Qo‘shma Shtatlar, Janubiy Koreya va Yaponiya «eng kuchli tarzda» Rossiya va KXDR o‘rtasidagi harbiy hamkorlikning chuqurlashishini qoraladi, bu Rossiya Federatsiyasiga Shimoliy Koreya qurollari yetkazib berilishi davom etishini o‘z ichiga oladi. AQSh Davlat departamenti saytida dushanbaga o‘tar kechasi e’lon qilingan qo‘shma bayonotda bu yuklar «ukrainaliklarning azob-uqubatlarini uzaytiradi, BMT Xavfsizlik kengashi ko‘plab rezolyutsiyalarini buzadi va Shimoli-Sharqiy Osiyo hamda Yevropada barqarorlikka tahdid soladi», deyiladi.
Rossiya va KXDR o‘rtasidagi harbiy hamkorlik tinchlik va barqarorlikka tahdid soladi
19 iyun kuni Vladimir Putinning Pxenyanga tashrifi chog‘ida «Har tomonlama strategik sheriklik to‘g‘risida bitim» imzolanishi «KXDR va Rossiya o‘rtasidagi sheriklik munosabatlari rivojlanishi»dan dalolat beradi. «U Koreya yarimorolida yadro qurolini tarqatmaslikning global rejimini hurmat qilgan hamda o‘z erkinligi va mustaqilligini Rossiyadan himoya qilayotgan Ukraina xalqini qo‘llab-quvvatlagan barchani tashvishga soladi», deyiladi hujjatda.
Vashington, Seul va Tokio Shimoliy Koreya tomonidan mintaqaviy va global xavfsizlikka tahdidlarga qarshi turish uchun diplomatik va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.
Bundan tashqari, uch mamlakat tashqi siyosat idoralari yuqori martabali vakillarining telefon orqali muloqoti yakunlari bo‘yicha berilgan bayonotda AQShning Janubiy Koreya va Yaponiyani himoya qilish majburiyati buzilmasligi ta’kidlandi. Hujjatda muloqotga yo‘l ochiqligi ta’kidlanadi va KXDR «keyingi provokatsiyalarni to‘xtatib, muzokaralarga qaytishga» chaqiriladi.
Rossiya va KXDR o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim
Vladimir Putin va Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In 19 iyun kuni Pxenyandagi muzokaralardan so‘ng Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasida keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Boshqa narsalar qatorida, u ishtirokchilardan biriga tajovuz sodir bo‘lgan taqdirda o‘zaro yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi. Putin bu kelishuvni «ikki davlat o‘rtasida uzoq yillik munosabatlarga asos bo‘ladigan asosiy hujjat» deb atadi.
Ushbu kelishuv tuzilganidan so‘ng Janubiy Koreya Ukrainaga to‘g‘ridan to‘g‘ri qurol yetkazib berish masalasini qayta ko‘rib chiqish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Mamlakat milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Chang Xo Chjin 20 iyun kuni kelishuvdan «jiddiy xavotir» bildirdi va uning imzolanishini qoraladi, shuningdek, Shimoliy Koreya harbiy kuchini mustahkamlashga bevosita yoki bilvosita hissa qo‘shadigan har qanday hamkorlik BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalari qoidalarini buzish ekanligini qo‘shimcha qildi.