Bank of China sanksiyalar ostidagi Rossiya banklari bilan operatsiyalarni chekladi

Jahon 14:53 / 24.06.2024 5098

Rossiya va Xitoy o‘rtasida yuanda to‘lovlarni amalga oshirishga ixtisoslashgan Bank of China’ning Rossiyadagi shu’ba korxonasi bo‘lgan «Benk of Chayna» sanksiyaga uchragan Rossiya banklari bilan operatsiyalarni to‘xtatdi, deb xabar berdi «Kommersant» gazetasi 24 iyun, dushanba kuni o‘z manbalariga tayanib. 24 iyundan boshlab Xitoy banki Amerika sanksiyalari ro‘yxati - SDN List’ga kiritilgan Rossiya banklaridan yuandagi to‘lovlarni qayta ishlashni to‘xtatdi. AQSh sanksiyalariga duchor bo‘lmagan hamkorlar bilan ishlash davom etadi. 

«Kommersant» ekspertlar hisob-kitoblariga tayanib, shuningdek, Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi to‘lovlarning salmoqli qismi «Benk of Chayna» hissasiga to‘g‘ri kelishini ta’kidladi, biroq hozirda bu jarayon bankdan tashqari vositachilar tomoniga ko‘proq o‘zgarib bormoqda. 

«Benk of Chayna» yangi cheklovlarni tasdiqlash so‘roviga javob bermadi.

AQSh Moskvaga qarshi sanksiyalarni buzgan banklarga sanksiyalar bilan tahdid qilmoqda

2023 yil dekabr oyi oxirida AQSh prezidenti Jo Bayden xorijiy moliya institutlari Rossiya harbiy-sanoat kompleksi manfaatlarini ko‘zlab operatsiyalarni amalga oshirsa va shu tariqa Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarini qo‘llab-quvvatlasa, ularga nisbatan sanksiyalar qo‘llash imkonini beruvchi farmonni imzoladi. Rossiya mudofaa sanoati manfaati yo‘lidagi faoliyat uchun Vashingtonning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan «har qanday shaxs manfaatlarini ko‘zlab yoki uning nomidan muhim operatsiyalarni amalga oshirgan» yoki bunday operatsiyalarni amalga oshirishga hissa qo‘shgan moliya institutlari javobgarlikka tortilishi mumkin, deyiladi hujjatda.

Bundan tashqari, Baydenning farmoniga ko‘ra, operatsiyalarni amalga oshiradigan yoki «Rossiya harbiy-sanoat bazasi bilan bog‘liq har qanday xizmatlarni ko‘rsatadigan, shu jumladan to‘g‘ridan to‘g‘ri va bilvosita Rossiya Federatsiyasiga har qanday tovarlar yoki tovarlar sinfini sotish, yetkazib berish yoki topshirish» faoliyati aniqlangan moliyaviy institutlar jarimaga tortilishi mumkin.

Shundan so‘ng, Xitoy banklarining Rossiya bilan operatsiyalarini cheklashlari haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Xususan, Xitoyning ayrim banklari Rossiyadan yuanda to‘lovlarni qabul qilishni to‘xtatdi. Ularning mijozlari tegishli bildirishnomalarni ola boshladilar va to‘lovlar qaytarila boshlandi.

Ko‘proq yangiliklar: