Britaniya hukumati COVID-19 pandemiyasi davrida shifokorlar uchun himoya kiyimlari va boshqa shaxsiy himoya vositalari uchun deyarli 1,5 milliard funt sterling «ortiqcha» sarfladi, ular keyinchalik hisobdan chiqarilgan yoki yo‘q qilingan.
Britaniya matbuoti allaqachon ushbu shartnomani «Hukumatning kovid davridagi eng isrofgar buyurtmasi» deb atagan.
BBC ma’lumotlariga ko‘ra, Britaniya Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Full Support Healthcare (FSH) xususiy kompaniyasidan sotib olingan shaxsiy himoya vositalarining kamida 1,57 milliard to‘plami zarur talablarga javob berishiga qaramay, tibbiyot xodimlari tomonidan hech qachon foydalanilmagan.
Shaxsiy himoya vositalarini xarid qilish hukumatning Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy yordam departamenti (DHSC) tomonidan amalga oshirilgan. Idora kelasi hafta mamlakatda bo‘lib o‘tadigan umumiy saylovni hisobga olib, bu borada izoh berishdan bosh tortgan.
Ushbu saylovda g‘alaba qozonishga umidvor bo‘layotgan muxolifatdagi Leyboristlar partiyasi vakillari Boris Jonson hukumati tomonidan tuzilgan ushbu xaridlar bo‘yicha hukumat shartnomasini «dahshatli isrofgarchilik» deb atadi.
FSH bilan yuz niqoblari, respiratorlar, ko‘zni himoya qilish va gigiyena fartuklarini yetkazib berish bo‘yicha 1,78 milliard funt sterlinglik shartnoma 2020 yil aprel oyida, koronavirusning tez tarqalishi va u bilan bog‘liq o‘limlar sonining ko‘payishi haqida keng tarqalgan xavotirlar cho‘qqisida tuzilgan edi.
Bu butun pandemiya davridagi eng yirik eksklyuziv shartnoma (ya’ni yagona ta’minotchi bilan) bo‘ldi.
Bu Britaniyaning Kovid pandemiyasi ikki yili davomida ushbu maqsadlar uchun jami budjet xarajatlarining taxminan 13 foizini tashkil qiladi va 2020 yilgacha FSH o‘rtacha yillik foydasidan minglab marta ko‘pdir.
Kompaniyaning shartnomadan olgan aniq foydasi noma’lum, chunki 2021 yilda kompaniya egalari - er-xotin Sara va Richard Staut biznesni «maxfiylik nuqtai nazaridan» Jyersi orolidagi offshorga ko‘chirishgan.
Shu bilan birga, FSH kompaniyasi ham, uning egalari ham Buyuk Britaniyada soliq to‘laydi, shuning uchun huquq-tartibot idoralarida ularga e’tiroz yo‘q.
BBC tekshiruvi shuni ko‘rsatdiki, shartnoma bo‘yicha FSH tomonidan yetkazib berilgan 2,02 milliard birlik shaxsiy himoya vositalaridan atigi 232 millioni davlat shifoxonalari va boshqa sog‘liqni saqlash muassasalariga yetib borgan.
Sotib olingan buyumlarning 750 millionga yaqini allaqachon yoqib yuborilgan yoki boshqa yo‘l bilan yo‘q qilingan, yana 825 millioni ortiqcha zaxira hisoblanadi, ular ham katta ehtimol bilan utilizatsiya qilinadi va qayta ishlanadi.
Shunday qilib, FSH kompaniyasidan sotib olingan taxminan 1,4 milliard funt sterling (taxminan 1,78 milliard dollar) qiymatga ega himoya vositalari ishlatilmaydi va hisobdan chiqariladi.
BBC hisob-kitoblariga ko‘ra, hukumat sotib olingan ortiqcha zaxiralarni saqlash va yo‘q qilishga kamida 100 million funt sterling sarflagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, pandemiyaning ikki yilida faqat bitta davlat shartnomasi FHS bitimidan kattaroq bo‘lgan, ammo bu shartnoma bir qator aralash xizmat ko‘rsatuvchi ta’minotchilar bilan tuzilgan.