Ijtimoiy tarmoqlarda erkak kichik yoshdagi bolani kamar bilan kaltaklayotgani aks etgan video tarqaldi. Bolalar ombudsmani holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, hodisa 2024 yil 23 iyun kuni Samarqand viloyati Toyloq tumanida sodir bo‘lgan.
36 yoshli erkak o‘zi bilan 2024 yildan birga yashab kelayotgan ayolning 2017 yilda tug‘ilgan 6 yoshli o‘g‘lini yashash xonadoni hovlisida qo‘lida bo‘lgan kamar bilan kaltaklagan.
Holat yuzasidan 24 iyun kuni tergovga qadar tekshiruv boshlangan. Kaltaklangan bolada tan jarohatlari aniqlanib, hozirda unga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Bu borada sud tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.
Shuningdek, erkak Toyloq tumani tibbiyot birlashmasi tibbiy ko‘rigidan o‘tkazilganda, uning ruhiyatida o‘zgarishlar borligi aniqlanib, Samarqand viloyati ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Uning holati yuzasidan sud-psixiatrik ekspertiza tayinlangan.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Toyloq tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Bu haqda qo‘shimcha axborot beriladi.
Avvalroq, farzandini muttasil kaltaklab kelgan buxorolik ayol 3 yilga qamalgandi.