Yevro-2024 turnirida V guruhi uchrashuvlari ham yakunlandi. Ispaniya 100 foizlik natija bilan birini bo‘ldi, Italiya ikkinchi o‘rinni egalladi, Xorvatiya – uchinchi o‘ringa joylashdi, Albaniya chamodanlarini tayyorlamoqda. Quyida har kungi dayjestda so‘nggi tur o‘yinlaridagi voqealar haqida.
Yevro-2024. V guruhi. 3-tur.
Ispaniya ikkinchi tarkib bilan ham g‘alabaga erishdi
Albaniya — Ispaniya 0:1
Gol: Torres (13).
Albaniya – Strakosha, Baliu, Jimsiti, Ayyeti, Mitay, Lyachi (Berisha, 70), Bayrami (Xoja, 70), Ramadani, Aslani, Asani (Muchi, 81), Manay (Broya, 59).
Ispaniya – Rayya, Navas, Laport (Le Norman, 46), Vivian, Grimaldo, Merino, Olmo (Baena, 84), Subimendi, Oyarsabal (Fermin Lopes, 62), Ferran Torres (Yamal, 71), Xoselu (Morata, 72).
Ogohlantirishlar: Bayrami (66), Berisha (89), Vivian (90).
Dastlabki turlarda g‘alaba qozongan ispanlar guruhda muddatidan oldin birinchi o‘yinni naqd qilgandi va Albaniyaga qarshi o‘yinga amalda to‘liq yangilangan tarkib bilan chiqdi — faqat Emerik Lyaport Italiya bilan o‘yinda ham boshlang‘ich tarkibda o‘ynagandi. Oldingi o‘yin bilan taqqoslaganda tarkibda 10 futbolchi almashtirilishi turnir tarixida bungacha faqat ikki marta kuzatilgandi.
O‘ziga berilgan imkoniyatdan Ferran Torres to‘liq foydalandi. «Barselona» hujumchisi 13-daqiqada Dani Olmoning ancha ortdan uzatib bergan ajoyib pasidan keyin hisobni ochdi. Ferran uchun bu gol Yevrodagi uchinchi gol (oldingi ikkitasini oldingi turnirda urgan) — «qizil furiya»da bundan ko‘proq golni faqat Alvaro Morata, Fernando Torres va David Vilya urishgan.
Ispaniya tanaffusga qadar muntazam ravishda raqib darvozasiga xavf solib turdi, ammo barcha vaziyatlar ham darvozaga zarba berishgacha yetib bormadi. Shu bilan birga, De La Fuente jamoasi to‘pga to‘liq egalik qilishga harakat qilmadi — 41 ga qarshi 59. «Burgutlar» esa vaqti-vaqti bilan tashabbusni qo‘lga olib, o‘yinni nazorat qilishdi, ammo David Rayya darvozasiga xavf sola olmadi.
Albanlardagi ishtiyoq qayergadir yo‘qolib qolgandi — jamoa gol o‘tkazib yuborganidan keyin ham oldinga tashlanmadi. Tanaffusdan keyin esa «qizil furiya» tashabbusni to‘liq qo‘lga oldi, ammo ular ham tavakkalchilik qilmadi va ikkinchi golni urishga intilmadi. Keyingi 45 daqiqalikda ispanlar zaxira o‘rindig‘ida De La Fuente o‘rnida Garet Sautgeyt o‘tirgandek edi — u ham gol o‘tkazmaslik va minimal g‘alabani ushlab qolishga e’tibor qaratib, yakunda pley-offga yuz foizlik natija bilan chiqdi. Albaniya esa uyga qaytadi.
Xorvatiyani pley-offdan bir daqiqa ajratib turgandi. Endi ko‘p narsa Angliyaga bog‘liq
Xorvatiya — Italiya 1:1
Gollar: Modrich (55) — Zakkani (90+8).
Aniq ijro etilmagan penalti: Modrich (54).
Xorvatiya – Livakovich, Stanishich, Shutalo, Pongrachich, Gvardiol, Modrich (Mayer, 80), Kovachich (Ivanushets, 70), Brozovich, Pashalich (Budimir, 46), Suchich (Perishich, 70), Kramarich (Yuranovich, 90)
Italiya – Donnarumma, Di Lorenso, Darmian (Zakkani, 81), Bastoni, Kalafiori, Dimarko (Keza, 57), Jorjinio (Fajioli, 81), Barella, Pellegrini (Frattezi, 46), Raspadori (Skamakka, 75), Retegi.
Ogohlantirishlar: Suchich (24), Modrich (60), Ivanushets (73), Pongrachich (78), Stanishich (82), Brozovich (90+1), Kalafior (90+3), Fajioli (90+6).
Ikki jamoa ham ikkinchi turda kutilgan natijaga erisha olmagandi. Xorvatiyaga pley-offni kafolatlash uchun g‘alaba kerak edi, Italiyani durang ham qoniqtirar edi. Va futbolchilar o‘yinni tetik boshlashdi — jamoalar mudofaada o‘tirmadi va tezlik bilan harakatlanishdi. Ayniqsa «Skuadra adzurra» vakillari raqib darvozasi atrofida faolroq bo‘lishdi: bo‘lim o‘rtalarida Alessandro Bastoni o‘ta qulay imkoniyatdan foydalana olmadi — u Nikolo Barellaning uzatmasidan keyin bir necha metr masofadan turib bosh bilan kuchli zarba berdi, ammo Dominik Livakovich to‘pni maydon tashqarisiga chiqarib yubordi.
O‘yinning ikkinchi bo‘limi Xorvatiya bosimi bilan boshlandi va italyanlar darvozasi atrofida xavfli vaziyatlar ko‘paydi. 54-daqiqada Danni Makkeli Davide Frattezi jarima maydonida to‘pni qo‘l bilan o‘ynagani uchun penalti belgiladi.
Janluiji Donnarumma Luka Modrichning 11 metrdan yo‘llagan zarbasini qaytardi, yarim daqiqa o‘tib Ante Budimirning darvozabon hududidan bergan zarbasini ham to‘sdi. Ammo Modrich qaytgan to‘pga ega chiqdi va «PSJ» darvozabonini baribir o‘z darvozasidan to‘p olib chiqishga majbur qildi. U bu golini nishonlash vaqtida ko‘z yoshlarini tiyib tura olmadi.
«Real» yarimhimoyachisi Yevroda gol urgan eng keksa yoshli futbolchiga aylandi (38 yoshu 289 kunlik). Uning raqibi Donnarumma esa yoshlik borasida rekord o‘rnatdi — u Yevroda 10 o‘yin o‘tkazgan eng yosh darvozabon (25 yoshu 120 kunlik).
O‘tkazib yuborilgan goldan keyin amaldagi chempionlar turnirni erta tark etish xavfi ostida qoldi — xorvatlar onlayn jadvalda ularni B guruhidagi ikkinchi o‘rindan tushirib yubordi. Luchano Spalletti tezda Federiko Kiyezani maydonga tashladi va bu o‘zgarish Italiyaning raqib hududidagi o‘yiniga tezlik qo‘shdi. «Yuventus» hujumchisi maydonga tushiboq burchak zarbasi ishladi — uning uzatmasidan keyin Bastoni yana bir o‘ta qulay vaziyatni yo‘qqa chiqardi.
Ammo Italiyaning kuchli bosimi hadeganda javob goliga sabab bo‘lmadi, uchrashuv yakunlanishiga taxminan 15 daqiqa qolganida xorvatlar raqib mudofaasida qolgan bo‘shliqlardan foydalanishga harakat qila boshladi — ammo ular ham bir necha xavfli qarshi hujumni kutilganidek yakunlay olishmadi. 87-daqiqada Janlukka Skamakka ham o‘ta qulay vaziyatni ko‘kka sovurdi — o‘ng qanotdan berilgan ideal uzatmaga u darvozabon hududida turib oyoq qo‘ya olmadi.
Qo‘shimcha daqiqalarda esa haqiqiy drama ro‘y berdi — hakam Makkeli o‘yinga sakkiz daqiqa qo‘shib bergandi. Shuning oxirgisi o‘tib borayotganida himoyachi Rikkardo Kalafiori deyarli maydon markazidan reyd uyushtirib, jarima maydonigacha yetib bordi va Mattia Dzakkanini qulay vaziyatga chiqardi — u esa to‘pga bir teginishda aniq zarba berib, Italiyani ikkinchi o‘ringa va pley-offga olib chiqdi. Buni oldinroq zaxiraga olingan Luka Modrich alam bilan kuzatishga majbur bo‘ldi.
Xorvatiya endi ikki ochko bilan uchinchi o‘rinda qoldi va eng yaxshi uchinchi o‘rin egalari sifatida guruhdan chiqishga minimal imkoniyat saqlab qolmoqda.
So‘nggi ikki jahon chempionatida bronza medallarga ega bo‘lgan jamoa turnirdagi ishtirokini davom ettirishi uchun quyidagi shartlar bajarilishi kerak bo‘ladi:
- Gurjiston Portugaliyaga yutqazishi;
- Chexiya Turkiyaga yutqazishi;
- Sloveniya Angliyaga kamida 3 ta gol farqi bilan yutqazishi (shundan keyin to‘plar nisbati xorvatlarda tenglashib, sariq va qizil kartochkalarga qaraladi);
- Daniya Serbiya ustidan g‘alaba qozonishi yoki Serbiya Daniyani kamida uchta to‘p farqi bilan yengishi.
Bu shartlardan faqat dastlabki ikkisi real ko‘rinmoqda, S guruhidagi voqealar rivoji xorvatlarni qoniqtiradigan tarzda rivojlanishiga esa deyarli umid yo‘q.