FT: AQSh va Isroil Ukrainaga Patriot tizimlari yetkazib berishni muhokama qilmoqda

Jahon 15:22 / 28.06.2024 4118

AQSh, Isroil va Ukraina Kiyevga sakkiztagacha Patriot havo mudofaa tizimini yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda 27 iyun, payshanba kuni Financial Times gazetasi muzokaralar borishidan xabardor manbalarga tayanib xabar berdi

Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, kelishuv hali yakunlangani yo‘q, lekin katta ehtimol bilan u Isroil Patriot’larni avval AQShga, u yerdan esa Ukrainaga jo‘natishini nazarda tutadi. Muzokaralar uch mamlakat vazirlari va boshqa yuqori martabali amaldorlari darajasida olib borilmoqda. 

FT eslatganidek, aprel oyida Isroil hukumati 30 yillik tarixga ega sakkizta Patriot batareyasini foydalanishdan chiqarib, ularni yanada ilg‘or tizimlarga almashtirishni bildirgan. Biroq, Livanning «Hizbulloh» harakati bilan ziddiyat keng ko‘lamli urushga aylanib ketishi mumkinligi fonida bu batareyalar hali xizmatdan olib tashlanmagan. 

Kiyevda kamida to‘rtta Patriot tizimi mavjud 

Hozirda Ukrainada kamida to‘rtta Patriot tizimi mavjud bo‘lib, ular AQSh va Germaniya tomonidan yetkazib berilgan, deya qayd etadi gazeta. Yangi ta’minotlar bo‘lsa, mamlakatning mudofaa qobiliyati sezilarli darajada mustahkamlanadi. Ayni vaqtda Isroilning Ukrainaga yordam ko‘rsatish bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etishi uning Rossiya bilan munosabatlarida o‘zgarishlar yuz berishidan darak berishi mumkin. 

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba FT’ga bergan intervyusida Kiyev «qo‘shimcha Patriot tizimlarini olish uchun dunyoning turli mamlakatlari bilan hamkorlik qilishda davom etishini» aytdi. Biroq u AQSh va Isroil ishtirokidagi muzokaralarni tasdiqlamadi. 

Nashr manbalarining ta’kidlashicha, Ukraina rasmiylari Patriot topshirilishi bo‘yicha amerikalik rasmiylar, jumladan, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken va AQSh milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jyeyk Sallivan bilan ham, bevosita Isroil vakillari bilan ham aloqada.

Ko‘proq yangiliklar: