Ukraina harbiylari AQShdan Rossiyadagi nishonlarga zarba berish uchun uzoq masofali ATACMS raketalaridan foydalanishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishni so‘radi. Bu haqda Associated Press agentligi Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) qo‘mondonlariga tayanib yozmoqda. Ular so‘zlariga ko‘ra, Oq uy ruxsatisiz Rossiyadagi nishonlarga zarba berish uchun uzoq masofali boshqariladigan raketalarni qo‘llashda Ukraina Qurolli kuchlarining «qo‘llari bog‘langan».
ATACMS raketalaridan foydalanish Rossiya armiyasining «oldingi chiziqdan 100-150 kilometr uzoqlikda» joylashgan «qo‘mondonlik punktlarini» yo‘q qilishga yordam beradi, dedi Ukraina Qurolli kuchlari artilleriya bo‘linmasining «Gefest» chaqiruv belgisiga ega komandiri AP’ga.
AQSh ATACMS’ni Rossiyaga hujum qilmaslik sharti bilan Kiyevga topshirdi
AP ta’kidlaganidek, Qo‘shma Shtatlar 2024 yil boshida Ukrainaga ATACMS raketalarini yuborishni boshladi, ammo ma’lum shartlar qo‘yildi - ular orasida, xususan, ushbu raketalarning Rossiya hududiga hujumlarini taqiqlash bor. Bu shart «Rossiya ichida joylashgan aerodromlar va harbiy infratuzilmaga hujumlarning oldini oladi» va pirovardida «Ukraina samarali jang qilish qobiliyatiga putur yetkazadi», deb ta’kidlaydi agentlik.
«Lis Mikita» chaqiruv belgisiga ega Ukraina Qurolli kuchlarining yana bir qo‘mondoni ham Rossiya Federatsiyasiga hujumlar uchun ATACMS’dan foydalanish taqiqlanganidan norozi. U Rossiya Ukrainaga «barcha turdagi raketalar» bilan zarba berayotgan bir paytda, raketalar qo‘llashni taqiqlash bo‘yicha vaziyatni «bema’nilik» deb atadi va Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya qo‘shinlarini ta’minlovchi hududlarga javob qaytara olmasligini aytdi.
Ukraina rasmiylari AQShdan ruxsat so‘ramoqda
AP ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina rasmiylari Qo‘shma Shtatlardan Rossiyadagi alohida ahamiyatga ega bo‘lgan harbiy obektlarga, masalan, aerodromlarga ATACMS raketalari bilan hujum qilish taqiqini bekor etishni so‘ramoqda. «ATACMS bo‘yicha qaror, ehtimol, vaziyatga qarab o‘zgartiriladi, deb umid qilamanki, qaror imkon qadar tezroq qabul qilinadi», dedi Ukraina Oliy radasi Milliy xavfsizlik, mudofaa va razvedka qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Yegor Chernev agentlikka.