KXDR Ukrainaga qarshi urushni davom ettirish uchun 2023 yilning ikkinchi yarmida Rossiyaga 1,6 million artilleriya snaryadlarini yetkazib bergan bo‘lishi mumkin. Bu haqda The Washington Post nashri 22 iyun kuni xabar qildi. Gazeta global xavfsizlik masalalari bilan shug‘ullanuvchi C4ADS nodavlat tashkiloti tomonidan Rossiyaning transport-logistika kompaniyasidagi anonim manbadan olingan ma’lumotlarga ishora qilmoqda.
C4ADS’ning ushbu ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil avgustidan 2024 yil yanvarigacha Rossiyaning Uzoq Sharqidagi ikkita port shahardan Ukraina bilan chegaradagi 16 ta aholi punktiga 74 ming metrik tonna yuk yetkazilgan. Bu 1,6 million artilleriya snaryadlarining og‘irligiga to‘g‘ri keladi. Belgilangan manzillarda ushbu yuklarga «o‘q-dorilar» belgisi qo‘yilgan. Yuklarning jo‘nab ketishi Shimoliy Koreyadan kelgan kemalarning portlarga yetib borishi bilan bir vaqtda yuz bergan.
The Washington Post bu ma’lumotlar KXDRdan Rossiyaga o‘q-dorilar yetkazib berilganining jiddiy bilvosita dalilidir, deb hisoblaydi. Gazeta qayd etishicha, Vladimir Putinning 2024 yil iyun oyida KXDRga tashrifi chog‘ida imzolangan «har tomonlama hamkorlik to‘g‘risida»gi kelishuv Shimoliy Koreyadan Rossiyaga o‘q-dorilar yetkazib berish uchun rasmiy asoslarni taqdim etadi.