NATO Rossiya qo‘shinlari Ukrainada yirik yutuqlarga erishishini kutmayapti

Jahon 14:08 / 28.06.2024 3784

NATO, alyansning iste’foga chiqayotgan bosh kotibi Yyens Stoltenbergning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari Ukrainadagi yirik yutuqlarga erishishini kutmayapti. «Ular shu yil boshida va yozda yana hujum uyushtirishga harakat qilishdi, biroq hozircha faqat marginal muvaffaqiyatga erishdilar. Biz Rossiyada katta yutuqlarga erishish imkoniyati yoki kuchi bor, deb ishonish uchun hech qanday alomat yoki sabab ko‘rmayapmiz», - deydi Stoltenberg 27 iyun, payshanba kuni AFP’ga bergan intervyusida.

Alyans bosh kotibining fikricha, Moskva Ukrainaga bosimni oshirishda va hududga havo zarbalarini berishda davom etadi. Shu bilan birga, Stoltenbergning ta’kidlashicha, ukrainaliklar hali ham front chizig‘ini ushlab turishga qodir, ular ham frontda, ham Rossiyadagi nishonlarga hujumlar natijasida rossiyaliklarga katta zarar yetkazyapti.

Yyens Stoltenberg, shuningdek, Qo‘shma Shtatlar noyabr oyida bu mamlakatda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari natijalaridan qat’i nazar, NATOning ishonchli ittifoqchisi bo‘lib qolishiga ishonch bildirdi, chunki bu, uning fikricha, o‘z manfaatlariga javob beradi. Shu munosabat bilan AFP AQSh prezidenti Baydenning saylovdagi raqibi Donald Tramp saylovoldi tashviqoti chog‘ida Yevropadagi mudofaa uchun yetarli mablag‘ ajratmayotgan ittifoqchilarni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishi bilan tahdid qilganini va hatto Rossiyani bunday davlatlar bilan xohlagan ishini qilishga undaganini eslatadi. 

Zelenskiy NATOning Bryusseldagi qarorgohida 

27 iyun kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Bryusselga safari chog‘ida NATO shtab-kvartirasiga tashrif buyurdi va u yerda Stoltenberg bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuv mavzularidan biri iyul oyida Vashingtonda bo‘lib o‘tadigan NATO sammiti bo‘ldi. Zelenskiy ushbu uchrashuvga mehmon sifatida taklif qilingan edi, biroq Stoltenberg NATOda bu masala bo‘yicha konsensus yo‘qligi sababli Ukrainaning ittifoqqa erta kirishga umidlarini so‘ndirdi. 

Iyuldagi sammitda NATO davlatlari faqat Ukrainaga uzoq muddatli harbiy yordamni kafolatlashi va Germaniyaning Visbaden shahrida rejalashtirilgan NATO missiyasining shtabini ochishga, Ukrainaga qurol yetkazib berishni muvofiqlashtirishga va ukrainalik askarlarni o‘qitishga va’da berishi kutilmoqda.

NATO shtab-kvartirasiga tashrifi oldidan Zelenskiy Bryusseldagi YeI sammitida ishtirok etdi va u yerda Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen hamda Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel bilan birgalikda Ukraina va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida xavfsizlik bitimini imzoladi. 

Ko‘proq yangiliklar: