Urganch xalqaro aeroporti uchish-qo‘nish yo‘lagini kapital ta’mirlash ishlari boshlanishi munosabati bilan yopiladi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.
Qayd qilinishicha, ta’mirlash ishlari 20 iyul Toshkent vaqti bilan soat 00:01 dan boshlanadi va 7 avgust 23:59 gacha davom etadi.
Rekonstruksiya davrida barcha rejalashtirilgan reyslar Nukus xalqaro aeroportiga yo‘naltiriladi, yo‘lovchilar Nukus va Urganch aeroportlari o‘rtasida transferlar bilan ta’minlanadi. Parvozlar haqida qo‘shimcha ma’lumot olish uchun aviakompaniyalarga murojaat qilish tavsiya etiladi.
Ta’mirlash jarayonida uzunligi 3000 m va eni 16 m bo‘lgan uchish-qo‘nish yo‘lagi yuzasini butunlay almashtirish va mustahkamlash rejalashtirilgan. Shuningdek, ikkinchi va uchinchi yurish yo‘laklari kapital ta’mirlanadi.
Ta’mirlash ishlari yakunlangach, aeroport Boeing 787 va Airbus A330 kabi keng fyuzelyajli samolyotlarni cheklovlarsiz qabul qila oladi.
Urganch shahridagi uchish-qo‘nish yo‘lagini kapital rekonstruksiya qilish oxirgi marta 1997 yilda, shikastlangan qismlarini qisman ta’mirlash esa 2018 yilda amalga oshirilgan edi.