Saidaziz “medgorodok”ka nisbatan yana bir sud boshlangani va bu ish ham uyushgan guruh bo‘lib tovlamachilik sodir etish va juda ko‘p miqdordagi firibgarlik bilan bog‘liqligi xabar qilingandi.
JIB Yunusobod tuman sudi mazkur jinoyat ishidan Sobirjon Isomuhammedovga nisbatan bo‘lgan qismini alohida ish yurituviga ajratib olish hamda unga nisbatan qidiruv e’lon qilish haqida ajrim chiqardi.
Ajrimda Isomuhammedovga nisbatan qo‘llangan garov ehtiyot chorasini aslicha qoldirish, ushlangandan so‘ng uni jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudiga keltirish belgilangan.
Dastlabki tergov organi tomonidan aniqlanishicha, jinoyat ishida asosiy figurantlardan biri bo‘lgan Sobirjon Isomuhammedov 2022 yilning avgust oylarida tanishi, 1997 yilda tug‘ilgan Rixsiddin Toxirovga Toshkent shahar, Bektemir tumani, Majnuntol mahallasi hududida joylashgan 4 gektar yer maydoni uy-joy qurilishi uchun ajratilganligini va bu yerda namunali turar joy kompleksi qurilishini ta’kidlab, uning 4,5 sotixini 15,5 ming AQSh dollariga sotishini aytgan. Aslida bu yer maydoni “Biocell” MChJga 2021 yilda zamonaviy yengil konstruksiyali issiqxona qurilishi uchun 49 yil muddatga ijara asosida ajratilgan bo‘lgan. Isomuhammedov 2022 yil avgust oyi oxirlarida Toxirovning 15,5 ming dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.
Bundan tashqari, u ayni shu usul orqali tanishi, 1978 yilda tug‘ilgan Nodir Tolipovning ham 15,5 ming AQSh dollarini qo‘lga kiritgan.
Sobirjon Isomuhammedov 2022 yil 2 oktyabr kuni “Everest Impex Ples” MChJ ta’sischilaridan biri Murod To‘xtayev bilan o‘rtalaridagi mulkiy nizoni hal qilish uchun Saidaziz Saidaliyev, Ravshanjon Alimov hamda Mirsolix Mirxo‘jayev bilan bir guruhga birlashgan. Ular Murod To‘xtayevni Mirobod tumani, Yakkachinor ko‘chasidagi biznes markazning 6-qavatida joylashgan ofisga chaqirtirib, MChJdagi 50 foizlik ulushni ularning foydasiga voz kechishini talab etishgan. Agarda voz kechmagan taqdirda jismoniy kuch ishlatish, mulklarini nobud qilish va ofisning 6-qavatidan uloqtirib yuborish bilan tahdid qilishgan.
Tergov organi bu ishda Saidaziz Saidaliyev va Mirsolix Mirxo‘jayevlarga ehtiyot chorasi sifatida qamoq qo‘llagan. Ular bilan aynan o‘xshash moddalarda ayblanayotgan Sobirjon Isomuhammedovga esa garov ehtiyot chorasi tanlangan.