Eron Oliy sudi mamlakatning mashhur xip-xop artisti Tumaj Solihiyga nisbatan chiqarilgan o‘lim jazosi hukmini bekor qildi. U 2022 yilda politsiya bo‘limida vafot etgan Mahsa Aminiyning xotirasiga bag‘ishlab matnlar yozgan. Bu haqda 22 iyun kuni uning advokati Amir Raysan X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi.
«Kutilganidek, Oliy sud tuzatib bo‘lmaydigan sud xatosidan qochdi. Tumaj Solihiyga o‘lim hukmi bekor qilindi», deb yozgan Raysan va sud Solihiyning olti yillik qamoq muddatini ham «ortiqcha» deb topgani, chunki jazo qonuniy ruxsat etilgan choradan oshib ketganini, apellyatsiya qarori asosida ish ko‘rib chiqish uchun tegishli organga yuborilishini bildirdi.
AR agentligining aniqlik kiritishicha, videolardan birida Solihiy Aminiy haqida: «Shamolda sochlar bilan raqsga tushish kimningdir jinoyati bo‘ldi», deb aytgan. Boshqa bir satrda u Eron teokratiyasining qulashini bashorat qiladi.
Reper 6 yilga qamalgan va noyabr oyida garov evaziga ozod qilingan
Solihiy 2022 yil oktyabr oyida Eronda kurd qiz Mahsa Aminiy o‘limi ortidan boshlangan namoyishlarni omma oldida qo‘llab-quvvatlagani uchun qo‘lga olingan edi. Birinchi marta ozodlikka chiqqanidan ko‘p o‘tmay, u ushlanganidan keyin qiynoqqa solinganini aytgan videomurojaatini e’lon qilganidan keyin yana qamoqxonaga jo‘natildi.
2023 yil iyun oyida reper «yer yuzidagi korrupsiya» uchun 6 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi - bu Erondagi eng og‘ir jinoyatlardan biri bo‘lib, u bo‘yicha o‘lim jazosi ham chiqarilishi mumkin. Musiqachi «Internetda yolg‘on» va «davlatga qarshi tashviqot» tarqatish, shuningdek, odamlarni zo‘ravonlikka undashda aybdor deb topildi.
Coldplay guruhi a’zolari va qo‘shiqchi Sting eronlik reperni himoya qilib chiqishdi. Eron davlat matbuoti ko‘zi bog‘langan ijrochining so‘zlari uchun kechirim so‘ragani aks etgan videoni e’lon qildi – bu, ehtimol, bosim ostida berilgan bayonot bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Eron hukumati Oliy sud qarori bilan 2023 yilning 19 noyabrida 32 yoshli musiqachini garov evaziga yana qamoqdan ozod qildi. Uning advokati Amir Raysanning so‘zlariga ko‘ra, sud «dastlabki qarorda xatoliklarni» aniqlagan.
Eronda Mahsa Aminiy o‘limidan so‘ng ommaviy norozilik namoyishlari
Eronda ommaviy norozilik namoyishlari o‘tgan yilning kuzida axloq politsiyasi tomonidan ushlangan 22 yoshli Mahsa Aminiy o‘limidan so‘ng boshlangan. U 2022 yil 16 sentabrda bosh kiyimni noto‘g‘ri o‘rashda ayblanib qo‘lga olinganidan so‘ng vafot etdi. Uning oilasi Mahsa politsiya zo‘ravonligi tufayli vafot etganini da’vo qilmoqda. Aminiyning o‘limi Eronda «Ayol, hayot, ozodlik!» shiori ostida ko‘p oylar davom etgan ommaviy norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi. Nohukumat tashkilotlarga ko‘ra, namoyishlar chog‘ida 22 mingdan ortiq namoyishchi qo‘lga olingan, 550 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, 7 kishi qatl etilgan.
2023 yilda Mahsa Aminiy o‘limidan so‘ng Yevroparlamentning «Fikr erkinligi uchun» mukofoti bilan taqdirlandi. Eronda ayollar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha norozilik harakati Saxarov mukofoti laureati deb e’lon qilindi. Bundan tashqari, 2023 yilgi tinchlik uchun Nobel mukofoti ayollar huquqlari uchun kurashayotgan eronlik huquq himoyachisi Nargis Muhammadiyga berildi.