Agar Rossiya KXDRga yuqori aniqlikdagi qurollarni topshirsa, Janubiy Koreya Ukrainaga qurol yetkazib berish bo‘yicha cheklovlarni bekor qilishi mumkin. Bu haqda 23 iyun, yakshanba kuni KBS TV telekanalida Janubiy Koreya prezidenti ma’muriyati Milliy xavfsizlik departamenti rahbari Chan Xo Chjin ma’lum qildi. Avvalroq u Seulning Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolanishi munosabati bilan «tashvishini» bildirgan edi.
«Ta’kidlamoqchimanki, hammasi Rossiya qanday yo‘l tutishiga bog‘liq bo‘ladi. Rossiya Shimoliy Koreyaga yuqori aniqlikdagi qurollar yetkazib bersa, bizda keyinchalik qandaydir chiziq qoladimi?» - deya Chan Xo Chjinning so‘zlarini keltiradi Yonhap agentligi.
Agentlikning aniqlik kiritishicha, agar Rossiya Federatsiyasi «qizil chiziqdan o‘tsa» Janubiy Koreya Ukrainaga qurol yetkazib berishni boshlashi mumkin. O‘z navbatida, Rossiya prezidenti Vladimir Putin 20 iyun kuni Kiyevga harbiy yordam o‘tkazilishi Janubiy Koreya uchun «katta xato» bo‘lishini aytdi.
Janubiy Koreya - yirik qurol yetkazib beruvchi
Janubiy Koreya dunyodagi eng yirik qurol yetkazib beruvchilardan biri, ammo u Ukrainaga qurol yubormaydi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin yaqinda ikki davlat munosabatlaridagi bu holatni qadrlashini aytdi. Shu bilan birga, ayrim jahon OAV Janubiy Koreya snaryadlari Vashington ularni u yerdan Ukrainaga olib borishi uchun AQShga yetkazib berilishi mumkinligi haqida xabar berdi.
Hamkorlik shartnomasini Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In 19 iyun kuni imzolagan edi. Hujjat bandlaridan biri uchinchi davlat tomonidan hujum sodir bo‘lgan taqdirda tomonlarga o‘zaro harbiy yordamni kafolatlaydi.
1948 yilgacha yagona davlat bo‘lgan Janubiy va Shimoliy Koreya 1950 yildan buyon rasman urush olib bormoqda. Yuz minglab odamlarning o‘limiga olib kelgan shiddatli janglardan so‘ng, mamlakatlar 1953 yilda sulh imzoladilar. O‘shandan beri ular tinchlik shartnomasini tuzmagan.