Rosstatning ma’lum qilishicha, 18 iyundan 24 iyungacha iste’mol narxlari indeksi 0,22 foizga oshgan — bu yil boshidan buyon rekord kattalik bo‘lib, yillik ifodada inflatsiya so‘ngi 15 oydagi eng yuqori qiymat bo‘lmish 8,61 foizga yetgan. Oziq-ovqat infliyatsiyasi amalda ikki xonali raqamga aylangan: oziq-ovqat mahsulotlari uchun narxlarning yillik o‘sishi 9,84 foizga, meva va sabzavotlarga esa 20 foizdan oshgan.
Yil boshidan buyon mol go‘shti 7,2 foizga, qo‘y go‘shti 18,8 foizga, olmalar 29,4 foizga, karam 35,1 foizga, sabzi 34 foizga qimmatlashgan. Inflatsiya rekordchisi esa kartoshka bo‘lgan. So‘nggi hafta ichida uning narxi 7,6 foizga, yil boshidan buyon esa 82,5 foizga oshgan.
Qurilish materiallari va aviachiptalar narxi ham shiddatli o‘smoqda: yil boshidan buyon taxta va taxtadan yasalgan plitalar mos ravishda 10,7 va 14,4 foizga oshgan. Samolyotlarning ekonom klassi aviachiptalari esa 23,3 foizga oshgan.
«Inflatsiya Markaziy bank mo‘ljali yonidan o‘tib ketmoqda», — degan «Astra FM»ning investitsiyalar bo‘yicha direktori Dmitriy Polevoy: Hali yarim yil bo‘lmasdan narxlar 3,82 foizga oshib bo‘ldi, Markaziy bank esa dekabr oyiga borib 4,3–4,8 foiz oshishni taxmin qilayotgan edi.
«Benzin narxlarining o‘sishi tezlashgan ayniqsa xavotirga soluvchi tendensiya bo‘lmoqda», — degan «Alfa-bank» bosh iqtisodchisi Nataliya Orlova. Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan hafta ichida AYoQShlarda narxlar 0,41 foizga oshgan. Bu esa 2023 yilning kuzidagi yoqilg‘i krizisidan buyon maksimal kattalik. Ukraina dronlarining Rossiyaning eng yirik neftni qayta ishlash zavodlariga bergan zarbalari seriyasidan so‘ng neftchilar yoqilg‘i ishlab chiqarish rejasidan ortda qolishmoqda: ular iyun oyida ishlab chiqarishni bor-yo‘g‘i 2 foizga oshira olishgan va neft bazalarida to‘plangan zaxiralarni sarflashmoqda, deyishgan «Kommersant» nashriga vaziyatdan xabardor manbalar.
Qimmatlashayotgan benzin o‘z ortidan «tovarlarning keng doirasi»ni tortib ketishi mumkin, deya xavotirlanadi Orlova. Bunga javoban Markaziy bank yana asosiy stavkani oshirishi mumkin, u hozir 16 foiz darajasida va bu urushning dastlabki oylaridan buyon maksimal darajada, deyishmoqda Rosbank tahlilchilari. Ularning prognoziga ko‘ra, Markaziy bankning iyul oyidagi yig‘ilishida asosiy stavka 18 foizga ko‘tarilishi mumkin, inflatsiya tezlashishda davom etadigan bo‘lsa, 20 foiz darajasida ham belgilanishi ehtimoli bor.