E va F guruhlarida ham 2-tur uchrashuvlari yakunlandi. 3-tur o‘yinlari bir vaqtda boshlanadi. Endi barcha o‘yinlarni ham jonli efirda kuzatish imkoni bo‘lmaydi. Quyida shanba kungi o‘yinlardagi asosiy voqealar haqida.
Gurjiston — Chexiya: gurjilarning Yevro tarixidagi ilk ochkosi
Gurjiston — Chexiya 1:1
Gollar: Mikautadze (45+4, penalti) — Shik (59).
Gurjiston – Mamardashvili, Kakabadze, Kashiya, Kverkveliya (Gvelesiani, 81), Dvali, Tsitaishvili (Lochoshvili, 62), Kochorashvili, Mekvabishvili, Davitashvili (Chakvetadze, 62), Kvaratsxeliya (Lobjanidze, 82), Mikautadze (Kvilitaya, 88).
Chexiya – Stanek, Tsoufal, Hranach, Golesh, Kreychi, Yurasek (Shevchik, 81), Provod (Barak, 81), Souchek, Cherni (Yurasek, 55), Shik (Xitil, 68), Glojyek (Lingr, 55).
Ogohlantirishlar: Tsoufal (18), Kashia (36), Provod (40), Yurasek (47), Golesh (53), Souchek (81), Gvelesiani (81), Mekvabishvili (83), Kochorashvili (90+5).
Gurjiston uchun butun Yevro-2024 — bitta alohida katta yutuq. Bir necha kun muqaddam Villi Saniol jamoasi turnirda yorqin debyutini amalga oshirgandi va hatto gol urgandi (Turkiya bilan o‘yinda Jorj Mikautadze o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ygan), ammo baribir g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘lmagandi.
Chexiya bilan o‘yinda esa nihoyat ilk ochko qo‘lga kiritildi. Gurjiston birinchi bo‘lib hisobni ochdi — birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda o‘sha Mikautadze penaltini aniq ijro etdi. Buyog‘iga gol o‘tkazib yubormaslik talab etilardi. Ammo o‘xshamadi — chexlar hisobni tenglashtirishdi, ammo ular darvoza tomon jami 26 bor zarba bergani hisobga olinsa, gurjistonliklarning omadi ham keldi.
Bu Mamardashvilining sa’y-harakatlari evaziga ro‘y berdi — UYeFA ma’lumotiga ko‘ra, darvozabon 10 ta seyv amalga oshirgan, Opta — 11 ta deb hisoblagan. Qancha bo‘lmasin, bu turnira tarixidagi eng yaxshi ko‘rsatkichlardan biri — Yevroda bir o‘yinda bundan ko‘proq seyv faqat 2004 yilda latviyalik posbon Kolinko tomonidan ijro etilgandi.
Ikki tur davomida gurjilarda debyut gol, debyut ochko va o‘yinning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan qahramon darvozabon bo‘ldi. Lekin ularda Yevrodagi ilk g‘alaba bo‘lishi ham mumkin edi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda Gurjiston uchga bir ko‘rinishida xavfli hujumga chiqib ketdi, ammo Lobjanidze o‘ta qulay pozitsiyadan aniq zarba bera olmadi. Endi g‘alaba qozonish juda qiyin bo‘ladi — uchinchi turda pley-off masalasini hal qilib ulgurgan Portugaliyaga qarshi o‘yin kutmoqda. Chexiya Turkiya bilan o‘ynaydi.
Turkiya — Portugaliya: Yevro tarixidagi eng ahmoqona avtogol urildi
Turkiya — Portugaliya 0:3
Gollar: Silva (21), Oqoydin (28, avtogol), Fernandesh (56).
Turkiya – Bayindir, Chelik, Bardakchi, Oqoydin (Demiral, 75), Oyxon (Yuksek, 58), Kadio‘g‘li, Chalxono‘g‘li, Kekchyu (Yaziji, 46), Akgun (Guler, 70), Oqturko‘g‘li (Yildiz, 58), Yilmaz.
Portugaliya – Koshta, Kanselu (Semedu, 68), Pepe (Antoniu Silva, 83), Diash, Mendesh, Fernandesh, Silva, Palinya (Ruben Nevesh, 46), Vitinya (Joau Nevesh, 88), Leau (Netu, 46), Ronaldu.
Ogohlantirishlar: Bardakchi (25), Leau (39), Oqoydin (42), Chelik (42), Palinya (45).
Turklar birinchi turda Gurjistonga qarshi o‘yinda katta taassurot qoldirgandi (3:1) va Portugaliyaga ham jiddiy kurash taklif etishi kutilgandi. Ammo Roberto Martines shogirdlari tezda barcha kutilmalarni bekor qildi.
Portugallarga pley-offni kafolatlash uchun turnirdagi ikkinchi g‘alaba kerak edi va ular bunga erishdi. Bunda omad ham yordamga keldi, ikkinchi golni boshqachasiga izohlab bo‘lmaydi. Samet Oqoydin Altay Bayindir joyini o‘zgartirib oldinroqqa chiqib kelganini payqamadi va qaramasdan ortga pas berdi. To‘p esa asta-sekinlik bilan darvozaga yumalab bordi, lekin unga hech kim yeta olmadi.
Ungacha Bernardu Silva hisobni ochgandi, Brunu Fernandesh esa Krishtianu Ronalduning assistidan keyin hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi. Ularning ikkisi qarshi hujumda Bayindir qarshisiga chiqib borishdi. Ronaldu o‘zi ham aniq zarba berishi mumkin edi, ammo yanada qulayroq pozitsiyada, bo‘sh darvoza qarshisida turgan sherigiga pas uzatishni tanladi. Bu bilan u navbatdagi rekordni qayd etdi, u turnir tarixida eng ko‘p - 8 bor golli uzatma bergan ilk futbolchi.
Portugaliya endi oxirgi turda qanday natijalar qayd etilishidan qat’i nazar pley-offga birinchi o‘rin bilan chiqadi, chunki ochkolar teng kelib qolgan taqdirda o‘zaro uchrashuv natijasiga qaraladi. Shuning uchun Martines gurjistonliklarga qarshi o‘yinda asosan zaxira futbolchilarini va albatta Krishtianuni tushirishi mumkin: u hali Yevroda gollar hisobini ochgani yo‘q. Turkiyani esa Chexiyaga qarshi o‘yindagi durang ham ikkinchi o‘rinda qoldiradi.
F guruhida 3-tur o‘yinlari
Chexiya — Turkiya, 26 iyun, 00:00
Gurjiston — Portugaliya, 26 iyun, 00:00
Belgiya — Ruminiya: Lukakuning tavqi la’nati
Belgiya — Ruminiya 2:0
Gollar: Tilemans (2), de Bryuyne (80).
Belgiya – Kastels, Kastan, Vertongen, Fas, Teate (Debast, 77), de Bryuyne, Tilemans (Mangalya, 72), Onana, Lukebakio (Trossar, 56), Doku (Karrasko, 72), Lukaku.
Ruminiya – Nitse, Ratsiu, Burke, Dregushin, Banku, Soresku, Stanchu, Marin, Marin (Olaru, 68), Man, Dregush (Alibek, 81), Mixeile (Xaji, 68).
Ogohlantirishlar: Lukebakio (35), Banku (59), Marin (65).
Domeniko Tedesko shogirdlari Yevro startida sensatsion ravishda Slovakiyaga mag‘lub bo‘lgandi (0:1). Lekin jamoada g‘alaba uchun barcha imkoniyatlar bo‘lgandi — Romelu Lukaku ikki bor darvozani ishg‘ol etgandi. Ammo «Roma» hujumchisining bu turnirda omadi kelmayapti — uning ikki goli ham videotakrorlardan keyin bekor qilingandi.
Ruminiya bilan o‘yinda ham bu takrorlandi: Lukaku yana gol urdi, ammo gol yana bekor qilindi — ikki tur davomida uchinchisi.
Lekin uning pasidan keyin Yuri Tilemans hisobni ochdi, o‘yin oxirlariga borib Kevin de Bryuynega darvozabon Kastels golli uzatma berdi. Ruminlar mudofaasi ortda katta bo‘shliq qoldirib, belgiyalik yarimhimoyachi darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib borishiga qo‘yib berishdi.
Endi E guruhida barchasi aralashib ketdi: barcha jamoalarda uchtadan ochko jamg‘arilgan va ularning barchasi keyingi bosqichga chiqish imkoniyatiga ega. To‘plar nisbati bo‘yicha eng yomon vaziyat Ukrainada (-2). Ruminiya va Belgiyada +1, Slovakiyada – 0. Bu esa eng yaxshi uchinchi o‘rin egalarini aniqlashda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. 3-turda Ukraina Belgiya bilan, Ruminiya — Slovakiya bilan jang qiladi.
E guruhida 3-tur o‘yinlari
Slovakiya — Ruminiya, 26 iyun, 21:00;
Ukraina — Belgiya, 26 iyun, 21:00.