tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini o‘z vaqtida attestatsiyadan o‘tishini ta’minlash maqsadida malaka toifasiga ega bo‘lgan va bo‘lmagan mutaxassislarning doimiy monitoringini yuritish;
  • malaka toifasiga ega bo‘lgan va bo‘lmagan tibbiyot hamda farmatsevtika xodimlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning yillik tahliliy jadvalini o‘rnatilgan tartibda keyingi yilning 1 fevraliga qadar Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markaziga topshirilishini ta’minlash.

«Yangi tizimning asosiy afzalliklaridan biri shundaki, endilikda tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining hujjat topshirish hamda attestatsiyadan o‘tish uchun ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflab poytaxtga kelishiga barham berildi. Hujjat topshirish va imtihondan o‘tish jarayonida inson omili aralashuvini minimallashtirish orqali korrupsiya xavfi va elementlari bartaraf etildi.

Shunga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimning barcha bo‘g‘inidagi muassasa rahbarlari bu haqda doimiy ravishda targ‘ibot-tashviqot va tushuntirish ishlarini olib borishi lozimligi hamda barcha turdagi firibgarlik holatlarini oldini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rishi belgilandi.

Markaz huzuridagi malaka toifasini berish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan attestatsiya komissiyalari raislari va a’zolari attestatsiyalarning o‘z vaqtida hamda belgilangan talablar asosida adolatli va shaffof o‘tkazilishida shaxsan javobgar etib belgilandi.

Bu sa’y-harakatlarning barchasi yetuk va chuqur bilimga ega, xalqaro maydonda raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: