Vetnam tashqi ishlar vaziri: AQSh - bizning «strategik hamkorimiz»

Jahon 09:45 / 24.06.2024 4920

Vetnam Qo‘shma Shtatlarni «strategik muhim hamkor» deb biladi va Oq uy bilan iqtisodiy, sarmoyaviy, atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida hamkorlikni kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Vetnam tashqi ishlar vaziri Buy Txan Shon AQSh davlat kotibining Sharqiy Osiyo va Tinch okeani masalalari bo‘yicha yordamchisi Deniyel Kritenbrink bilan uchrashuvi chog‘ida aytib o‘tdi, deb yozadi 23 iyun, yakshanba kuni Vietnam Plus gazetasi. 

Kritenbrink Vetnamga 21 iyun kuni, Rossiya prezidenti Vladimir Putin tashrifidan bir kun o‘tib amaliy tashrif bilan keldi. Davlat kotibi yordamchisi va Vetnam tashqi ishlar vazirligi rahbari o‘rtasidagi uchrashuv shu kuni bo‘lib o‘tdi, deya aniqlik kiritadi gazeta. 

«Vetnam bir-birining mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi va siyosiy institutlarini hurmat qilish asosida samarali, barqaror va mazmunli rivojlanish yo‘lida Qo‘shma Shtatlar bilan keng qamrovli strategik hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashishga tayyor», — deya Buy Txan Shonning so‘zlarini keltiradi Vietnam Plus. 

O‘z navbatida, Deniyel Kritenbrink AQShning «kuchli, mustaqil, o‘ziga ishongan va gullab-yashnagan Vetnamni» qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini tasdiqladi, deb yozadi gazeta. 

Rossiya va Vetnam mudofaa sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi 

20 iyun kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Xanoyda Vetnam prezidenti To Lam va mamlakat Kommunistik partiyasi rahbari Nguyen Fu Chong bilan uchrashdi. Tashrif yakunlari bo‘yicha ta’lim, tibbiyot, energetika, mudofaa sohalarida ikki tomonlama hamkorlikka oid o‘ndan ortiq shartnomalar imzolandi. 

«Mudofaa va xavfsizlik sohasidagi o‘zaro hamkorlik Rossiya-Vetnam munosabatlari tizimida alohida o‘rin tutadi» va uchinchi davlatlarga qarshi qaratilmagan, deya ta’kidladi tomonlar. Bunday hamkorlikning maqsadi «Osiyo-Tinch okeani mintaqasida va butun dunyoda tinchlik, barqarorlik va barqaror rivojlanishni ta’minlashga» hissa qo‘shishdir, deyiladi TASS iqtibos keltirgan hujjatda.

Ko‘proq yangiliklar: