Yevropa chempionatining navbatdagi kunida to‘rt uchrashuv C va D guruhlarining eng yaxshi jamoalarini aniqlab beradi.
Niderlandiya — Avstriya: Rangnik Kumanga qarshi (21:00 / Zo'rTV )
Ko‘pchilik Avstriyani bu turnirdagi «sirli toychoq» deb atamoqda. Ralf Rangnik o‘z shogirdlarini ular Yevropaning eng yaxshi jamoalariga raqobat tug‘dira olishiga ishontirgan. Va aftidan, bu ish bermoqda. Avstriyaning D guruhidan chiqish imkoniyatlariga shubha bilan qaragan muxlislari endi yuqoriroq o‘rinda chiqish zarurligi haqida aytishmoqda.
«Men birinchi o‘rin bilan chiqishni afzal ko‘rardim, ammo biz o‘z o‘yinimizda g‘alaba qozonishimiz va Fransiya yutqazishini kutishimiz kerak bo‘ladi, buning esa ehtimoli kam. Ikkinchi o‘rinni egallash uchun biz shunchaki ikkinchi o‘rinni olishimiz kerak. Biz o‘z ishimizni qilishni istaymiz, keyin esa boshqa jamoalarning natijalariga qaraymiz», — degan Rangnik.
Avvaliga Polshaga qarshi o‘yinda iroda ko‘rsatib g‘alaba qozongan (2:1), keyin fransuzlar bilan durang qayd etgan (0:0) niderlandlar Avstriya bilan o‘yinga guruh yetakchisi sifatida yetib kelishgan. Ronald Kuman shogirdlari uchun so‘nggi qadamni tashlash qolgan — oldingi kungi o‘yinlarda Xorvatiya Italiya bilan durang o‘ynagach, Niderlandiya kamida uchinchi o‘rin bilan keyingi bosqichda ishtirok etishi oydinlashdi.
Hozirgi birinchi o‘rinni saqlab qolishi uchun jamoa parallel uchrashuvdagi Fransiyadan yomonroq o‘ynamasligi kifoya (shu bilan birga, Avstriyadan yengilmasligi kerak).
Ralf Rangnik jamoasi Fransiya bilan o‘yinda avtogol tufayli alamli tarzda yutqazdi (0:1), keyin Polshadan to‘liq ustunlikka erishdi (3:1) va uch ochkoga ega bo‘ldi.
G‘alaba Avstriyaga keyingi bosqich yo‘llanmasini kafolatlaydi. Bu ssenariyda jamoa ikkinchi o‘rindan pastga tushib ketmasligi aniq va jamoada birinchi o‘rin uchun ham imkoniyat bo‘ladi. Agar avstriyaliklar so‘nggi turda durang o‘ynasa, uchinchi o‘rindan yuqoriga ko‘tarila olmaydi. Ammo to‘rt ochko 1/8 final uchun yetarli bo‘lishi aniq.
Hatto Avstriya bu o‘yinda yutqazsa ham (ayniqsa, minimal hisobda), uchinchi o‘rinlar orasidagi eng yaxshi to‘rtlikdan joy olishi ehtimoli yuqori. Shunday ekan, muxlislar ushbu ikki jamoani ham 1/8 finalda ko‘rishiga shubha yo‘q.
Fransiya — Polsha: Levandovskining Dortmundga qaytishi (21:00 / Zo'rTV )
Polyaklarning yo‘qotadigan narsasi yo‘q, jamoa turnirni guruh bosqichidayoq yakunlashi ma’lum bo‘lib ulgurgan. Mixal Probej kadrlar va uslub borasida o‘zgarishlarga qo‘l urib, odatdagiga qaraganda hujumroq futbol namoyish etishga harakat qiladi. Bu Levandovski uchun alohida kecha bo‘ladi, u Dortmundga, «Borussiya» safidagi yorqin to‘rt mavsum o‘tgan stadionga qaytadi.
Fransiya Yevro-2024 chempionatida hozircha birorta gol o‘tkazib yubormadi va jamoada bu borada Ispaniyaning ko‘rsatkichini takrorlash imkoniyati bor. Dide Desham shogirdlari o‘yindan o‘yinga formasini yaxshilamoqda va xotirjamlik bilan pley-offga tayyorlanmoqda. Niderlandiya bilan golsiz durangdan keyin ko‘pchilik fransuzlarni raqib darvozasi atrofida to‘pni oson yo‘qotishda aybladi, ammo, jamoadagi ichki muhit yaxshi va xavotirga sabab ko‘rinmayapti.
Mbappening holati hali ham so‘roq ostida va bu o‘yinda uning salomatligi bilan tavakkalchilik qilishga hojat ham yo‘q. Fransiya asosiy yulduzisiz ham bu safargi raqibni yenga oladi.
«Hujumda barchasi yaxshi, ammo g‘alaba uchun gol urish kerak. Biz shunga intilamiz va Polsha bilan o‘yinda hujumdagi samaradorlikni yaxshilashimizga umid qilamiz», — degan Desham.
Xorvatlar Italiya bilan o‘yinning so‘nggi daqiqalarida g‘alabani boy berib (1:1), albanlar Ispaniyaga yutqazgach (0:1), fransuzlar avtomatik ravishda pley-off yo‘llanmasiga ega bo‘lishdi. Endi ular yakuniy turda yutqazsa ham, keyingi bosqichda ishtirok etadi. Agar Fransiya Polshani yirikroq hisobda yengsa, guruhda birinchi o‘ringa ko‘tarilishi mumkin, birinchi o‘rin uchun imkoniyat durang hisobda ham saqlanib qoladi, buning uchun Niderlandiya Avstriya bilan durang o‘ynashi kerak. Bu holatda fransuzlarda urilgan gollar soni ko‘proq bo‘lishi kerak.
Angliya — Sloveniya: xorvatlar inglizlardan umid qilmoqda (00:00 / Zo'rTV )
Garet Sautgeytning uslubi ko‘p tanqidga uchrayotganiga qaramay, Angliya milliy jamoasi S guruhida peshqadamlik qilmoqda. Jamoa avvaliga serblarni qiyinchilik bilan mag‘lub etdi — 1:0, keyin esa daniyaliklar bilan ochkolarni bo‘lishib oldi — 1:1. Slovenlar esa ikki o‘yinda ham bir xil hisobda durang o‘ynadi — 1:1. Matyaj Kek shogirdlari avvaliga daniyaliklarga qarshi o‘yinda mag‘lubiyatdan qutulib qoldi, keyin esa serblar bilan uchrashuvda g‘alabani qo‘ldan chiqardi. Sakkiz uchrashuvdan iborat mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirayotgan Sloveniya hozirda guruhda uchinchi o‘rinda joylashgan va qo‘shimcha ko‘rsatkichlar tufayligina Daniyadan ortda qolmoqda.
Angliyaliklar pley-offda o‘ynashi aniq bo‘lgan. Jamoada to‘rt ochko bor — bu uchinchi o‘rin bilan ham 1/8 finalga chiqish uchun yetarli. Agar Angliya Sloveniyani mag‘lub etsa, guruhda birinchi o‘rinni kafolatlaydi. Durang inglizlarni ikkinchi o‘rindan pastga tushirib yubormaydi.
Agar Sloveniya oxirgi turda uch ochko olsa, 1/8 finalga chiqishi aniq. Voqealarning bunday variantida jamoa ikkinchi o‘rindan pastga tushmasligi tayin. Durang ham sloveniyaliklarni pley-offga olib o‘tadi, bu holatda jamoa uchinchi o‘rindan pastga tushib ketmaydi, ularning ko‘rsatkichi esa Vengriya va Xorvatiyanikidan yaxshiroq (bu jamoalar ayni vaqtda A va B guruhlarida uchinchi o‘rinni egallagan). Sloveniya 3 ta to‘p farqi bilan yutqazsa, Xorvatiyani oldinga o‘tkazib yuboradi va 1/8 finaldan umid uzadi.
Daniya — Serbiya: Mitrovich va kompaniya uchun oxirgi imkon (00:00 / Zo'rTV )
Yevro-2020 turniridagi bronza medallar egalari bu safar hali birorta g‘alabaga erishgani yo‘q. Boshqa tomondan, daniyaliklar hali hech kimga yutqazmadi ham. Ularning ikki o‘yini ham 1:1 hisobida yakunlandi. Jamoa avvaliga sloveniyaliklar bilan ochkolarni bo‘lishib oldi, keyin esa — inglizlar bilan. Daniya guruhda hozircha ikkinchi o‘rinda, Serbiya — oxirgi. Dragan Stoykovich jamoasi angliyaliklarga yutqazdi — 0:1, keyin esa sloveniyaliklar bilan o‘yinning so‘nggi daqiqasida mag‘lubiyatdan qutulib qoldi — 1:1.
S guruhidagi vaziyat ancha chigal va uchinchi o‘rin taqdiri Angliya va Sloveniya o‘rtasidagi o‘yin natijasiga ham bog‘liq, ammo Daniya va Serbiya uchun barchasi aniq: ikki jamoaga ham g‘alaba kerak.
O‘rtaga — 1/8 final yo‘llanmasi tikilgan. G‘alaba Daniyaga guruhdan chiqishni kafolatlaydi va bu natija ularni xotirjam qiladigan yagona natija. Durang yoki mag‘lubiyat ro‘y bergan taqdirda, skandinavlar taqdiri boshqalarning qo‘lida qoladi. Kasper Yulmann tavakkalchilik qilmoqchi emas — uning jamoasi Myunxenga g‘alaba uchun tashrif buyurgan.
Serbiyani faqat g‘alaba qoniqtiradi. Boshqa istalgan natija serbiyalik futbolchilarni 1/8 finalsiz qoldiradi. G‘alaba qozonilgan taqdirda Stoykovich jamoasi ochkolari sonini to‘rttaga yetkazadi va bu pley-offga chiqish uchun yetarli bo‘ladi.