Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlarini yanada mustahkamlash bo‘yicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolani qonunga xilof ravishda diniy ta’lim olish jarayoniga jalb qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash, bunda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasini (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) qo‘shimcha bandlar bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.
Ya’ni ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bola qonunga xilof ravishda diniy ta’lim olish jarayoniga jalb qilinsa, bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha jarimaga tortiladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, BHMning 15 baravaridan 25 baravarigacha jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosini tayinlash belgilanmoqda.
Shuningdek, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolani qonunga xilof ravishda diniy ta’lim olish jarayoniga jalb qilishga, ya’ni bolani ro‘yxatdan o‘tkazilmagan yoki litsenziyaga ega bo‘lmagan tashkilotlar yoxud maxsus diniy ma’lumoti bo‘lmagan va diniy tashkilotlarning O‘zbekiston bo‘yicha markaziy boshqaruv organining ruxsatisiz diniy ta’lim berayotgan shaxslar ixtiyoriga diniy ta’lim olishi uchun topshirishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo‘yilmoqda.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingan.