Mavsumiy xastalik: nega yozda salmonellyozga chalinish ko‘payadi?

Jamiyat 19:12 / 28.06.2024 3652

Salmonellyoz calmonella turkumiga kiruvchi bakteriyalar bo‘lib, 2000 ga yaqin serologik xillari mavjud. 700dan ko‘prog‘i odamlarda uchraydi. Kasallikning kelib chiqishi va oldini olish usullari haqida Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi ma’lumot berdi.

Qo‘mitaga ko‘ra, xastalik yil davomida kuzatilib, yoz va kuz oylarida bemorlar soni birmuncha ko‘payadi. Kasallik asosan go‘sht, sut, baliq, tuxum hamda termik ishlov berilmagan boshqa mahsulotlar – meva-sabzavot va ko‘katlarni iste’mol qilish, zararlangan ochiq suv havzalarida cho‘milish va suv iste’mol qilish, bemor bilan muloqotda bo‘lish hamda salmonellalar bilan ifloslangan idish-tovoqlar, o‘yinchoqlar va boshqa buyumlar orqali yuqadi. Shuningdek, salmonellalar havo-chang orqali ham yuqishi mumkin. Sababi bu bakteriyalar 20-25 daraja haroratda 80 kungacha yashay oladi. Xastalik yosh bolalar, homiladorlar va keksalarda nisbatan og‘irroq kechadi.

Salmonellyozning bir necha belgilari bor. Ko‘ngil aynishi, qusish, tana haroratining ko‘tarilishi, qorin og‘rig‘i, ich ketishi, umumiy zaharlanish va bosh aylanishi asosiy simptomlardir. Kasallikning inkubatsion davri 6-8 soatdan 2-3 kungacha cho‘ziladi. Ko‘pincha 12-24 soat davom etadi.

Kasallikka qarshi kurashish va uning oldini olish uchun oziq-ovqat mahsulotlarini toza saqlash, meva-sabzavotlarni yaxshilab yuvish va yeguliklarni tayyorlashda sanitariya qoidalariga qat’iy rioya qilish lozim. Shuningdek, tez buziladigan taomlarni sovitkichda saqlash, ovqatlanishdan va yegulik tayyorlashdan avval hamda hojatxonadan foydalangach, qo‘llarni sovunlab yuvish zarur.

Qo‘mita salmonellyoz bilan og‘rigan bemorlar kasalxonaga yotqizilishi, bemorning uyidagi kishilar bir hafta davomida shifokor nazoratida bo‘lishi kerakligini eslatgan.

Ko‘proq yangiliklar: