Bloomberg: Rossiyada urushdan keyingi jinoyatchilikning kuchayishi YaIMni kamaytiradi

Jahon 09:37 / 24.06.2024 3915

Urushdan keyingi jinoyatchilikning o‘sishi Ukrainadagi harbiy harakatlar davomiyligiga qarab Rossiyaga yalpi ichki mahsulot (YaIM) 0,2-0,6 foizini tashkil qilishi mumkin. Bu haqda Bloomberg Economics iqtisodchisi Aleksandr Isakov 22 iyun kuni ma’lum qildi. «Jinoyatchilik darajasi urush boshida pasayib, undan keyin keskin oshadi. Rossiya bundan qutulib qolishi dargumon. Urushdan keyingi jinoyatlar oqibati yalpi ichki mahsulotning 0,2 foizidan, agar urush yana besh yil davom etsa, yalpi ichki mahsulotning 0,6 foizigacha bo‘lishi mumkin va u taxminan uch million rossiyalikka taalluqli bo‘ladi», dedi u.

Rossiya hukumati Ukrainaga jang qilish uchun shunchalik ko‘p odam yubordiki, hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay mamlakatda jinoyatchilik darajasi pasaydi, deb yozadi Bloomberg. Endi ularning qaytishi jinoyatlar to‘lqinini keltirib chiqarmoqda. Rossiya Federatsiyasi Oliy sudi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili harbiy xizmatchilar tomonidan sodir etilgan va urush bilan bog‘liq bo‘lmagan jinoyatlar soni 20 foizdan ko‘proqqa oshgan. 

Nashr Rossiya ma’lumotlariga tayanib, ularga «Vagner» XHK marhum rahbari Yevgeniy Prigojin dasturi bo‘yicha qamoqdan ozod qilingan o‘n minglab mahkumlar sodir etgan jinoyatlar kirmasligini aniqladi. Frontda olti oy bo‘lib, omon qolganlar, odatda, Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan afv qilinadi va Rossiyaga ozod odamlar sifatida qaytadi, deb yozadi Bloomberg. 

Sobiq mahbuslar, hozir esa «urush qahramonlari» o‘zlarini «erkin» tutadi

Rossiya Federatsiyasida jinoyatlarning ortishi allaqachon qayd etilgan, deb yozadi Bloomberg. Garchi umumiy son «hali ham past» bo‘lib, ko‘plab qaytib kelgan askarlar qonunni buzmasa-da, Rossiyada zo‘ravonlik, o‘g‘irlik va giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar keskin oshgan. E’tiborlisi, bu statistik ma’lumotlarga afv etilgan mahkumlar bilan bog‘liq jinoyatlar kiritilmagan. 

Bloomberg ta’kidlashicha, qotilliklar va jinsiy jinoyatlar, ayniqsa bolalarga nisbatan ham holatlar kamaymagan. Xususan, voyaga yetmaganlarga nisbatan nojoiz harakatlar urushdan oldingi davrga nisbatan 62 foizga oshgan. Umuman olganda, «Vagner» askarlarining o‘z vatanlariga qaytishi shahar va qishloqlardagi tinch aholini hayratda qoldirdi: afv etilganlar orasida qasddan odam o‘ldirish va hatto kannibalizmda ayblanganlar ham bor. 

Ukrainaning egallab olingan hududlarida Rossiya armiyasi vakillari muntazam ravishda o‘z xizmatdoshlari va qo‘liga tushgan tinch aholini o‘ldiradi va mayib qiladi. «Novaya gazeta Yevropa» nashrining yozishicha, atigi 2023 yilda sudlarga «DXR», «LXR» deb ataladigan hududlar, shuningdek, Xerson va Zaporijjya viloyatlari hududida harbiylar tomonidan sodir etilgan zo‘ravonlik jinoyatlari bo‘yicha 190 ta ish kelib tushgan. Ularning 70 foizdan ortig‘i qotillikdir, deya qayd etadi nashr. 

2023 yil natijalari: Rossiyada og‘ir jinoyatlar soni 12 yil ichidagi rekord darajaga yetdi 

«Verstka» nashri keltirgan Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda Rossiyada 589 mingdan ortiq og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etilgan. Bu 2011 yildan buyon rekord ko‘rsatkich bo‘lib, o‘shanda idora 608 mingta shunday jinoyatni aniqlagan. 

Eng ko‘p og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar Moskva (50 196), Moskva viloyati (22 212) va Krasnodar o‘lkasida (21 671) qayd etilgan. Sankt-Peterburg (20 489), Tyumen viloyati (17 581) va Tataristonda (17 126) ham jinoyatchilikning yuqori darajasi qayd etilgan. 

Ukraina bilan chegaradosh Belgorod viloyatida og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar soni misli ko‘rilmagan darajada oshgan. O‘tgan yili u yerda 5614 ta jinoyat aniqlangan - 2022 yilga nisbatan 29 foizga ko‘p. Bu statistik kuzatuvlar boshlangan kamida 2010 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Zo‘ravonlik keskin o‘sishi urush paytida emas, balki urushdan keyin yuz beradi 

AQSh tadqiqotlariga ko‘ra, ko‘cha va politsiya zo‘ravonligining ortishi urushdan keyingi davrda sodir bo‘ladi. Vetnam urushida ishtirok etgan politsiyachilar tinchlik davrida o‘qotar quroldan ko‘proq foydalanishgan. 

V.M. Bexterev nomidagi Milliy psixiatriya va nevrologiya ilmiy-tadqiqot markazi mutaxassislari ma’lum qilishicha, jangovar harakatlarda qatnashgan harbiy xizmatchilar orasida post-travmatik stress buzilishi (PsB) tarqalishi 3 foizdan 11 foizgacha bo‘lgan darajada kuzatiladi, deb yozadi «Kommersant» gazetasi. Yaralanganlar orasida ruhiy buzilishlar darajasi kamida 30 foiz hollarda rivojlanadi. PsB belgilari - spirtli ichimliklarni iste’mol qilish, g‘azab va impulsiv xatti-harakatlar - o‘nlab yillardan keyin ham paydo bo‘lishi mumkin. 

Ko‘proq yangiliklar: