Janubiy Koreyada batareya zavodida yong‘in oqibatida o‘nlab kishilar halok bo‘ldi

Jahon 22:11 / 24.06.2024 9453

24 iyun kuni Janubiy Koreyadagi litiy batareyalari ishlab chiqariladigan zavodda chiqqan yong‘in kamida 22 kishini hayotdan olib ketdi.

Yong‘in dushanba kuni tongda Seuldan taxminan 45 km janubda joylashgan Hvasong shahridagi Aricell zavodida batareyalar portlashidan boshlangan.

Mahalliy televideniye e’lon qilgan kadrlarda tutun buluti va kichik portlashlarni ko‘rish mumkin, portlashlar o‘t o‘chiruvchilar yetib kelib, ishlayotganida ham davom etgan. Bino tomining bir qismi qulab tushgan.

Janubiy Koreya dunyoda litiy batareyalari ishlab chiqarishda yetakchi hisoblanadi. Ular ko‘plab mahsulotlarda — elektromobillardan tortib noutbuklarni yasashda foydalaniladi.

O‘t o‘chirish xizmati vakili Kim Jin Yon qurbonlarning 18 nafari Xitoy fuqarolari ekanini ma’lum qilgan, yana bir laoslik va ikki nafar janubiy koreyalik ishchi ham halok bo‘lgan. Hozircha barcha jasadlarning ham shaxsiga aniqlik kiritilmagan. Shuningdek, kamida yana bir kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.

«Halok bo‘lganlarning ko‘pchiligi kuchli darajada kuyib ketgan, shu tufayli har bir kishini tanish uchun ma’lum vaqt ketadi», — deya Kimning so‘zlarini keltirgan AFP agentligi.

Yana sakkiz kishi jarohatlangan, shundan ikki nafari — og‘ir ahvolda. Yong‘in boshlanganida bino hududida jami 100 ga yaqin kishi bo‘lgan.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, batareyalar va akkumulyatorlar yonishi yong‘inning o‘ta murakkab shakliga olib keladi, bunday holatda alanga tez tarqaladi va odamlarni qutqarish uchun vaqt favqulodda kam bo‘ladi.

«Akkumulyatorlar uchun xomashyo, masalan, nikel, juda tez alanga oladi. Boshqa materillar tufayli kelib chiqqan yong‘inlar bilan taqqoslaganda, bunday yong‘in sodir bo‘lganda, ko‘pincha reaksiya uchun vaqt yetarli bo‘lmaydi», — deya vaziyatni izohlagan Tejon universiteti yong‘inlar va tabiiy ofatlar oldini olish sohasi bo‘yicha professori Kim Je Ho Reuters agentligi bilan suhbatda.

U ishchilarda o‘zini qutqarish uchun vaqt juda kam bo‘lganini ta’kidlagan.

Bunday yong‘inlarni qum bilan o‘chirishga to‘g‘ri keladi, chunki suv litiy bilan reaksiyaga kirishadi. O‘t o‘chiruvchilar yong‘inni to‘liq o‘chirishiga besh soat ketgan.

Yong‘in boshlanganida Aricell zavodining ikkinchi qavatida tekshiruvdan o‘tkazish va qadoqlash uchun tayyorlab qo‘yilgan 35 mingga yaqin akkumulyator elementlari saqlanayotgandi.

Kim Jin Yonning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in ulardan bir qanchasi portlashi oqibatida kelib chiqqan.

Portlashga aynan sabab bo‘lgani hozircha aniq emas, ammo mutaxassislarning tushuntirishicha, litiy batareyalari shikastlanganida yoki qizib ketganida portlashi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: