Yevropa Ittifoqi kengashi Ukrainaga qarshi davom etayotgan harbiy harakatlar uchun Rossiyaga qarshi joriy qilingan 14-sanksiya paketini nihoyat ma’qulladi. Bu haqda kengashning 24 iyun, dushanba kuni chop etilgan press-relizida aytiladi. Tez orada yangi sanksiya choralari va ro‘yxatlari rasman e’lon qilinadi. «Ushbu chora-tadbirlar Rossiya iqtisodiyotining energetika, moliya va savdo kabi qimmatli tarmoqlarini nishonga olishga mo‘ljallangan va Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini chetlab o‘tishni yanada qiyinlashtiradi», — deyiladi press-relizda.
Yangi sanksiyalar paketining asosiy bandlaridan biri Rossiya suyultirilgan tabiiy gaziga (STG) taalluqlidir: bundan buyon uchinchi davlatlar uchun mo‘ljallangan rus STGni Yevropa portlari orqali qayta eksport qilish mumkin emas. Biroq, Rossiya Federatsiyasidan Yevropa Ittifoqi davlatlarining o‘ziga STG yetkazib berishni taqiqlash joriy etilmagan. Shuningdek, neft va neft mahsulotlari narxlari chegarasini chetlab o‘tish uchun foydalanilgan Rossiya flotining 27 tankeriga, xususan, qurol-yarog‘ yoki Ukraina donini tashishda foydalanilgan kemalarga nisbatan ham sanksiyalar e’lon qilindi.
Bundan tashqari, kengaytirilgan taqiq siyosiy partiyalar, jamg‘armalar, nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT), shu jumladan, Yevropa Ittifoqidagi media-xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar hamda Rossiya jismoniy yoki yuridik shaxslari manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirilgan bo‘lsa, havo qatnovlari - xususiy reyslarga ham tegishli.
Ro‘yxatlarda - Rossiya harbiy-sanoat kompleksini qo‘llab-quvvatlagan yangi shaxslar
Shuningdek, Yevropa Ittifoqi 55 jismoniy va 61 yuridik shaxsga nisbatan sanksiyalar kiritdi. Yuridik shaxslar yoki kompaniyalar Rossiya harbiy-sanoat majmuasini (HSM) to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlagani uchun ro‘yxatga kiritilgan: gap uchinchi mamlakatlar - Xitoy, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va BAA kompaniyalari haqida ham ketyapti.
Yangi sanksiyalar ro‘yxatiga, jumladan, tadbirkorlar Igor Altushkin, Roman Trotsenko va Taymuraz Bolloyev, shuningdek, qo‘shiqchi Polina Gagarina ham kiritilgan.
Sanksiyalarni chetlab o‘tish ustidan nazorat kuchaytiriladi
Yangi paket sanksiyalardan bo‘yin tovlashga qarshi kurash choralarini kengaytiradi: ikkilamchi maqsadlarda foydalaniladigan tovarlarni uchinchi mamlakatlarga yetkazib berish yanada qattiqroq nazorat qilinadi. Yevropa Ittifoqidagi kompaniyalar uchinchi mamlakatlardagi shu’ba korxonalari jazolarni chetlab o‘tish uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan faoliyat bilan shug‘ullanmasligini shaxsan ta’minlashi shart.
Bundan tashqari, «harbiy mahsulotlar» ishlab chiqarish bo‘yicha sanoat nou-xaularini uchinchi davlat tijorat hamkorlariga o‘tkazayotgan Yevropa Ittifoqi operatorlari bunday nou-xau Rossiyaga mo‘ljallangan tovarlar uchun ishlatilmasligini ta’minlash uchun shartnoma qoidalarini kiritishlari kerak bo‘ladi.
Yevropa Ittifoqiga kirmaydigan Lixtenshteyn «Rossiyadan temir va po‘lat importiga cheklov choralarini qo‘llaydigan» hamkor davlatlar ro‘yxatiga qo‘shildi.
Rossiya moliyaviy sektori nishon ostida
«Rossiya SWIFT’i» deb ataluvchi, Markaziy bank tomonidan yaratilgan va Rossiya bilan ba’zi operatsiyalar amalga oshiriladigan moliyaviy xabarlarni uzatish tizimi (MXUT) ham Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida qoldi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshida MXUT 556 rus va xorijiy foydalanuvchilarga ega edi. Ulardan 159 tasi 20 ta xorijiy davlatdan, shu jumladan banklar soni - 58 ta. Bloomberg xabar berishicha, ular orasida Xitoy, Belarus, Armaniston, Tojikiston va Qozog‘iston banklari bor.
Bundan tashqari, Yevropa kengashi, agar tashkilotlar Rossiya harbiy-sanoat kompleksini qo‘llab-quvvatlovchi tranzaksiyalarni amalga oshirishga yordam bersa, ularga Yevropa Ittifoqidan tashqarida tashkil etilgan maqsadli kredit va moliya institutlari va kripto-aktiv provayderlari bilan operatsiyalar amalga oshirishni taqiqladi.
10 kun oldin YeI Germaniya tufayli sanksiyalar paketi bo‘yicha kelisha olmadi
Yevropa Ittifoqi 14 iyun kuni 14-sanksiya paketi bo‘yicha Germaniyani Yevropa kompaniyalarining jazo choralarini buzganlik uchun javobgarligi to‘g‘risidagi band qanoatlantirmagani bois kelisha olmadi.
Yevropa Ittifoqi Ukrainadagi harbiy mojaroni hal qilish bo‘yicha tinchlik sammiti boshlanishidan oldin ushbu paketning ma’qullanishini e’lon qilishi kutilgan edi. Biroq, Reuters manbalariga ko‘ra, Germaniya nemis sanoatiga potensial ta’siri tufayli subsidiar javobgarlik bandiga e’tiroz bildirgan.