RF Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin yana bir marta Rossiyada o‘lim jazosini qaytarishni taklif qildi. «Interfaks» xabariga ko‘ra, Bastrikin bu haqda 28 iyun kuni Peterburgdagi yuridik forumdagi chiqishi vaqtida aytib o‘tgan.
«Menda baribir bu savol qayta-qayta paydo bo‘laveradi: nega og‘ir jinoyatlar soni ortib borayotganini inobatga olgan holda, qonunchiligimizda o‘lim jazosiga kiritilgan moratoriyni bekor qilmasligimiz kerak?» — degan Bastrikin.
Tergov qo‘mitasi raisi o‘z taklifini izohlarkan, 2024 yil 22 martida «Krokus Siti Holl»dagi konsert zalida 145 kishi o‘limiga sabab bo‘lgan teraktdan misol keltirgan.
«Agar sovetlar davrida o‘lim jazosi og‘irlashtiruvchi holatlarda, ikki yoki uch kishini o‘ldirganlik uchun qo‘llangan bo‘lsa, bu 15 ayblanuvchi [«Krokus»dagi terakt bo‘yicha] eng ko‘pi bilan umrbod qamoq jazosi oladi. Bu nimani anglatadi? Uch mahal ovqatlanish, ikki soatlik sayr. Men o‘zimga ikki soat sayrni ep ko‘ra olmayman, menda bunga vaqt yo‘q. Ba’zida tushlik qilishga ham ulgurmayman. Tibbiy ko‘rik, stomatologi ham bor — ularning tishi og‘rib qolmasligi uchun. Bilasizmi, bir mahbusni qamoqda saqlab turish qanchaga tushadi? <…> Menga bir marta aytishgandi: Bir kishi uchun yiliga o‘ttiz ming rubl (). Buni bir umrga ozodlikdan mahrum etilganlarning barchasiga ko‘paytiring — bu katta budjet bo‘ladi.
Bu nima? Bu qo‘riqchilar, ular bo‘lib turgan ko‘p miqdordagi qamoqxonalarni saqlab turish xarajatlari, bu yerda shifokorlar bo‘ladi, ularga yangi yeguliklar berish kerak, oshpazlar kerak, kolbaska kesishi, kompot tayyorlashi uchun. Mana shuning uchun, menimcha, bu masalaga qaytishimiz kerak. Davolanish ham bor. (Forumning boshqa ishtirokchisi savoliga javob beradi) Har bir mahbus uchun yiliga 300 ming rubl bo‘lishi ham mumkin. <…> Shuning uchun men o‘lim jazosi tarafdoriman. Men gumanizm haqida gapiryapman, manyak 70, 80, 100 kishini o‘ldirsa va oliy jazoga — otuvga hukm qilinsa, bu o‘ta insonparvarlik bo‘ladi».
Bastrikin Rossiyada amalda bo‘lgan o‘lim jazosiga moratoriyni prezidentning tegishli farmoni bilan bekor qilishni taklif etgan. «Menga ba’zi malakali huquqshunoslar Konstitutsiyani o‘zgartirish kerakligi, referendum o‘tkazish talab etilishini aytishadi, men esa shunchaki prezident farmoni bilan o‘lim jazosiga moratoriyni bekor qilish kerak deyman», — degan TQ rahbari.
Aleksandr Bastrikin o‘tgan yillarda ham Rossiyada o‘lim jazosini tiklash lozimligi haqida gapirgandi.
- Rossiyada o‘lim jazosiga moratoriy qo‘yilgan. Oliy jazoga taqiq 1997 yildan buyon amal qilib keladi. Shunga qaramay, Rossiyada o‘lim jazosini qaytarish kerak yoki kerak emasligi haqidagi bahslar vaqti-vaqti bilan muhokama markaziga chiqadi. Bunday muhokamalarning yangi oqimi «Krokus Siti Holl»dagi teraktdan keyin boshlangandi, o‘shanda, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 145 kishi halok bo‘lgan, 551 kishi jabrlangandi.
- «Krokus»dagi teraktdan keyin «Yedinaya Rossiya» partiyasi o‘lim jazosini qaytarish masalasini «ishlab chiqish»ga va’da bergan, Konstitutsiya sudidagilar esa sud mazkur masalani muhokama qilishi mumkinligini bildirgandi. Shu bilan birga, Konstitutsiyaviy sud rahbari Valeriy Zorkin iyun oyida «amaldagi Konstitutsiyaga ko‘ra» o‘lim jazosiga qaytish imkonsizligini bildirgan. Shu fonda Russian Field tomonidan o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, so‘ralgan rossiyaliklarning 53 foizi o‘lim jazosini qaytarishni qo‘llab-quvvatlagan.
- Agar Rossiya hukumati o‘lim jazosiga moratoriyni bekor qilishga qaror qilsa, Jinoyat kodeksi qoidalariga ko‘ra, bu chora faqat kelgusida jinoyat sodir etadiganlarga qo‘llanishi mumkin. Bundan tashqari, RFning amaldagi qonunlari, hatto moratoriy bo‘lmagan taqdirda ham, terrorizmda ayblanganlar uchun o‘lim jazosini qo‘llashga imkon bermaydi, degan senator Andrey Klishas.