Yevro kundaligi: Fransiyaga urilgan gol hisoblanmadi, ukrainlar kurashga qaytdi

Sport 07:50 / 22.06.2024 17305

Yevro-2024 turnirining navbatdagi, sakkizinchi kuni ortda qoldi. Yana uch o‘yin o‘tkazildi, muxlislar yana yangi syujyetlar va natijalarga guvoh bo‘lishdi. Har kunlik dayjestda bu bir necha soatlik futbol davomida nimalar bo‘lib o‘tganini hikoya qilamiz.

Ye guruhi. 2-tur

Slovakiya — Ukraina: ikki jamoa ham o‘yinda qoldi

Roman Yaremchuk Slovakiya darvozasiga g‘alaba golini urmoqda.
Uwe Kraft / imago images / Scanpix / LETA

Slovakiya – Ukraina 1:2
Gollar:
1:0 – 17 Shrans, 1:1 – 54 Shaparenko, 1:2 – 80 Yaremchuk.
Slovakiya – Dubravka, Pekarik, Shkrinyar, Vavro, Gansko (Suslov, 67), Kutska, Lobotka, Duda (Benesh, 60), Garaslin (Obert, 67), Shrans (Sauer, 86), Bojyenik (Strelets, 60).
Ukraina – Trubin, Timchik, Matviyenko, Zabarniy, Zinchenko, Yarmolenko (Zubkov, 67), Shaparenko (Taloverov, 90), Mudrik (Malinovskiy, 85), Sudakov, Brajko (Sidorchuk, 85), Dovbik (Yaremchuk, 67).

Ukrainlar bu o‘yinga Ruminiyadan qabul qilingan og‘ir zarba asoratlari bilan yetib kelishgandi. Sergey Rebrov xatolar ustida qanday ishlaganini kuzatish qiziq edi — Ukraina maydonni ijobiy natijasiz tark eta olmasdi, g‘alabadan boshqa har qanday natija turnirni erta tark etishni anglatardi.

Murabbiyning asosiy o‘zgarishi — darvozada Lunin o‘rniga Trubin paydo bo‘lishi bo‘ldi. Bu kutilgan yurish edi — «Real» darvozaboni birinchi o‘yin boy berilishida asosiy aybdor bo‘lgandi. Trubin esa darvozani yaxshiroq qo‘riqladi — kerakli pallalarda qutqardi va shunchaki ishonchli ko‘rindi.

Avvaliga o‘yin eski ssenariy bo‘yicha ketayotgandek edi — Ivan Shrans Yevrodagi ikkinchi golini urdi va slovaklarni oldinga boshladi. Bu gol ukrainlarni sergak torttirdi — Dubravka darvozasi atrofida ham vaziyatlar yuzaga kela boshladi. Ayniqsa Yarmolenko jarima maydoniga yorib Kirishi va kuchli zarbasi bilan ustunni titratishi yodda qoldi. Bo‘lim oxirida Mudrik darvozabon bilan yakkama-yakka qolganida zarba berish o‘rniga markaz tomon pas berdi va bu xato qaror bo‘lib chiqdi.

Ikkinchi bo‘limda slovaklar butunlay o‘z jarima maydoniga qamalib olishdi. Va bu muammo keltirib chiqardi — Shaparenko tanaffusdan qaytilganidan ko‘p o‘tmasdan Zinchenkoning qanotdan bergan uzatmasini hech qanday qarshilikka uchramasdan golga aylantirdi va hisobni tenglashtirdi. Shundan keyin o‘yin biroz tinchlandi, zaxiradan tushgan Yaremchuk o‘yin oxirlarida jarima maydonida to‘pni qabul qilib, uni darvozabon yonidan o‘tkazdi - 2:1. Bu vaziyatda ham slovaklar mudofaasi parokanda bo‘lib ketgandi — Romanni ikki himoyachi ham qo‘riqlay olmadi va darvozabon qiyin ahvolda qoldirildi.
O‘yin durang natijaga qarab ketayotgandi, ammo ukrainlar ularga ko‘proq ochko kerakligini ko‘rsatishdi.

E guruhida vaziyat qiziqarli tus olmoqda. Barcha barchani yengmoqda va katta ehtimol bilan so‘nggi turda barchasini noldan boshlashga to‘g‘ri keladi. Bugun Belgiya Ruminiyani mag‘lub etsa, guruhda to‘rt jamoada ham bir xilda ochko bo‘ladi.

Ye guruhida qolgan o‘yinlar:

Belgiya — Ruminiya, 22 iyun, 00:00;
Slovakiya — Ruminiya, 26 iyun, 21:00;
Ukraina — Belgiya, 26 iyun, 21:00.

D guruhi. 2-tur

Polsha — Avstriya: Levandovskining omadsiz qaytishi

Polsha – Avstriya 1:3
Gollar:
0:1 – 9 Trauner, 1:1 – 30 Pyontek, 1:2 – 66 Baumgartner, 1:3 – 78, penalti Arnautovich.
Polsha – Shchensni, Davidovich, Bednarek, Kiver, Frankovski, Zalevski, Zelinski (Urbanski, 87), Petrovski (Moder, 46), Slish (Grositski, 75), Buksa (Sviderski, 60), Pyontek (Levandovski, 60).
Avstriya – Pents, Posh, Trauner (Danzo, 59), Linhart, Mvene (Prass, 63), Zabitser, Laymer, Grillich (Vimmer, 46), Baumgartner (Shmid, 81), Zayvald, Arnautovich (Gregorich, 81).
Ogohlantirishlar: Slish (53), Vimmer (56), Moder (62), Levandovski (64), Arnautovich (70), Shchensni (77).

Levandovski — Yevro-2024ning bosh omadsizi. U maydonda emasligida (murabbiy uni jarohati tufayli zaxirada qoldirganida), hisob hali durang edi, polyaklar esa hali natijaga erishish uchun harakat qilayotgandi. Robert tashabbusni qo‘lga olishi va jamoaga ilk uch ochkoni olib kelishi uchun maydonga tashlandi, ammo barchasi aksincha tus oldi.

Polyaklar va avstriyaliklar o‘zaro uchrashuvga bir xil holatda yetib kelgandi. Ulardan birinchisi Yevro startida Niderlandiyaga, ikkinchisi — Fransiyaga mag‘lub bo‘lgandi. Ammo o‘yinning o‘zi teng kechmadi. Avstriyaliklar to‘qqizinchi daqiqadayoq Gernot Traunerning golidan yeyin hisobda oldinga chiqib oldi. Polshaliklar taslim bo‘lmadi va 30-daqiqada Kshishtof Pyontek hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi.

Ikkinchi bo‘lim baribir Rangnik shogirdlarining to‘liq ustunligida kechdi. Polyaklar yoki zaxiradan tushgan Levandovskiga ortiqcha ishonib yubordi, yoki shunchaki kuch yetmadi. Avstriyaliklar o‘yinni kuchaytirdi: Prass zaxiradan tushganidan uch daqiqa o‘tib Baumgartnerga assist berdi, yana bir necha daqiqadan keyin bu safargi Yevroning kulgili holatlaridan biri ro‘y berdi.

Zabitser Shchensni bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketdi. Darvozabon jamoasini qutqarishga berilib ketdi va butun gavdasi bilan avstriyalikni to‘sishga urindi, ammo raqib oyog‘i uning yuziga urildi, hakam esa darvozabonga sariq kartochka ko‘rsatib, penalti belgiladi. Darvozabon yuziga zarba qabul qilgani ustiga gol ham o‘tkazib yubordi. Arnautovich o‘n bir metrlik jarima zarbasini sovuqqonlik bilan ijro etib, o‘yin masalasini hal qildi.

Polyaklar ikkinchi turdan keyin ham nol ochko bilan qolishdi, bir necha soat o‘tib esa guruhning ikkinchi uchrashuvi natijasida pley-offga chiqish imkoniyatini butunlay yo‘qotdi. Levandovski va jamoa turnirni erta tark etgan ilk jamoaga aylandi — uchinchi tur ular uchun rasmiyatchilikka aylandi. Avstriyaliklar esa niderlandlar bilan jangga tayyorlanishni boshladi.

Niderlandiya — Fransiya: dastlabki nollar

Niderlandiya — Fransiya 0:0
Niderlandiya – Verbryuggen, Dumfris, de Vrey, van Deyk, Ake, Frimpong (Gertryuyda, 73), Shauten (Veynaldum, 73), Reynders, Simons (Verman, 73), Gakpo, Depay (Vegorst, 79).
Fransiya – Menyan, Kunde, Upamekano, Saliba, Ernandes, Rabio, Kante, Chuameni, Dembele (Koman, 75), Grizmann, Tyuram (Jiru, 75).
Ogohlantirish: Shauten (31).

Kunning eng ko‘p kutilgan uchrashuvi muxlislarning hafsalasini pir qildi: golsiz durang qayd etildi. Shu bilan birga, o‘yinni zerikarli o‘tdi deyish qiyin, jamoalar deyarli har o‘n daqiqada xavfli vaziyatlar yaratib turishdi.

O‘yin ko‘proq Fransiya xohlagan ssenariyda kechdi, Niderlandiya ham munosib qarshilik ko‘rsatdi — muntazam ravishda qarshi hujumlarga chiqdi va bir necha yaxshi vaziyatlarga ega bo‘ldi. Fransuzlar ko‘p hollarda Grizmann gol urishi uchun sharoit yaratishga harakat qilishdi — Antuan milliy jamoa safida 44 gol urgan, keyingisi yubiley bo‘lishi kerak.

Niderlandlar Xavi Simonsning mahoratiga ishonch bildirishdi — va yosh futbolchi ham bu o‘yinga o‘zgacha ishtiyoq bilan tushgani ko‘rinib turardi. Ikkinchi bo‘limda u raqib darvozasini ishg‘ol ham etdi.

Ammo VAR aralashuvi bilan gol bekor qilindi — ofsayddagi Dyumfris fransuzlar darvozaboni Menyanga xalaqit bergan deb topildi.

Ko‘p o‘tmay Xavi almashtirildi, u juda tushkun holatda maydonni tark etdi.

Fransiya milliy jamoasi burnidagi jarohati tufayli zaxirada qolgan Mbappesiz ham o‘ynay olishini namoyish etdi — Tyuram, Grizmann va kutilmaganda Rabio ham vaziyatlar yaratdi. N'Golo Kante esa xuddi Saudiya Arabistonida emas, hali ham kuchli chempionatlardan birida o‘ynayotgandek holatda. U qatorasiga ikkinchi o‘yinda eng yaxshi futbolchi deb topildi.

Durang natija ikki jamoani ham amalda pley-offga olib chiqdi. So‘nggi turda bu ikki jamoa birinchi o‘rin uchun sirtdan kurash olib borishadi. Ayni vaqtda urilgan gollar soni hisobiga niderlandlar guruh jadvalida yuqoriroq o‘rinda, ammo Fransiyada so‘nggi turda hech qanday motivatsiyaga ega bo‘lmagan Polsha bilan o‘yinda vaziyatni o‘zgartirish imkoniyati bo‘ladi.

D guruhida 3-tur o‘yinlari

Niderlandiya — Avstriya, 24 iyun, 21:00;
Fransiya — Polsha, 24 iyun, 21:00.

Ko‘proq yangiliklar: