«Natijada unchalik keng ko‘lamli bo‘lmagan yong‘in hosil bo‘lgan. Hozirgi vaqtga kelib yong‘in o‘chirilgan. Jabrlanganlar yo‘q. Eng yaqin yaholi punktigacha 3 km masofa bor. Zaruriyat tug‘ilsa odamlarni evakuatsiya qilish amalga oshiriladi», — deb yozgan Yegorov o‘z Telegram kanalida.
O‘z navbatida, Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi ertalabki kundalik xabarnomasida osmonida dronlar urib tushirilgan oblastlar qatorida Tambov oblastini sanamay o‘tgan. Rossiya harbiy idorasining ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning beshta — Bryansk, Smolensk, Kursk, Voronej va Rostov oblastlari uzra 25 ta pilotsiz parvoz qurilmalari urib tushirilgan yoki havo hujumidan mudofaa tizimlari vositasida yo‘q qilingan.
Avvalgi haftada, 20 iyun kuni Ukraina droni Tambov oblastidagi boshqa bir — Rasskazov okrugida joylashgan Platonov neft bazasiga hujum qilgan edi. Zarba natijasida ikkita rezervual yonib ketgan. Yong‘inni bir sutkada o‘chirishga muvaffaq bo‘lishgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu voqea tufayli hech kimga jabr yetmagan.
20 iyun kuni Adigeyaning Enem posyolkasidagi neft bazasi Ukrainaga tegishli pilotsiz parvoz qurilmalarining nishoniga aylangan. Zarbadan so‘ng yong‘in hosil bo‘lib, 400 metr kvadrat maydonni qoplab olgan. Hech kim jabrlanmagan.