Osiyo hamkorlik muloqotiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Tehron shahriga tashrif buyurgan O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahrom A’loyev kecha Eron tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Ali Bageriy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
TIV ma’lumotiga ko‘ra, muzokaralarda turli yo‘nalishlardagi ikki tomonlama munosabatlarning holati va istiqbollari muhokama qilindi. Ikki davlatning savdo-iqtisodiy sohadagi o‘zaro hamkorligi, jumladan, mamlakatlarimiz hududlari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirishga qaratilgan hududlararo transport-logistika loyihalarini amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi. Madaniy-gumanitar va turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy kun tartibining ayrim jihatlari, jumladan, Falastin muammosini tinch yo‘l bilan hal etish yuzasidan fikr almashildi.