Bugun Janubiy Koreya dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan biri hisoblanadi. Koreya yarimorolining janubiy qismida joylashgan bu davlat hududi O‘zbekiston hududidan qariyb besh baravar kichik.
Uning hududi bor-yo‘g‘i 100 210 kilometr kvadrat bo‘lib, dunyoda 107-o‘rinni egallaydi. Janubiy Koreyada odamlar juda zich yashaydi va 52 mln aholi bilan u dunyo davlatlari orasida 27-o‘ringa joylashgan.
2023 yilda Janubiy Koreyaning yalpi ichki mahsulot (YaIM) hajmi 1,8 trillion dollarni tashkil etdi va u aholi jon boshiga 35 ming dollardan to‘g‘ri keldi.
Janubiy Koreyada ko‘plab yirik kompaniyalar bor va ular ishlab chiqarayotgan turli mahsulotlar dunyo bo‘ylab sotiladi. Ayniqsa, elektronika mahsulotlari, avtomobilsozlik, maxsus texnikalar va kemasozlik rivojlangan.
Koreya fuqarolari juda farovon yashaydi. Har yili mamlakatga boshqa davlatlardan ishlash uchun yuz minglab odamlar kirib kelishadi. Mamlakat bunday darajaga chiqish uchun og‘ir damlarni boshidan o‘tkazgan.
Agar tarixga nazar tashlansa Janubiy Koreyaning oyoqqa turishi oson bo‘lmagan. Mamlakat 1950 yilda shimolliklar okkupatsiyasi ostida qolgan. Keyinchalik oyoqqa tura boshlaganda bir necha marta davlat to‘ntarishi uyushtirilgan.
Ana shunday davlat to‘ntarishlaridan biri 1980 yilda harbiy general tomonidan amalga oshiriladi. Shunda Kvanju shahrida tahsil olayotgan talabalar mamlakatdagi harbiy boshqaruvga qarshi namoyishga chiqishadi.
Tarixda “Kvanju qo‘zg‘oloni” deb nomlangan bu hodisada harbiylar va politsiya bo‘linmalari qo‘zg‘olonni ayovsiz bostiradi. Oqibatda ko‘plab odamlar halok bo‘ladi, bedarak yo‘qoladi. Minglab odamlar yaralanadi va hibsga olinadi.
Qo‘zg‘olondan avval va uning sabablari
Barchasi 1979 yil 26 oktyabrda Koreya markaziy razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kim Jye Gyuning mamlakat prezidenti Pak Chon Xini otib o‘ldirishidan boshlanadi.
Suiqasddan so‘ng Kim Jye Gyu ushlanadi va tergov boshlab yuboriladi. Mamlakatni o‘shangacha bosh vazir bo‘lgan Chxve Gyu Xa vaqtinchalik prezident sifatida boshqara boshlaydi. 1979 yil 8 dekabr kuni u yagona nomzod sifatida mamlakat prezidenti etib saylanadi.
Chxve Gyu Xa saylovdan avval konstitutsiyani o‘zgartirish va mamlakatda demokratik saylovlar o‘tkazishga va’da beradi. Uning bu va’dalari ayrimlarga yoqmaydi. Ular orasida Janubiy Koreya hukumatining sobiq a’zosi general Chon Du Xvan ham bor edi.
Shu sababli oradan to‘rt kun o‘tib, 12 dekabr kuni Chon Du Xvan harbiylar bilan til biriktirib Seulda davlat to‘ntarishi uyushtiradi.
Shundan so‘ng general mamlakat oliy qo‘mondonligini o‘z odamlariga olib beradi va prezident Chxve Gyu Xa uning qo‘lida qo‘g‘irchoq rahbarga aylanadi.
1980 yil aprel oyida prezident Chxve Gyu Xa bosim ostida general Chon Du Xvanni Milliy razvedka agentligi rahbari etib tayinlaydi. Amalda bu lavozim egasi Koreyada prezidentdan so‘ng ikkinchi qudratli shaxs hisoblanadi.
May oyida Chon Du Xvan qo‘l ostidagi harbiylar bilan Koreyada hokimiyatni de-fakto to‘liq egallab oladi. Shundan so‘ng mamlakatda norozilik boshlanadi.
Hodisalar rivoji
1980 yil 18 may yakshanba kuni ertalab garchi darslar bo‘lmasa ham Kvanju shahrida joylashgan Chonnam milliy universiteti darvozasi oldiga 200 nafar talaba namoyish o‘tkazish uchun yig‘iladi.
Talabalar mamlakat boshqaruvi harbiylar qo‘liga o‘tganidan norozi edi. Hodisa joyiga darhol 30 nafar desantchi harbiy yetib keladi.
Soat 10:00 larda harbiylar talabalarni tarqatish uchun kuch ishlata boshlaydi. Bunga javoban ular harbiylarga tosh uloqtirishadi. Tushdan keyin namoyish o‘tkazish joyi o‘zgaradi va talabalar hamda boshqalar shahar markazidagi Kimnamno dahasida to‘planadi.
Soat 16:00 da Kimnamnoga 700 ga yaqin harbiy yetib keladi va kuch bilan namoyishchilarni tarqata boshlaydi. Bunda ular namoyishchilarni maxsus tayoqlari bilan ayamay savalashadi. Oqibatda og‘ir tan jarohati olgan 29 yoshli yigit halok bo‘ladi.
Harbiylarning namoyishchilarga kuch ishlatgani va bir yigitni o‘ldirgani shaharga ovoza bo‘lgach 19 may kuni Kvanju ko‘chalariga yanada ko‘proq odam chiqadi. Ma’lumotlarga ko‘ra 20 may kuni ularning soni 10 ming nafarga yetadi.
20 may kuni Kvanjuga harbiylarning qo‘shimcha bo‘linmalari olib kelinadi. Ular bu safar namoyishchilarni o‘qotar qurollardan o‘qqa tutishadi.
Kvanjuda odamlarni o‘qqa tutishgani haqidagi xabar butun mamlakat bo‘ylab tarqalgach 20 may kuni tunda bu shaharga boshqa joylardan ham odamlar kela boshlaydi.
Juda ko‘p haydovchilar namoyishchilarga qo‘shilish uchun yuk mashinalari va boshqa maxsus transportlar bilan kelishadi. Ular harbiylarning yo‘llarini to‘sib qo‘yish uchun shunday qilishgandi.
21 may kuni Kvanjudagi Chonnam provinsiyasi ma’muriyati binosi oldiga va unga tutash ko‘chalarda 300 mingdan oshiq odam to‘planadi. Tushga borib harbiylar ularga qarata tartibsiz ravishda o‘q uza boshlaydi.
Bunga javoban namoyishchilar ham o‘sha atrofdagi politsiya bo‘limlariga bostirib kirishadi. Ular politsiyachilardan qurollarni tortib olishadi va harbiylarga javob o‘qlarini uzishadi. Shahar markazi namoyishchilar qo‘liga o‘tadi.
22 may kuni Kvanjuga bir necha armiya bo‘linmalari yuboriladi. Harbiylar shahar atrofini o‘rab olishadi. Shaharga kirib chiqish yopiladi.
23 may kuni Jivon-don shahridan Kvanjudagi kamoyishchilarga yordamga kelgan avtobus shahar chetida o‘qqa tutiladi. Oqibatda unda barcha odam halok bo‘ladi.
24 may kuni esa harbiylar Kvanju yaqinidagi suv omborida cho‘milayotgan bolalarni otib o‘ldirishadi. O‘sha kuni tunda harbiylar yanglishib bir-birini o‘qqa tutadi va 13 harbiy halok bo‘ladi.
Shahar harbiylar tomonidan o‘rab olinib qamal qilingan paytda uning ichida bo‘lgan namoyishchilar Hisob qo‘mitasini tuzishadi. Bu qo‘mitaga o‘qituvchilar, professorlar, talabalar yetakchilari va huquqshunoslar kiritiladi.
Qo‘mita hukumat oldiga o‘z talablarini qo‘yadi. Namoyishchilarning asosiy talabi mamlakatda harbiylar hukmronligini tugatish, demokratik saylov o‘tkazish edi. Biroq general Chon Du Xvan bu talablarni eshitishni ham xohlamaydi.
O‘z navbatida harbiylar ham shahardagi namoyishchilardan qo‘llaridagi qurollarni topshirish va uylariga tarqalishni talab qiladi. Biroq namoyishchilar hukumat talablarini bajarmasa tarqamasliklarini ma’lum qilishadi.
25 maydan boshlab Kvanjuga yaqin bo‘lgan Xvasun, Naju, Xenam, Mokpxo, Yonam, Kanjin va Muan shaharlarida ham namoyishlar o‘tkaziladi.
26 may kuni harbiylar Kvanjuga bostirib kirish rejasini ishlab chiqishadi. 27 may kuni shturm boshlanadi. Katta kuchga ega bo‘lgan harbiylar hech kimni ayashmaydi.
Shu tariqa 28 may kuni Kvanju va uning atrofidagi barcha shaharlarda harbiylar namoyishlarni ayovsiz tarzda bostirishadi.
Harbiylarning namoyishchilarga nisbatan juda shavqatsizlik qilayotganini ko‘rgan kvanjuliklar uylariga kirib yashirinishadi. Qo‘zg‘olon bostiriladi. Ungacha esa harbiylar ko‘plab insonlarni otib tashlashadi.
Hodisa qurbonlari va jarohatlanganlar
Kvanjudagi namoyishlarda tinch aholi vakillaridan 300 mingga yaqin odam qatnashgan. Namoyishchilarni tarqatish uchun 25 mingdan oshiq harbiy, qariyb 20 ming nafar politsiyachi jalb qilingan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, namoyishchilardan qariyb 200 kishi o‘ldirilgan, 80 ga yaqin inson bedarak yo‘qolgan. 3 500 dan oshiq odam turli darajada yarador bo‘lgan. Namoyish bostirilgach qariyb 1 500 kishi hibsga olingan.
Harbiylar va politsiyachilardan namoyishlarni bostirish paytida 22 askar (ulardan 13 nafari harbiylar yanglishib bir-birlarini otganda o‘lgan) va 4 politsiyachi halok bo‘lgan. 100 dan oshiq harbiy va 150 ga yaqin politsiyachi yaralangan.
Turli norasmiy ma’lumotlarda har ikki tarafdan halok bo‘lganlar va yaralanganlar soni rasmiy ma’lumotlarda aytilganidan bir necha barobar ko‘p bo‘lgani yozilgan. Ayniqsa namoyishchilar orasidan o‘lganlar va yaralanganlar soni ko‘p bo‘lgani aytiladi.
Kvanju qo‘zg‘oloni bostirilgandan so‘ng 1980 yil 16 avgust kuni general Chon Du Xvan prezident Chxve Gyu Xani batamom ag‘darib tashlaydi va o‘zi prezident bo‘lib oladi. Shundan so‘ng Chxve Gyu Xa katta siyosatdan ketadi va nafaqaga chiqadi.
Koreya Chon Du Xvanning harbiy boshqaruv davrida
Kvanju qo‘zg‘olonidan so‘ng Chon Du Xvan mamlakat konstitutsiyasini yangilaydi. Bu konstitutsiyada 1972 yilda qabul qilingan konstitutsiyaga qaraganda aholiga ko‘proq erkinlik berilgandi.
Biroq unda ham hokimiyatga juda keng vakolatlar berilishi nazarda tutilgandi. Shu sababli Koreya aholisida harbiylar hokimiyatiga qarshi norozilik saqlanib qolaveradi.
1983 yilda general Chon Du Xvan Myanmaga (Birmaga) davlat tashrifi bilan boradi. U poytaxt Rangundagi yodgorlik majmuasiga borganda bomba portlaydi va Koreya hukumatining 21 a’zosi halok bo‘ladi. Chon Du Xvan ikki daqiqa kech borgani uchun tirik qoladi.
1985-1986 yillarda Koreyada iqtisodiy o‘sish barqaror bo‘ladi va shu sababli harbiylar hokimiyatiga qarshi norozilik harakatlari biroz tinadi.
Biroq 1987 yilda Janubiy Koreyada Chon Du Xvan boshchiligidagi harbiylar boshqaruviga qarshi keng ko‘lamda namoyishlar boshlanadi.
Shundan so‘ng hukumat siyosiy islohotlar o‘tkazilishini va prezidentlik saylovlari umumxalq saylovlari ko‘rinishida o‘tkazilishini ma’lum qiladi. (Ungacha Koreyada prezidentni vakillar saylashgan.)
Shunda ham namoyishlar to‘xtamagach Chon Du Xvan iste’foga chiqishga majbur bo‘ladi. Shundan so‘ng uni va oilasini korrupsiyada ayblashadi va 1988 yilda general xizmat qilish uchun ibodatxonaga ketadi.
Oradan ikki yil o‘tgach uni hibsga olishadi va tergov boshlanadi. Bir necha yil davom etgan tergov jarayonlaridan so‘ng 1995 yilda general Chon Du Xvan hokimiyatni kuch bilan bosib olishda ayblanadi va o‘lim jazosiga hukm qilinadi. Biroq ko‘p o‘tmay o‘lim jazosi umrbod qamoq jazosi bilan almashtiriladi.
1998 yilda Koreyaga Kim De Chjun rahbar bo‘lgach u Chon Du Xvanni avf etadi. General qamoqdan ozod qilinadi. O‘shanda Koreya matbuoti qiziq bir hodisa tarixini yozib chiqadi.
Gap shundaki, 1980 yilda Kvanjuda bo‘lib o‘tgan namoyishlarda Kim De Chjun namoyishchilarning liderlari orasida bo‘lgan. O‘shanda u ham hibsga olinadi va o‘lim jazosiga hukm qilinadi.
Ko‘p o‘tmay Chjunga berilgan o‘lim jazosi umrbod qamoq jazosiga almashtiriladi. U bir muddat qamoqda yotgach general Chon Du Xvan Kim De Chjunni avf etadi.
1998 yilda prezident Kim De Chjun o‘sha “qarzni qaytargan” va bir paytlar jonini asrab qolgan generalni afv etib, uning jonini asrab qolgan edi.
Chon Du Xvanga ilk jazo berilganda unga davlatga yetkazilgan 370 mln dollarni to‘lab berish majburiyati ham yuklangan edi. General 2021 yilda 91 yoshida vafot etdi, biroq uning oilasi bu qarzni hamon to‘lab kelmoqda.
Bugun Janubiy Koreyada Kvanju qo‘zg‘oloni qatnashchilari milliy qahramonlar kabi eslanadi.
Kvanjuda ular sharafiga yodgorlik o‘rnatilgan. Aksariyat koreyaliklar aynan Kvanju qo‘zg‘oloni tufayli harbiy diktaturadan qutulganmiz deb hisoblashadi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.