Bryussel va Pekin Yevropa Ittifoqi Xitoydan elektromobillarga joriy qilmoqchi bo‘lgan bojxona to‘lovlari bo‘yicha «dastlabki muzokaralar uchun yo‘l xaritasi» yuzasidan kelishib oldi. Bu haqda 22 iyun kuni Xitoy Xalq Respublikasi Savdo vazirligi ma’lum qildi.
Gap Yevropa Ittifoqi va Xitoy o‘rtasida bir necha oydan beri davom etayotgan ehtimoliy adolatsiz raqobat bo‘yicha kelishmovchilik haqida bormoqda. Yevropa komissiyasi (YeK) ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy elektromobil ishlab chiqaruvchilari davlatdan katta miqdorda subsidiyalar oladi. Bu ularga raqobatchilarga qaraganda uskunalar uchun pastroq narx belgilash imkonini beradi, ushbu holat Yevropa Ittifoqi elektromobil ishlab chiqaruvchilariga iqtisodiy zarar yetkazadi, deya tushuntirdi Bryussel.
Bunga javoban YeK Xitoydan elektromobillarga qo‘shimcha bojxona to‘lovlarini joriy qilmoqchi edi. Ba’zi kompaniyalar uchun ular 38 foizga yetishi mumkin. Pekin, kutilganidek, bu qarorni tanqid qildi va Xitoyga arzon narxda yetkazib beriladigan Yevropa Ittifoqidan ayrim mahsulotlar importi narxini «tekshirishni boshladi». Bundan tashqari, Xitoy Yevropa Ittifoqidan olib kelingan benzinli avtomobillarga soliq solishni taklif qildi.
Germaniya iqtisodiyot vazirining munosabati
Germaniya iqtisodiyot vaziri Robert Habek Xitoyga uch kunlik tashrif davomida savdo mojarosini hal qilish istiqbolini olqishladi. «Bu natijadan hali uzoq, lekin hech bo‘lmaganda biz bir-birimiz bilan gaplashmoqdamiz», dedi Habek ARD telekanalidagi efirda Xitoy Savdo vazirligi va Yevrokomissiya o‘rtasidagi muzokaralar rejalari haqida.
Xitoy bozori nemis avtomobilsozlik sanoati uchun muhim ahamiyatga ega, shuning uchun Germaniya hukumati avvalroq Xitoydan elektromobillarga bojlar joriy etishni keyinga qoldirish tarafdori edi, deya qayd etadi AFP. Yevropa Ittifoqiga a’zo boshqa ba’zi davlatlar bu qarorga rozi bo‘lmadi. Biroq, Habek «ochiq savdo olami»ni «mintaqaviy proteksionistik maydon»ga aylantirmaslikka chaqirdi.
Habek Xitoyga tashrifi chog‘ida Ukrainadagi urush mavzusiga to‘xtaldi
Germaniya va Yevropa xavfsizlik sohasidagi manfaatlariga Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi bevosita daxldor, deya ta’kidladi Germaniya iqtisodiyot vaziri Pekinda XXR taraqqiyot va islohotlar davlat qo‘mitasi rahbari Chjen Shansze bilan uchrashuvda.
«Agar bu urush bo‘lmaganida va Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanmaganida, biz Xitoydan xomashyoga, texnik mahsulotlarga bog‘liqligimizni tahlil qilishda boshqacha va, albatta, bunchalik qat’iyroq yondashmagan bo‘lardik. Bu bizning bevosita munosabatlarimizga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda», - dedi Habek.
Xitoy bir necha bor Ukrainadagi urush masalasida betarafligini e’lon qildi, ammo qo‘shni davlatda harbiy harakatlar boshlanganidan keyin Rossiya Xitoyga sezilarli darajada yaqinlashdi va Pekin Rossiya prezidenti Vladimir Putinni qabul qildi. Bundan tashqari, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy avvalroq Xitoy nafaqat Shveytsariyadagi tinchlik sammitida ishtirok etishdan bosh tortgani, balki Rossiya iltimosiga ko‘ra boshqa davlatlarni ham tadbirda ishtirok etishdan qaytarganini aytgan edi.