23 iyun kuni kechqurun Yevro-2024 guruh bosqichida 3-tur o‘yinlari start oldi. 1/8 finalning yana bir ishtirokchisi nomi ma’lum bo‘ldi. Vengriya milliy jamoasi hujumchisi bilan esa qo‘rqinchli holat yuzaga keldi. Quyida o‘tgan kundagi o‘yinlarning asosiy voqealari ko‘rib chiqiladi.
Yevro-2024. 3-tur. A guruhi.
Shveytsariya — Germaniya: Fyullkrug nemislarni qutqardi
Shveytsariya – Germaniya 1:1
Gollar: 1:0 – 28 Ndoyye, 1:1 – 90+2 Fyullkrug.
Shveytsariya – Zommer, Vidmer, Rodriges, Sher, Akanji, Ebisher, Chaka, Froyler, Rider (Vargas, 65), Ndoyye (Amduni, 65), Embolo (Dua, 65).
Germaniya – Noyyer, Ryudiger, Ta (Shlotterbek, 61), Mittelshtedt (Raum, 61), Kroos, Gundo‘g‘an, Andrih (Bayyer, 65), Virts (Sane, 76), Kimmih, Haverts, Musiala (Fyullkrug, 76).
Ogohlantirishlar: Ndoyye (25), Ta (38), Chaka (67), Vidmer (81).
Yulian Nagelsmann qatorasiga ikki g‘alabadan keyin yana boshlang‘ich tarkibda o‘zgartirish qilmadi. Nemislarga A guruhida birinchi o‘rinni saqlab qolish uchun durang natija kifoya qilardi, ular o‘yin boshidan shu maqsadda harakatlanishdi: to‘pga egalik qilish bo‘yicha jiddiy ustunlik (birinchi bo‘limdan keyin 31 ga qarshi 69 foiz), minimum risk va raqib darvozasi yaqinidagi nofaollik (tanaffusga qadar darvoza sohasi tomon birgina zarba berildi). Shu bilan birga, bundestim gol ham urgandi, ammo videotakrorni ko‘rib chiqqan arbitr Daniele Orsato Robert Andrihni milliy jamoa safidagi debyut goldan mahrum etdi — undan oldingi epizodda Jamal Musiala jarima maydonida fol ishlatgandi.
Shveytsariyaliklar vaqt o‘tgan sayin pressing bilan Germaniyaning xotirjamligini buza boshladi va 28-daqiqada kutilmaganda hisobda oldinga chiqib oldi. Odatda xatosiz o‘ynaydigan Toni Kroos maydonning o‘z darvozasi qismidagi hududida bosim ostidagi Musialaga pas berdi va bu raqib qarshi hujumiga olib keldi. Hujumni Dan Ndoyye yakunlab berdi — u chap qanotdan uzatilgan to‘pni darvozaga joylab, Manuel Noyyerni Yevropa chempionatlaridagi rekord darajadagi 17-o‘yinida ranjitdi. Bu epizodda hujumchi ofsaydda bo‘lgani ehtimolini tekshirishdi, ammo yakunda gol baribir hisoblandi.
Shveytsariyaliklar tanaffusdan keyin ham ikkinchi raqam ostida harakatlanish vazifasini a’lo darajada uddalashdi: nemislarning uzoq vaqt davomida tayyorlangan hujumlarini zararsizlantirib, ortda qoldirilgan bo‘shliqlardan foydalangan holda xavfli vaziyatlar yaratib turishdi. Germaniya esa faqat uzoq masofalardan zarba berishga majbur bo‘ldi. 84-daqiqada shveysariyaliklar yana bir gol urishdi, ammo bu gol bekor qilindi. Ruben Vargas nemislar darvozasini yaqqol ofsayd holatida ishg‘ol etgandi. Hakam darhol qaror qabul qildi va hatto VAR yordamiga hojat bo‘lmadi.
Shveytsariyaliklarning guruhdagi birinchi o‘rin uchun umidlarini zaxiradan maydonga tushgan Niklas Fyullkrug yo‘qqa chiqardi. «Borussiya» forvardi qo‘shimcha daqiqalarda David Raumning chap qanotdan uzatmasiga bosh bilan zarba yo‘llab, bundestim uchun durang olib keldi. Germaniya A guruhidan birinchi o‘rinda, Shveytsariya — ikkinchi o‘rin bilan chiqdi.
Shotlandiya — Vengriya: Maydonda haqiqiy jang
Shotlandiya – Vengriya 0:1
Gol: Chobot, 90+10.
Shotlandiya – Gann, Ralston (Maklin, 83), Henli, Makkenna, Xendri, Roberson, Makgregor, Makginn (Armstrong, 76), Maktominey, Gilmor (Kristi, 83), Adams (Shenklend, 76).
Vengriya – Gulachi, Bolla (Nad, 86), Orban, Botka, Dardai (Salai, 74), Kerkez (Chobot, 86), Staylz (Nad, 61), Shallai, Soboslai, Shafer, Varga (Adam, 74).
Ogohlantirishlar: Staylz (18), Orban (26), Shafer (44), Maktominey (50), Klyaynhaysler (75).
Bu ikki jamoa uchun ham pley-offga chiqish uchun g‘alaba kerak bo‘lgan o‘yin edi: dastlabki turlardagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin Shotlandiya (bir ochko) va Vengriya (nol) uchinchi o‘rindan umid qilayotgandi. Ammo jamoalar birinchi navbatda mag‘lubiyat xavfini minimallashtirishga harakat qilishdi. Birinchi bo‘limdagi yagona golli vaziyat vengrlar tomonidan amalga oshirildi — Villi Orban Dominik Soboslaining uzatmasidan keyin bergan zarba darvoza to‘siniga tegdi. Lekin bu holatda «Leypsig» himoyachisi ofsaydda bo‘lgan va gol hisoblanmasligi ham mumkin edi.
Tanaffusdan keyin ham o‘yinning borishi amalda o‘zgarmadi — shotlandlar to‘pga egalik qilishdi va raqibning qarshi hujumlariga qarshi hujumlar bilan javob berib turishdi. 53-daqiqada Che Adams shotlandlarning birinchi zarbasi muallifiga aylandi — uning zarbasidan keyin to‘p osmonga qarab ketdi.
69-daqiqada britaniyaliklar jarima maydonida qo‘rqinchli epizod ro‘y berdi — vengrlar hujumchisi Barnabash Varga darvozabon bilan havodagi kurashdan keyin gazonga noqulay tarzda quladi va hushini yo‘qotdi.
Jamoadoshlari shifokorlar kelgunicha Vargaga birinchi yordamni ko‘rsatishdi va uni kameralar va tribunalardan to‘sish uchun o‘rab olishdi, yetib kelgan shifokorlar esa unga bir necha daqiqa davomida yordam ko‘rsatishdi.
Bu vaqtda tribunalardagi tomoshabinlar dahshatdan qotib qolishgandi. Darhol barcha uch yil oldin Kristian Eriksen bilan ro‘y bergan voqeani yodga olishdi. Bu safar maydonga hatto kislorod ballonli zambilni olib chiqishdi.
Shifokorlar kislorod niqobini futbolchiga kiydirib, uni tribunalar ostiga olib chiqib ketishdi. Tribunadagilar shifokorlarni olqishlar bilan kuzatib qo‘yishdi.
Bundan tashqari, bu o‘yinda argentinalik arbitr Fakundo Telo ham yodda qoldi — futbolchilarga beshta sariq kartochka ko‘rsatdi, ikkinchi bo‘limga roppa-rosa 10 daqiqa qo‘shib berdi va ehtimol Vengriya darvozasiga penalti qo‘ymasdan xatoga yo‘l qo‘ydi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Styuart Armstrong jarima maydoniga yorib kirdi, himoyachi Orban bilan kontaktdan keyin yiqildi. Telo esa bunda qoidabuzarlik ko‘rmadi.
O‘yinning oxirgi qismida esa ikki jamoa ham ochildi va g‘alaba golini urishga oshiqdi. Vengrlarning tezkor hujumlaridan birida to‘p Angus Gann qo‘riqlayotgan darvoza ustunidan qaytdi, Shotlandiya ham raqib darvozasi tomon xavfli hujumlar uyushtirdi, ammo Maktominey va Grant Henli qulay vaziyatlardan foydalana olmadi.
Keyin esa vengrlar qarshi hujumga chiqishdi va Kevin Chobot Roland Shallai tashlab bergan to‘pga bir teginishda burchakni aniq nishonga oldi, bu vaqtda o‘yinning 90+10-daqiqasi o‘tib borayotgandi. Bu Yevro tarixida o‘yinlarning asosiy vaqtlarida eng kech urilgan gol bo‘ldi.
Bu golni vengrlar Vargaga bag‘ishlashdi. Vargaga kelsak, Vengriya futbol federatsiyasi u o‘ziga kelgani va holati barqarorlashtirilganini ma’lum qilgan.
Shotlandiya bir ochko bilan turnirni yakunladi. Vengriya uch ochkoga ega, ammo to‘plar nisbati -3. Ammo nazariy jihatdan bunday ko‘rsatkich ham pley-offga chiqish uchun yetarli bo‘lib qolishi mumkin.